Bilasizmi?

4482 marta o'qildi
AZOT

Bundan taxminan ikki yuz yil avval olimlar atmosferada nafas olish uchun yaroqsiz va yonmaydigan gaz borligini kashf etishgan. Atmosfera havosining deyarli 4/5 qismi mana shu gazdan iborat.

Bundan taxminan ikki yuz yil avval olimlar atmosferada nafas olish uchun yaroqsiz va yonmaydigan gaz borligini kashf etishgan. Atmosfera havosining deyarli 4/5 qismi mana shu gazdan iborat. Yangi kashf etilgan gaz «azot» deb ataldi. Yunonchadan tarjima qilinganda «hayotsiz» degan ma’noni anglatadi. Oddiy laboratoriya sharoitida azot boshqa elementlar bilan biri­kishni «xohlamagan». Lekin tez orada azotning tabiatda ko‘pincha boshqa moddalar bilan birikkan holda uchrashi, masalan, uning selitra tarkibida bo‘lishi aniqlandi. Selitrani odamlar qadimdan bilishgan va undan dehqonchilikda o‘g‘it sifatida foydalanishgan. Azotning lotincha nomi — «nitrogenium» «selitra hosil qiluvchi» ma’nosini bildirishi ham shundan.

Atmosferadagi azot boshqa moddalar bilan qanday qilib birikar ekan?

Birinchidan, bu hodisa momaqaldiroq paytida yuz beradi. Yashin bir necha daqiqada havoning haroratini shu daraja oshirib yuboradiki, chaqmoq chaqqan joydagi azot molekulalari shiddatli ravishda kislorod, vodorod va boshqa element molekulalari bilan birika boshlaydi. Yomg‘ir esa bu birikmalarni eritib, birgalikda yerga olib tushadi.

Ikkinchidan, azotning boshqa moddalar bilan birikishi tuproqda yashaydigan «azot to‘plovchi» bakteriyalarning ayrim turlari tufayli sodir bo‘ladi; bu tabiatda ham birikishning asosiy yo‘li hisoblanadi. Azot to‘plovchi bakteriyalar o‘simliklar va hayvonlardan farqli ravishda, azotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri havodan yutib oladi va ularning organizmida azot boshqa moddalar bilan birikadi. Shu tarzda azot tuproqda to‘plana boradi. Azot oqsil moddalari tarkibiga kiradi. Oqsil esa bakteriyalar, o‘simliklar, hayvonlar va, nihoyat, odam kabi barcha tirik mavjudotning asosidir. Demak, azotsiz Yerda hayot ham bo‘lmagan bo‘lardi.

O‘simliklar tuproqdan azot birikmalariga boy bo‘lgan oziq moddalarni olib, quyosh nuri yordamida shu moddalardan yangi hujayralar hosil qiladi.

O‘txo‘r hayvonlar o‘zining hayot faoliyati uchun zarur bo‘lgan azotni o‘t va yaproqlardan oladi. Yirtqich hayvonlar esa o‘txo‘r hayvonlar go‘shtini yeb, shu orqali o‘ziga kerakli azotga ega bo‘ladi.

Hayvon yoki o‘simlik nobud bo‘lganida azot yana tuproqqa qaytadi va bu hodisa shu zaylda yana boshidan boshlanadi. Dvigatel va o‘txonalarda yondirilgan yonilg‘ilardagi azot esa tuproqqa qaytmay, to‘g‘ri atmosferaga chiqib ketadi. Azotning tabiatda doimo aylanib turishi shu tarzda amalga oshadi.

Azot birikmalari faqat dalalarga o‘g‘it sifatida ishlatilibgina qolmaydi. Tarkibida azot bo‘lgan moddalardan inson sun’iy tolalar, dori-darmonlar, portlovchi moddalar tayyorlashda va boshqa ko‘pgina maqsadlarda foydalanadi.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish