Bilasizmi?

5327 marta o'qildi
AVTOMAT

Qadimgi yunon tilida «automatos» so‘zi «o‘zi harakatlanuvchi» ma’nosini bildirgan. Siz qadimgi yunonlarda o‘zi harakatlanuvchi avtomat qurilmalar bo‘lganmi deb so‘rarsiz. Ha, bo‘lgan ekan.

Qadimgi yunon tilida «automatos» so‘zi «o‘zi harakatlanuvchi» ma’nosini bildirgan. Siz qadimgi yunonlarda o‘zi harakatlanuvchi avtomat qurilmalar bo‘lganmi deb so‘rarsiz. Ha, bo‘lgan ekan. Masalan, bundan 2000 yil ilgari ibodatxonalardan birida «muqaddas» suv sotadigan avtomat bo‘lgan. Dinga ishonuv­chilar uning qanday ishlashini bilishmagan va shuning uchun ham bu «automatos»ni buyuk mo‘jiza deb hisoblashgan. Hozir biz suv sotadigan avtomatga, yoki bo‘lmasa, jiringlaydigan soatga (budilnikka) qulluq qilishni xayolimizga keltirmaymiz: axir, tanga tashlasangiz o‘z-o‘zidan suv chiqaradigan qurilma ham, o‘zi ham vaqtni ko‘rsatib, ham siz xohlagan paytda jiringlaydigan soat ham avtomat tarzda ishlaydi-ku. Biz o‘zi harakatlanuvchi qurilmalarga allaqachon o‘rganib qolganmiz. Avtomatlar tangangizni maydalab beradi, ko‘cha harakati xavfsizligini ta’minlaydi, poyezd va samolyotlarni boshqaradi, kosmosga uchadi, Oyni tadqiq qiladi... Avtomat stanoklar metall va plastmassaga ishlov beradi, gazlama to‘qiydi, vintlar, tugmalar, konfetlar, tabletkalar, muzqaymoq idishchalari, tish pastalari, plyonkali kassetalar ishlab chiqaradi, hatto chuchvara tugadi. Xullas, avtomatlar bajaradigan ishlar juda ko‘p. Avtomatlar minglab turli narsalarni va turli ishlarni odamlarga qaraganda tezroq va aniqroq bajaradi. Avtomat charchamaydi va xato qilmaydi, u qizib turgan pech ichida ham, poyonsiz muzliklarda ham, yer, suv ostida va ochiq koinotda ham ishlay oladi. Avtomat-stanoklarchi! Ular bir-birlari bilan «kelishib» ishlaydi. Shu yo‘sin qator avtomatik stanoklar bir-biriga ulanib, avtomatik liniya hosil qilinadi. Birinchi stanok zagotovkani ishlab, boshqasiga o‘tkazadi. Ikkinchi avtomat-stanok o‘ziga tegishli ishni bajarib bo‘lgach, yonidagiga uzatadi. Oxirgi stanokdan esa tayyor mahsulot: traktor shesternyalari yoki konserva bankalar, sharikli podshipniklar yoki elektr lampochkalar chiqadi. Hozirgi paytda butun boshli avtomat zavodlar ham bor. Ular o‘z ishlarini hormay-tolmay, bir zumda aniq bajaradi. Shunday katta zavodni bir necha kishigina boshqarib turadi. Har bir avtomatning o‘z «sezgi a’zolari» bor. Avtomat odamga xavf tug‘ilganligini «ko‘rib» qolsa, darhol stanokni to‘xtatadi. U harorat o‘zgarishlarini ham «sezadi»: dazmol, sovitkich, elektr pechni dam ulab, dam uzib turadi. Avtomatik «burun» shaxtadagi xavfli gaz hidini «sezib», signal beradi, avtomatik «quloq»lar avtomashina gudogini eshitib, darvozani ochadi. Avtomatik «qo‘l»lar, «ko‘z»lar, «burun», «quloq»lar dedik. Xo‘sh, «miya»chi? Aqliy ishlarni bajara oladigan avtomatlar yaratish mumkinmi? Ha, mumkin ekan. Hozir murakkab hisoblash ishlarini bajaradigan, loyihalar, chizmalarni chizadigan avtomatlar bor. Odamlar murakkab avtomatik boshqarish mashinalari yasashni, haqiqiy «elektron miyalar» yaratishni o‘rganib olishdi. Bunday mashinalar domna yoki elektr stansiya yaxshi ishlashi uchun, raketa to‘g‘ri parvoz qilishi uchun qachon nima qilish kerakligini o‘zi hisoblab, o‘zi hal qiladi. Shuningdek, faqat hisoblab, hal qilibgina qolmaydi. Uning o‘zi boshqa avtomatlarga zarur buyruqlarni beradi va bu buyruqlar qanday bajarilganligini tekshirib ko‘radi. Avtomat qorovul, sotuvchi, ishchi, buxgalter, muhandis, uchuvchi... Bularning hammasi hozir bor, ishlab turibdi, odamlarga yordam bermoqda. Xo‘sh, ertagi kunning avtomatlari qanday bo‘ladi? Ularni yaratuvchi kishilar nimalarni orzu qilishadi, nimalar ustida ishlashmoqda? Kasalning harorati va qon bosimini o‘zi o‘lchaydigan, tomir urishini sanaydigan, yurak va o‘pkasini eshitib ko‘radigan avtomat-shifokorni tasavvur qiling. Uning o‘zi kasallikni aniqlaydi va qanday davolash kerakligini belgilaydi... Yangi, yanada mukammalroq avtomatlarni yaratish uchun eng bilag‘on, eng qobiliyatli, eng ishchan olim va muhandislar, texnik va ishchilar — o‘z ishining haqiqiy ustalari kerak. Bular esa sizlarning ichingizdan yetishib chiqadi.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish