Bilasizmi?

5080 marta o'qildi
Boks

Bokschining zarbasi qancha kuchga ega? Buni juda aniq bilish mumkin. Bokschi maxsus asbobga o‘rnashtirilgan charm yostiqchani zarb bilan uradi. Prujina siqiladi va strelka prujina qanday kuch bilan siqilganini ko‘rsatadi.

Bokschining zarbasi qancha kuchga ega? Buni juda aniq bilish mumkin. Bokschi maxsus asbobga o‘rnashtirilgan charm yostiqchani zarb bilan uradi. Prujina siqiladi va strelka prujina qanday kuch bilan siqilganini ko‘rsatadi.

Boks bilan shug‘ullanmaydigan kishining zarbasi 60–80 kilogramm keladi. Mashhur bokschilarning zarbasi esa 300 kilogramm­ga boradi. Ularning zarbasi shuning uchun ham kuchliki, bokschilar faqat qo‘l bilangina emas, balki butun gavda bilan intilib zarba beradilar. Bunday qattiq zarba natijasida bokschi o‘z barmoqlarini shikastlantirishi va raqibini ham mayib qilishi mumkin. Shuning uchun oli­shuv oldidan bokschilar qo‘l panjalarini bint bilan mahkam bog‘laydilar va ichiga jun to‘lg‘izilgan qo‘lqop kiyadilar.

Musobaqalarda bir xil vazndagi bokschilar uchrashadilar. Bokschilar, shuningdek, malakasiga qarab, o‘spirinlar va yigitlar esa yana yoshiga qarab guruhlar (13–14; 15–16; 17–18 va 18 yoshdan yuqori yoshlilar)ga bo‘linadi. Kattalar va yigitlarning yosh guruh­lari o‘z navbatida o‘smirlar 15, o‘spirinlar (yoshlar) 13 va kattalar 12 vazn toifasiga bo‘linadi. Musobaqa vaqtida qorindan pastga, ensaga va orqaga, shuningdek, yiqilgan raqibni urish taqiqlanadi. Boksda 2 minutdan 5 raund bellashadilar. Orada 1 minutdan tanaffus qilinadi. 14–15 yoshdagi sportchilar 1,5 minutdan 2 raund boks tushadilar. Kim raqibiga ko‘proq aniq zarba bersa [buni maydoncha(ring)ning to‘rt tarafida o‘tirgan hakamlar ochkolarni hisoblab, so‘ng belgilaydilar] yoki kim raqibini nokaut qilsa (ya’ni, qattiq zarba natijasida raqibi yiqilib, jangni davom ettira olmasa), o‘sha bokschi g‘olib hisoblanadi.

O‘zbek boks maktabi dunyoda e’tirof etilmoqda. Bokschilarimiz AQSH, Kuba, Polsha, Ruminiya, Vengriya, Buyuk Britaniya charm qo‘lqop ustalari qatori xalqaro musobaqa va qit’a turnirlarida faxrli o‘rinlarni egallamoqdalar. Rufat Risqiyev, Artur Grigoryan, Muhammadqodir Abdullayev, O‘tkirbek Haydarov, Ruslan Chagayev, To‘lqinboy Turg‘unov, Dilshod Yorbekov, Lazizbek Zokirov va boshqalarning nomi jahonga tanilgan.

 Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish