Jahon mamlakatlari

5083 marta o'qildi
BRAZILIYA

(Braziliya Federativ Respublikasi)

Maydoni – 8512000 kvadrat kilometr.

Aholisi – 171800000 kishi.

BRAZILIYA

(Braziliya Federativ Respublikasi)

Maydoni – 8512000 kvadrat kilometr.

Aholisi – 171800000 kishi.

 

Braziliya Janubiy Amerikadagi eng katta davlat. Bundan 500 yilcha avval Braziliya qirg‘oqlariga portugaliyalik dengizchi Pedru Kabral kemasi kelib to‘xtadi. Kabral qirg‘oqqa qadam qo‘yishi bilan, bu yerlar endi Portugaliya mulki bo‘ladi, deb e’lon qildi. U yerda yashaydigan indeyslar bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatdilar, ammo yengildilar. Indeys­larning bir qismi qullikka tushdi, qolganlari mamlakat ichkarisidagi qalin tropik changalzorlarga yashirindi.

Bosqinchilar mamlakatdan oltin, asl toshlar, qimmatbaho daraxt yog‘ochlarini, ayniqsa, pau-brazil deb ataladigan qizil daraxtni olib keta boshladilar. Braziliya mamlakati­ning nomi ham shu daraxt nomidan kelib chiqqan.

Braziliya 18-asr boshida portugallar zulmidan ozod bo‘ldi. 19-asr oxirida esa mamlakat Federativ Respublikaga aylandi.

 Braziliyada yil bo‘yi juda issiq, ammo yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi. Mamlakat aholisining ko‘pchiligi Atlantika okeani sohi­lida yashaydi. Eng yirik shaharlar, jumladan, Janubiy Amerikaning eng go‘zal shaharlaridan biri Rio-de-Janeyro ham, deyarli barcha sanoat korxonalari ham okean sohilida bunyod etilgan. Dunyoda iste’mol qilinadigan kofening ko‘p qismi, Braziliyada yetishtiriladi. Bundan tashqari mamlakatda katta miqdorda kakao, paxta, shakarqamish hosili yig‘ib olinadi.

 Mamlakatda gidroenergiyaning, tropikda o‘sadigan qimmatbaho daraxt navlari, temir rudasi, marganes va boshqa nodir metallar­ning katta zaxiralari mavjud. Bu yerda yirik sanoat rivojlangan, avtomobil va kimyo, mashinasozlik va metallurgiya zavodlari ko‘p. Braziliyaning poytaxti — Braziliya shahri.

 Yer yuzining eng katta va go‘zal daryolaridan biri — Amazonka Braziliya tropik o‘rmonlarining xilvat chakalakzorlari orqali oqib o‘tadi. Amazonka bo‘ylab qayiqda bir necha kun suzib bironta ham qishloqni ko‘rmaslik mumkin. Daryo ustidan yashil to‘tiqush galalari pastlab uchib o‘tishadi, ba’zan kolibri qushi ham ko‘rinib qoladi. Qalin o‘rmonzorlarda shoxlarning singanini eshitib qolasiz — maymun galalari sho‘xlik qilayotgan bo‘ladi. Sayoz joyda timsohlar o‘zlarini oftobga solib yotishadi. Ahyon-ahyondagina gulxan tutuni ko‘rinadi – demak, yaqin joyda indeyslar qishlog‘i joylashgan.

 Portugallar kelgunga qadar indeyslar bir necha millionni tashkil etishgan. Hozir esa ular juda kam qolgan. Ularning ko‘pchiligi bosqinchilarning zulmi, og‘ir mehnat, ochlik va kasalliklar natijasida halok bo‘lishgan.

 Mamlakatda turmush og‘ir. Qurg‘oqchilik boshlanganda minglab dehqonlar o‘z xonadonlarini tashlab, aravalarga yuklarini ortadilar-da, ish topish va farzandlarini och qolib o‘lishdan saqlash umidida janub tomonga, katta shaharlarga yo‘l oladilar.

 Braziliya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 1993-yil diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan.

 

(Bolalar ensiklopediyasidan) 


Orqaga qaytish