Mashxur shaxslar

5463 marta o'qildi
Abu Rayhon Beruniy

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimlaridan edi.  Uning buyukligi o‘sha davrning deyarli barcha fanlariga qo‘shgan betakror ilmiy merosida namoyon bo‘ladi

Qomusiy olim
ABU RAYHON BERUNIY
(973-1048)

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta asrlarning buyuk qomusiy olimlaridan edi. Uning buyukligi o‘sha davrning deyarli barcha fanlariga qo‘shgan betakror ilmiy merosida namoyon bo‘ladi. Beruniyning olimlik salohiyatiga mashhur sharqshunos olimlardan biri "uning qiziqqan ilm sohalaridan ko‘ra qiziqmagan sohalarini sanab o‘tish osondir", deb baho bergan edi. G‘arb tadqiqotchilaridan ba’zilari esa "Beruniy musulmon fanining namoyish etuvchi qomusiy olimlarning eng mashhuri bo‘lishi kerak" degan fikrni bildiradi.
Olim 973 yili Xorazmning qadimgi poytaxti Kot shahrida tavallud topdi. U yoshlik va o‘spirinlik yillarini o‘z vatanida o‘tkazib, o‘sha yerda turli ilmlarni o‘rgandi va olim sifatida shakllandi. Zamonasining mashhur olimi Abu Nasr Mansur ibn Iroq qo‘lida ta’lim oladi, o‘sha paytlar Buxoroda yashayotgan bo‘lajak olim Abu Ali Ibn Sino bilan yozishmalar orqali ilmiy muloqotda bo‘ladi. U ona tilidan tashqari arab, sug‘diy, fors, suryoniy, yunon tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini o‘rganadi. Bu esa o‘z navbatida, Beruniyga mazkur tillardagi asarlar bilan chuqur tanishishga imkoniyat yaratadi.
Xorazmdagi siyosiy vaziyatning o‘zgarishi natijasida Beruniy 998 yili Jurjon shahriga ketishga majbur bo‘ladi. U bu davrga qadar Kot va Ray shaharlarida o‘zining dastlabki ilmiy izlanishlarini boshlab yuborgan edi.
Jurjonda kechgan yillar (998-1004) Beruniy uchun yirik izlanishlar va ijodiy kamolat davri bo‘ldi. O‘zining birinchi astronomik tajribalarini 16 yoshida Kot shahrida boshlagan alloma, Jurjonda nafaqat astronomiya va boshqa tabiiy fanlar bilan, balki tarix va din tarixi bilan ham shug‘ullanadi. Olimning muhim asarlaridan biri - "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" uning Jurjon saroyida xizmat qilgan davrida yaratiladi. 1000 yili tugallangan bu asar muallifning ko‘p qirrali olim ekanligini namoyish etdi va unga katta shuhrat keltirdi. Umuman, Beruniy Jurjonda o‘ndan ortiq asarlar bitishga muyassar bo‘ldi.
Beruniy 1004-1017 yillarda Xorazmga qaytadi. Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Ma’mun ibn Ma’mun Beruniyni o‘z saroyida katga izzat-hurmat bilan qabul qiladi. Olim Xorazmshoh Ma’mun rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat ko‘rsatish bilan birga siyosiy jarayonlarda ham Xorazmshohning yaqin maslahatchisiga aylandi. Xorazmning Mahmud G‘aznaviy tomonidan bosib olinishi Beruniy hayotini xavf ostiga qo‘ydi. U Xorazmshoh saroyidagi aksariyat olimlar, jumladan, ustozi Abu Nasr ibn Iroq, Abu al-Xayr Xammar va boshqalar bilan birga G‘azna shahriga asir qilib olib ketiladi.
Ma’lumki, Xorazm ilmiy markazi olimlardan faqat Ibn Sino va Abu Sahya Masihiylar Mahmud G‘aznaviy zulmidan xavotirlanib, G‘aznaga emas Jurjonga qarab yo‘l olgan edilar. Beruniyning 1014-1048 yillarda G‘aznada kechirgan hayoti moddiy va siyosiy jihatdan mashaqqatli bo‘lishiga qaramasdan, UNING ilmiy faoliyati uchun eng mahsuldor davr bo‘ldi. U Mahmud G‘aznaviy saroyida kechgan dastlabki yillarda astronomiya va geodeziya masalalariga katga e’tibor berdi.
Muallifning ilmiy adabiyotlarda qisqacha "Geodeziya" deb yuritiladigan "Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash" nomli astronomiya va geografiyaga bag‘ishlangan asari 1025 yilda yozib tugatildi.
Beruniyning "Munajjimlik san’atidan boshlang‘ich tushunchalar" asari ham 1029 yili G‘aznada yoziladi. Oradan bir yil o‘tib, u o‘zining "Hindiston" nomi bilan tanilgan "Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash" kitobini yakunlaydi.
Bu shoh asarning vujudga kelishiga Mahmud G‘aznaviyning Hindistonga qilgan yurishlari sabab bo‘ldi. Saroyning eng nufuzli astrologlaridan sanalgan Beruniy Mahmud G‘aznaviy bilan Hindistonda bir muddat istiqomat qiladi va u yerda sanskrit tilini mukammal egallashga muvaffaq bo‘ladi. U bu til yordamida hindlarning tarixi, urf-odatlari, madaniyati va fani bilan yaqindan tanishadi va natijada "Hindiston" asarini yaratadi. 1030 yil Mahmud G‘aznaviy vafot etadi. Taxtga uning o‘g‘li Ma’sudning o‘tirishi Beruniy ahvolini ancha yaxshilaydi. Olim o‘zining astronomiyaga oid eng yirik asarini mazkur hukmdorga bag‘ishlab "Masud qonuni" deb ataydi. O‘rta asr olimlarining yozishiga ko‘ra, sulton Ma’sud bu asar uchun Beruniyga bir filga ortilgan katga mikdordagi kumush tangalar hadya etadi.
Mutaxassislar fikricha, "Ma’sud qonuni" kitobi matematika va astronomiya bo‘yicha ungacha yozilgan barcha kitoblarning izini o‘chirib yuborgan.
Olim sulton Ma’sudning o‘g‘li Mavdudning hukmronlik yillarida (1041-1049) o‘zining yana ikki asari - "Mineralogiya" va "Farmakognoziya" deb atalgan ikki asarini yozadi. Ularning har biri mazkur sohalardagi betakror asarlardan bo‘lib, jahon madaniyatining noyob durdonalaridan hisoblandi. Abu Rayhon Beruniy 1048 yili G‘azna shahrida vafot etadi.
Olim yozib qoldirgan 160 dan ortiq asarlari bilan astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tabobat, farmakognoziya, tarix, filologiya va boshqa fanlarning rivojiga noyob hissa qo‘sha oldi.
Beruniyning betakror ijodi uning vatani O‘zbekistonda alohida e’tibor qozongan. Uning qator yirik asarlari o‘zbek va rus tillariga tarjima qilinib Toshkentda nashr etilgan.


Orqaga qaytish