Bilasizmi?

4709 marta o'qildi
Barg

Avvallari odamlar barg o‘simliklarning foydasiz zeb-ziynati, ularning asosiy zahmatkash qismi esa ildiz deb o‘ylashgan.

Avvallari odamlar barg o‘simliklarning foydasiz zeb-ziynati, ularning asosiy zahmatkash qismi esa ildiz deb o‘ylashgan. Vaqtlar o‘tib fan yashil barglarsiz o‘simliklarning yashashi u yoq­da tursin, hatto Yer yuzida umuman hayot bo‘lishi mumkin emasligini isbotlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, barg hujayralaridagi alohida modda — xlorofillning yashil donachalarida suv va karbonat angidrid gazining qand va kraxmalga aylanishi sodir bo‘lar ekan. Ma’lumki, qand va kraxmalsiz yashashimiz mumkin emas. Bu jarayonda barglardan barcha tirik mavjudot nafas olishi uchun zarur bo‘lgan kislorod ajralib chiqadi.

Yashil bargni hayotning buyuk fabrikasi deb atash mumkin. Havodagi karbonat angidrid gazi va o‘simlikda doimo mavjud bo‘lgan suv bargning asosiy xomashyosi, harakatga keltiruvchi kuch esa yorug‘likdir. Yashil bargga yorug‘lik ta’sir etishi bilan «fabrika» suv va karbonat angidrid gazini kraxmal va qandga aylantira boshlaydi. Yorug‘lik bo‘lmasa xlorofill donachalarida sodir bo‘ladigan jarayonning hammasi to‘xtab qoladi.

O‘simlik o‘zining o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan moddalarni o‘z tanasida shu tariqa to‘play boradi. Bu moddalar odam va hayvonlar uchun ozuqa bo‘lib xizmat qiladi.

O‘simliklar havoni ortiqcha karbonat angidrid gazidan tozalaydi va Yerdagi kislorod za­xirasini uzluksiz yangilab va to‘ldirib turadi. Barglar o‘z tarkibidagi xlorofill donachalari tufayli doimo yashil bo‘lib turadi. Ular Quyosh spektridagi yashil rangli nurdan boshqa barcha nurlarni yutish xususiyatiga ega. Xlorofill donachalari yashil nurlarni qaytargani uchun barg va o‘tlar bizga yashil bo‘lib ko‘rinadi.

Barglarning shakli turlicha bo‘lib, kattaligi bir necha millimetrdan yigirma metrga (palma, ba­nan) yetadi. Barg ba’zi o‘simliklarda bir necha haftada to‘ki­ladi, ba’zilarida esa o‘n besh yilgacha turaveradi.

 

Bolalar ensiklopediyasidan. 


Orqaga qaytish