Rivoyatlar

4480 marta o'qildi
Katta ayiq burji

Bir zamonlar uch aka-uka yashagan ekan. Katta aka ish bilan band bo'lgan payt-da, ikkita kichigi dangasalik qilib, faqatgina uni masxaralash bilan ovora ekanlar. Akasi ularning mazmunsiz hayot kechirishlarini hech qachon ayblab, kamsitmasdi. Shunday bo'lsada, ukalari uning oldida o'zlarini noqulay his qilarkanlar.

KATTA AYIQ BURJI

    Bir zamonlar uch aka-uka yashagan ekan. Katta aka ish bilan band bo'lgan payt-da, ikkita kichigi dangasalik qilib, faqatgina uni masxaralash bilan ovora ekanlar. Akasi ularning mazmunsiz hayot kechirishlarini hech qachon ayblab, kamsitmasdi. Shunday bo'lsada, ukalari uning oldida o'zlarini noqulay his qilarkanlar. Akasi ko'pchilik orasida obru e'tiborga sazovor bo'lganiga esa hasadlari kelarkan. Oxiri ular uni yo'qotmoqchi bo'libdilar.

     Bir tog'da yirtqich hayvonlar borligi haqida bilib qolgach, ular uni o'sha yerga borishga ko'ndiribdilar, chunki ularning gaplariga qaraganda, u yerda hisobsiz boyliklar yashirib qo'yilgan ekan. Hech narsadan xabarsiz, katta aka yo'lga tushibdi, bilishimizcha uni xudoning o'zi asragan, chunki u birorta ham qo'rqinchli va yovuz hayvonlarni uchratmagan. Shu bilan bir qatorda, hech qanday boylik ham topa olmagach, u o'ylanib qolibdi va oxiri ukalari uning o'limini istab, aldashganini tushunib yetibdi. Shundan keyin aka qaytib uyga bormaslikka qaror qilibdi va dunyo bo'ylab yaxshi odamlarni izlab topishga jo'nabdi. U boshi oqqan tomonga qarab yo'l olibdi.

Tez orada u qulog'ini yerga qo'yib, nimalarnidir eshitib yotgan bir odamni ko'rib qolibdi.

— Nimalarni eshitayapsan? — so'rabdi u haligi odamdan.

— Yer ostidagi gunohkor bandalar nimalar deyishayotganini eshityapman.

   Bu juda qiziq-ku — debdi to'ng'ich aka.

Ikkovlari biroz suhbatlashibdilar va xursandchiligu g'am-tashvishni birgalikda baham ko'-rishlikka kelishib olib, yo'lga tushibdilar. Ular bir oz yo'l yurgach, kiyiklarni boqib yurgan bir kimsani uchratibdilar. To'ng'ich aka undan nima uchun podadagi kiyiklar har tomonga tarqab ketmaydilar, deb so'rabdi. U odam shunday deb javob qilibdi:

—   Ular mendan qochib hech qayerga keta olmaydilar, chunki har qancha uzoqqa ketsalar ham men ularga darrov yetib olaman.

Hamrohlar uni ham o'z saflariga qo'shilishini taklif qilibdilar, podachi rozi bo'libdi. Yo'lda ketaturib uchchovlari yana bir odamga duch kelibdilar. U chalqanchasiga yotib olib, osmonni kuzatayotgan ekan. Yo'lovchilar Osmonga nima uchun qarab yotganini so'rashgan ekan, haligi odam osmonga paykonidan o'q otgani, va o'qi o'zi bilan osmondan bir necha yulduzni olib tushishini poylayotganini aytibdi. Haqiqatan oradan ma'lum vaqt o'tib, otilgan o'qlar yerga tushibdi, nayza o'qqa esa bir nechta yulduz sanchilib qolgan ekan. Do'stlar merganni ham o'z saflariga qo'shilishga ko'ndiribdilar. Endi to'rtovlon yo'lda davom etishibdi.

Bu safar hamrohlar o'rmonda ona qarg'aning inidan tuxumlarini olib, qarg'aga sezdirmay ularni yana joyiga qo'yayotgan bir odamni uchratibdilar.

—  Nima qilayapsan? — deb so'rashibdi undan do'stlar.

—   Bilasizlarmi, — javob berdi u, — men o'g'riman. Otam ham mohir o'g'ri bo'lgan, biroq ona qarg'aning tuxumini o'g'irlay olmagan. Men bo'lsam buning ham uddasidan chiqdim.

Do'stlar o'z  ishining ustasi bo'lgan bu odamni ham saflariga qo'shib olibdilar. Yo'lda davom etar ekanlar, ular tog'larni bir-biri tomon surib, jamlayotgan pahlavonni uchratibdilar. U shu usul bilan kuchini sinayotgan ekan. Pahlavon ham ularning safiga qo'shilibdi. Bir oz yurgach, ular o'zlariga yana bir kishini qo'shib olibdilar. U odam butun bir daryoning suvini yutib yuborib, yana o'zaniga qaytara olar ekan.

Shundan keyin, hamrohlar o'zlariga boshliq saylashga qaror qilibdilar. Barcha do'stlarni bir joyga jamlagan, sargardonlikni birinchi boshlagan to'ng'ich aka ularga boshliq bo'libdi.

Oradan yillar o'tibdi. Yetti do'st o'z iqtidorlarini halollik va ezgulik yo'lida qo'llab, obro' va sharaf orttiribdilar. Kunlarning birida katta aka ukalarini eslab, ularni ko'rgisi kelibdi. Yetti o'g'lon birgalashib yo'lga tushibdilar. Biroq ular ukalar yurtiga yetib bormaslaridan, qulog'i sezgir odam yerga yotib, mezbonlar yurtida nimalarni gaplashishayotgani bilan qiziqibdi. Akalarining kelishidan xavotirga tushgan bevafo ukalar uni va sheriklarini zaharlab o'ldrishga qaror qilishgani ma'lum bo'libdi. Biroq, mehmondorchilik paytida epchil qo'llik zahar solingan idishni shunchalar tez almashtirib qo'yibdiki, natijada mezbonlardan birining o'zi u dunyoga ravona bo'libdi.

Bir necha kun o'tgach, kenja uka akasi va uning xamrohlari sharafiga bellashuvlar uyushtiribdi. Shu yo'l bilan u mehmonlarning qanchalik kuch-quvvatga ega ekanliklarini bilib olmoqchi bo'libdi.   

Turgan gapki kurash, yugurish kabi bellashuvlarda mehmonlar osonlik bilan kichik ukaning tarafdorlarini yengibdilar. Akaning joniga qasd qilgan kenja uka boshqa hiyla ishlatishga qaror qilibdi. U mehmonlar sharafiga bazm uyushtirib, uyning yerto'lasini portlovchi moddalarga to'ldirishni buyuribdi. Mezbon chiqib ketishi bilan uy portlab, mehmonlarni u dunyogs ravona qilishi rejalashtirilibdi.

Bundan xabar topgan hushyor odam mezbonning shum niyatini do'stlariga yetkazibdi.  Butun bir daryo suvini yutib, qaytarib chiqara oladigan hamrohlari yerto'lani suvga to'ldirib portlashni oldini olibdi. Do'stlar ushbu tajovuzkorlikdan qattiq g'azablanibdilar. 

Ular xiyonat va zulm makonini tark etib, baland tog'lar tepasiga chiqib ketibdilar. Yetti do'st tog'lar bag'rida ajoyib ehrom barpo etibdilar va o'sha yerda yashay boshlabdilar. Halolligi va mehnatsevarligi tufayli to'xtamay kamolot sari intilayotgan katta aka do'stlariga ko'p narsalarni o'rgatibdi. Ilm va hunarning oliy nuqtasi, samoga parvoz qilishni o'rganishgach, yetti do'st yerni tark etishibdi va osmonda yetti yulduzdan iborat Katta ayiq burjiga aylanib qolishibdi.


Orqaga qaytish