Bilasizmi?

4485 marta o'qildi
Botanika bogi

Dunyodagi eng qadimgi botanika bog‘i Salerno (Italiya) da bo‘lib, u 1309-yilda barpo etilgan.

Mamont daraxti nihoyatda g‘aroyib. Uning bo‘yi 150 metrga yetadi.Po‘stlog‘ining qalinligi 70 santimetr, ya’ni ba’zi uylarning devoridan ham qalin. Bu daraxtning shunday yo‘g‘onlari ham borki, hatto to‘nkasining ustiga kichikroq sozandalar ansambli joylashishi mumkin. Botqoqliklarni quritishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan evkalipt daraxti ham juda ajoyib. Uning ildizi nasos kabi ishlaydi, barglari esa quyoshga qirra tomoni bilan joylashganligidan soya tushirmaydi. Viktoriya o‘ziga xos ko‘rkam, yirik suv o‘simligidir, ­uning bargi barkashdek keladi: guli faqatgina ikki oqshom va ikki tungina ochilib, tusini oq rangdan to‘q qizil ranggacha to‘rt marta o‘zgartiradi. Viktoriyaning ikki metrli yaprog‘i ustida 3 yashar bola xuddi stolda o‘tirgandek bemalol o‘tirishi mumkin.

Viktoriyaning vatani — Janubiy Amerika, mamont daraxtining vatani — Shimoliy Amerika, evkaliptning vatani — Avstraliya bizdan juda uzoqda.

Lekin bir kunning o‘zidayoq «dunyo bo‘ylab sayohat» qilish, mamont daraxtini ham, evkalipt, viktoriya, Afrika palmalari, alp lolaqizg‘aldoqlari, tayga kedrlari va mevalari pishib yetilayotgan banan daraxtlarini ham ko‘rsa bo‘ladi. Buning uchun nima qilish kerak?­ Botanika bog‘iga borish lozim. Mamlakatimizning va butun Yer kurrasining o‘simlik boyliklari bilan tanishmoqchi bo‘lgan barcha kishilar uchun botanika bog‘ining eshiklari ochiq. Botanika bog‘iga maktab o‘quvchilari ekskursiyaga keladilar, uning gerbariy va ti­rik kolleksiyalaridan talabalar ham, professorlar ham o‘z mashg‘ulotlari uchun foydalanadilar.

 Dunyodagi eng qadimgi botanika bog‘iSalerno(Italiya)da bo‘lib, u 1309-yilda barpo etilgan.

Pomir tog‘idagi botanika bog‘i dunyoning eng baland joyidagi, Xibin tog‘laridagi Qutb alp botanika bog‘i eng shimoliy mintaqadagi botanika bog‘laridir.

 Toshkentdagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Botanika bog‘ida O‘rta Osiyo respublikalari, Yevropa mamlakatlari, Kavkaz, Uzoq Sharq o‘lkalari, Shimoliy Amerika, Xitoy va O‘rta dengiz bo‘yidagi mamlakatlardan keltirilib iqlimlashtirilgan 6 mingdan ortiq tirik o‘simliklarni ko‘rish mumkin.

 Bizning botanika bog‘imiz Sankt-Peterburg va boshqa mamlakatlardagi botanika bog‘lari bilan o‘simlik urug‘larini almashadi, nodir o‘simliklarni izlab topish uchun ekspeditsiyalar uyushtiradi. Olib kelingan o‘simliklar yangi iqlimga moslashtiriladi.

 

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish