Bilasizmi?

5317 marta o'qildi
AVIATSIYA

Inson qadim-qadimdan qush kabi uchishni, burgutdek baland tog‘ cho‘qqilari ustida parvoz qilishni orzu qilib kelgan. Ertaklardagi «uchar gilam» va «uchar ot»lar bekorga to‘qib chiqarilmagan.

Inson qadim-qadimdan qush kabi uchishni, burgutdek baland tog‘ cho‘qqilari ustida parvoz qilishni orzu qilib kelgan. Ertaklardagi «uchar gilam» va «uchar ot»lar bekorga to‘qib chiqarilmagan. Ajdodlarimizdan qaysi biri bolaligida varrak uchirmagan? Varrak, qushlar, «uchar gilam» va «uchar ot»lar insonning uchadigan mashinalarni o‘ylab topishiga turtki bo‘ldi. Qush kabi uchadigan apparatlar — havodan og‘ir uchish apparatlarining dastlabki chizmalari o‘rta asrlarda yashagan buyuk italyan olimi Leonardo da Vinchi qo‘lyozmalarida topildi. Undan keyin ko‘pgina ixtirochilar juda g‘aroyib uchish apparatlari yaratishga urinib ko‘rishdi. 1882-yilda rus dengiz ofitseri A. F. Mojayskiy osmonga ko‘taraoladigan dunyoda birinchi samol­yot qurdi. Unda hozirgi samolyotning barcha asosiy alomatlari: tana (korpus), qanotlar, dum, qanot, shassi, boshqarish mexanizmlari, motor qurilmasi bor edi. Sinovlardan birida samolyot yerdan bir oz ko‘tarildi-yu, lekin yoni­ga qiyshayib borib, yerga quladi va qanotlarini sindirib oldi. Amerikalik aka-uka Raytlarga bu ishda omad kulib boqdi: 1903-yil 17-dekabrda ularning kerosin bilan ishlaydigan dvigatelli aeroplanlari osmonga ko‘tarildi va 32 metr joygacha uchib bordi. Shu tariqa aviatsiya (lotincha «avis» – qush) dunyoga keldi. 20-asr boshida aviatsiya jadal rivojlana boshladi. Butun dunyoda birin-ketin samoly­ot­larning turli-tuman konstruksiyalari yaratildi, gidrosamolyot deb ataladigan uchar qayiqlar qurildi. 1909-yilda fransuz konstruktor-uchuv­chisi L. Blerio o‘zi qurgan «Blerio-XI» samolyotida Lamansh bo‘g‘ozi orqali Fransiyadan Angliyaga uchib o‘tdi. Rus konstruktori A.N Tupolev yaratgan ANT-3 samolyotida 1926- yili uchuvchi M. Gromov Yevropani aylanib uchib o‘tdi. Amerikaning «Rayan» firmasida tayyorlangan samolyotda uchuvchi Ch. Lindberg 1927-yilda birinchi marta AQSHdan Atlantika okeani orqali Yevropaga uchib o‘tdi. A. N. Tupolev rahbarligida loyihalangan ANT-4 (TB-1) samolyotida 1929-yilda uchuvchi S.A.Shestakov Moskvadan parvoz qilib, Sibir, Tinch okean orqali 20000 kilometr masofani bosib o‘tib, Nyu-Yorkka qo‘ndi. V.Chkalov, G.Baydukov va A.Belyakov 1937-yilda ANT-25 samolyotida Moskva – Shimoliy qutb – Vankuver (AQSH) marshrutini qo‘nmay uchib o‘tishdi. Amerikaning «Duglas» firmasi tayyorlagan DS-3 samolyotidan dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida ancha yillar davomi­da yo‘lovchilar tashishda foydalanildi. Biroq, bu samolyotlar kam o‘rindiqli va uchish tezligi kichik bo‘lganligi sababli 50-yillarga kelib yo‘lovchi va yuklarni tashishda qoniqtirmas edi. Rossiya, Angliya, Germaniya, Italiya va AQSH da reaktiv dvigatel yaratish borasida qizg‘in ish olib borildi. 1949-yil Angliyada 40 o‘rinli «Komet» tipidagi, 1955-yilda sobiq Ittifoqda 100 o‘rinli «Tu-104» reaktiv samol­yotlar ucha boshladi. Shundan so‘ng AQSH da «Boing» tipidagi, Angliyada «Britaniya» va «Vaykaunt», Fransiyada «Karavella», sobiq Ittifoqda Tu-114, «Tu-154», Tu-134» Il-18, «Il-62», «Il-76», «Il-86» «An-24» «Yak-40», Yevropa mamlakatlari firmalari bilan birgalikda loyihalangan «A-300», «A-310», «A-320» va boshqa samolyotlar yaratildi. Ko‘p mamlakatlarda 1960-yillar oxiridan boshlab tovushdan tez uchar samolyotlar yara­tish ustida qizg‘in ish olib borildi. Sobiq Ittifoqda «Tu-144», Angliya va Fransiyada «Konkord», AQSHda «Boing–2707» samolyotlari yaratildi. Bular soatiga 2500—3000 kilometr tezlik bilan bir necha ming kilometr masofaga qo‘nmay ucha oladi. Bu orada vertolyotlarning turli xillari yaratildi.

O‘zbekistonda samolyotlar ishlab chiqarish 40-yillarda boshlangan. 1941-yili Ximki shahri (Moskva viloyati) dan Toshkentga ko‘chirib keltirilgan V. P. Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi negizida barpo qilinganToshkentaviatsiya zavodi (1996-yildan «Toshkentaviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi» davlat aksiyadorlik jamiyati)da dastlab jangovar samolyotlar tayyorlangan. Urushdan keyingi yillarda IL-14, 1958-yildan transport samolyotlari, 1966 yildan AN-22 – «Antey» samolyotlari, 70-yillar boshlaridan IL-76 samolyotlari ishlab chiqarilgan. 90-yillarda uning asosiy mahsuloti IL-76 MF transport samolyoti bo‘ldi, 1992-yildan mahalliy havo yo‘llarida uchishga mo‘ljallangan IL-114 samolyotlari (64 o‘rinli) o‘zlashtirildi. 1997-yilda S.Ilyushin nomidagi aviatsiya kompaniyasi (Rossiya) IL-114 samolyotini ishlab chiqarish va IL-76 MF samolyotini ta’mirlash huquqini beradigan xalqaro sertifikatlarniToshkentaviasozlariga topshirdi.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish