Bilasizmi?

4484 marta o'qildi
AVTOMOBIL

Odamlar qadimdan ot qo‘shmasdan o‘zi yuradigan arava yasashni orzu qilishgan. Buning­ uchun ular nimalar o‘ylab topishmadi deysiz: richaglar, pedallar va tishli g‘ildiraklar... yasashdi, hattoki, aravaga yelkan ham o‘rnatib ko‘rishdi...

Odamlar qadimdan ot qo‘shmasdan o‘zi yuradigan arava yasashni orzu qilishgan. Buning­ uchun ular nimalar o‘ylab topishmadi deysiz: richaglar, pedallar va tishli g‘ildiraklar... yasashdi, hattoki, aravaga yelkan ham o‘rnatib ko‘rishdi... Va, nihoyat, 1770-yilda fransuz muhandisiN. Kyunoaravaga ot o‘rniga bug‘ mashinasini «qo‘shishga» qaror qildi, so‘ngra bu g‘aroyib qurilmani «avtomobil» (yunoncha so‘z bo‘lib, o‘zbekchada «o‘zi yuruvchi» ma’nosini anglatadi) deb atadi.

Oldiga mis qozon osilgan, uning orqa­sidagi o‘rindiqqa esa haydovchi o‘tirib olib, rulni u yoqdan-bu yoqqa burayotgan bunday arava shahar ko‘chalarida yura boshladi. U bir oz yuradi-da, to‘xtaydi, demak qozonda bug‘ tugab qolgan. Bug‘ bo‘lmasa, mashinaning g‘ildiraklari aylanmaydi. Haydovchi aravadan tushib, o‘txonaga o‘t yoqadi va qozondagi suvni qaynatadi, shundagina bug‘ hosil bo‘lib, arava yana yo‘lida davom etadi. Bunday haydovchini bekorga shofyor deyishmagan (fransuzcha «shofyor» so‘zi «o‘t yoqar» ma’nosini anglatadi).

Inglizlar esa boshqa narsani o‘ylab topishdi: kareta — aravaga bug‘ qozonini «qo‘­shib», yo‘lovchilarni tashiy boshlashdi. Shahar ko‘chalarida mo‘risidan buriqsib tutun chiqib turgan g‘alati ko‘rinishdagi bug‘ avtobuslari gumburlab va taraqlab yura boshladi. Bunday avtobusda yurish ham noqulay, ham havfli bo‘lgan: har daqiqada qozon portlab ketishi mumkin edi.

Keyinroq bug‘ mashinasi o‘rniga benzinli dvigatel, ya’ni motor o‘rnatildi. 1886-yilda nemis mexanigi Karl Bens motorni izvosh arava­ga moslashtirdi. Ana shu arava benzin bilan yuradigan birinchi avtomobil bo‘lib qoldi.

Benzin bilan yuradigan avtomobillar yildan-yilga ko‘paya bordi. Ularning tashqi qiyofasi o‘zgardi, konstruksiyasi yaxshilandi, tezligi oshdi. Lekin avtomobilning bir narsasi o‘zgarmadi – u hali ham motorli aravali­gicha qoldi. Oldiniga u faqat yo‘lovchilar tashib yurdi, lekin tezda yuk ham tashiy boshladi. Ana shunday qilib, avto­mobil­larning uch oilasi: yengil avtomobillar, yuk avtomobillari va avtobuslar paydo bo‘ldi. Birin-ketin (1924-yildan 2000-yilgacha) Amerika, Germaniya, Yaponiya, Angliya, Italiya, Rossiya,. Chexoslovakiya, Janubiy Koreya, Fransiya, Shvetsiya, Belorussiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarda AMO-F-1,5 («polutorka», ya’ni bir yarim tonna yuk ko‘taradigan yuk avtomobili), GAZ-A, ZIS-110, «Ford», «Mersedes», «Moskvich», «Pobeda», MAZ-200, «Volga», «Chayka», «Zaporojes», «Jiguli», «Oka», «Tavriya», ZIL, KamAZ, «Ural», «Opel», «Volvo», «Pejo», «Reno», «Fiat» va boshqa rusumli avtomobillar ishlab chiqarildi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng avtomobil sanoati rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shildi. Janubiy Koreya­ning DEU korporatsiyasi bilan hamkorlikda yengil avtomobillar ishlab chiqaradigan «O‘zDEU avto» qo‘shma korxonasi tuzilib, Andijon viloyatining Asaka shahrida «Neksiya», «Damas», «Tiko» rusumli yengil avtomashinalar (1996-yildan), Turkiyaning «Kochxolding» kompaniyasi bilan hamkorlikda avtobus va turli yuk avtomashinalari ishlab chiqaradigan «SamKochAvto» qo‘shma kor­xonasi tuzilib, Samarqand shahrida M 23.9, M24.9, M29 rusumli avtobuslar va 35.9, 65.9, 80.12 rusumli har xil yuk avtomashinalari (1999-yildan) ishlab chiqarila boshlandi.

Xuddi odamlarga o‘xshab, avtomobillarning ham kasblari ko‘p: ularning ichida o‘t o‘chiruvchi va sanitarlar ham, xat tashuvchi va montyorlar ham, yuk tashuvchi va ko‘cha supuruvchilar ham, jangchi va sportchilar ham bor. Ba’zilari o‘zining ulkanligi va bahodirona kuchi bilan kishini hayratga soladi. Masalan, Belorussiya avtozavodining 65 tonnali BelAZ-524 samosvali ana shunday ulkan va pah­lavondir. Bir galning o‘zida 120 tonnagacha yuk tashiy oladigan haqiqiy pahlavonlar — maxsus avtopoyezdlar ham bor. Ular katta-katta qurilish va konlarda ishlashadi, tuproq, shag‘al, ruda tashishadi.

Bahaybat samosval oldida yengil mashina o‘yinchoqdek ko‘rinadi. Lekin u juda qulay va tezyurar. «Volga» avtomobili soatiga 145 kilometrgacha, «Chayka», «Neksiya» esa 200 kilometrgacha yo‘l bosa oladi.

Tez yurish va og‘ir yuklarni ko‘tarish uchun qudratli yurak va baquvvat muskullar kerak. Avtomobilning yuragi uning motoridir. Motor energiyasini g‘ildiraklarga uzatib turadigan vallar esa uning muskullaridir.

Mana, shofyor mashinani o‘t oldirdi, star­terni bosdi, elektr uchquni dvigatel silindrlari­dagi yonuvchi aralashmani alangalantirdi, shunda hosil bo‘lgan gaz bosimi ta’sirida porshenlar harakatga kela boshladi, vallar aylanib, g‘ildiraklar qo‘zg‘aldi.

Motor qanchalik kuchli bo‘lsa, mashina shuncha tez yurishi va ko‘p yuk tashishi mumkin. Mana shuning uchun ham eng kuchli dvigatellarni poyga avtomobillariga, tyagachlar (shatakchi avtomobil yoki traktorlar) va ko‘p tonnali samosvallarga o‘rnatishadi.

Avtomobildan hamma yerda: xo‘jalikda ham, uy-ro‘zg‘orda ham, hatto dam olish paytida ham foydalaniladi. Shuning uchun kundan-kunga avtomobillarning soni ortib bormoq­da. Bu esa bir tomondan yaxshi, bir tomondan yomon. Nima uchun yaxshiligi hammaga ma’lum: avtomobil odamning eng yaqin yordamchisi. Lekin millionlab avtomobillar har daqiqada havoga chiqaradigan zararli gazlar sayyora havosini bulg‘aydi. Demak, benzin bilan emas, balki boshqa zararsiz yonilg‘i bilan yuradigan dvigatellar va butunlay boshqa konstruksiyadagi avtomobillar kerak ekan. Hozirgi kunda vodorod, gaz, elektr energiyasi, hatto quyosh energiyasi yordamida yuradigan avtomobillar paydo bo‘lmoqda.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish