Jahon mamlakatlari

5354 marta o'qildi
BELGIYA

(Belgiya Qirolligi)

Maydoni – 30500 kvadrat kilometr.

Aholisi – 10100000 kishi.

BELGIYA

(Belgiya Qirolligi)

Maydoni – 30500 kvadrat kilometr.

Aholisi – 10100000 kishi.

 Yevropada joylashgan bu mamlakat uncha katta emas: maydoni Buxoro viloyatidan kichikroq. Uni avtomobilda to‘rt-besh soatda aylanib chiqish mumkin. Belgiya turli davrlarda goh Fransiya va Germaniya, goh Ispaniya, Avstriya va Gollandiyaga qaram bo‘lgan. Faqat 1830-yilga kelib mustaqillikka erishdi.

Mamlakatda ikki millat: vallonlar va flamandlar yashaydi. Bu yerga birinchi marta kelgan kishi barcha yozuv va ko‘rsatkichlar ikki tilda – fransuz (vallonlar shu tilda so‘zlashadi) va flamand tillarida yozilganiga e’tibor beradi.

Bugungi Belgiya – yuksak rivojlangan davlat. Mamlakatda cho‘yan, po‘lat, mis, avtomobillar, stanoklar, elektr apparatlari, kimyoviy moddalar, oyna, gazmol, gilam ishlab chiqariladi.

Belgiyaliklar qishloq xo‘jaligiga ham katta e’tibor berishadi. Don, kartoshka, sabzavot yetishtirishadi. Mamlakatda sersut sigir zotlari bor.

Dengizdan esuvchi nam shamol qishda sovuqning, yozda issiqning taftini pasaytirib turadi. Daryolari muzlamaydi. Qishda tez-tez osmonni bulut va tuman bosadi, yozi salqin, yomg‘ir va momaqaldiroq ko‘p bo‘ladi.

Belgiyaning markaziy qismida temiryo‘l va avtomobil yo‘llari, daryo va kanallar juda ko‘p, hayot ham jo‘shqin. Bu yerda ko‘mir konlari, yirik zavod va fabrikalar bor.

Daryo vodiylari bo‘ylab shahar va shaharchalar bir-biriga ulanib ketgan. Belgiyaning eng katta porti — Antverpenda dunyoning hamma mamlakatlaridan kelgan kemalarni ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari Belgiya gullar, jilvador to‘rlar, zargarlik buyumlari, qadimiy yodgorliklar, me’moriy obidalar mamlakati hamdir.

Belgiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1992-yil diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.

 

(Bolalar ensiklopediyasidan) 


Orqaga qaytish