Rivoyatlar

5361 marta o'qildi
Eshak, mushuk va dehqon qizi

Dunyoda bir dehqon yashagan ekan. Uning yakkayu-yagona qizi bo'lib, juda go'zal va sohibjamol ekan. Bir so'z bilan aytganda, dunyoda ta'rifu-tavsifi yo'q, husnda yagona ekan. Qiz ulg'ayib, voyaga yetgach, eshigidan sovchilar arimay qolibdi.

Eshak, mushuk va dehqon qizi

     Dunyoda bir dehqon yashagan ekan. Uning yakkayu-yagona qizi bo'lib, juda go'zal va sohibjamol ekan. Bir so'z bilan aytganda, dunyoda ta'rifu-tavsifi yo'q, husnda yagona ekan. Qiz ulg'ayib, voyaga yetgach, eshigidan sovchilar arimay qolibdi. Asosan shahzodalar, oliy nasab aslzodalardan tortib  dehqonlargacha uning qo'lini so'rab kela boshlashibdi. Chol nima qilishni bilmay o'ylanib qolibdi: qizini shahzodaga bersa, aslzodalar bilan dehqonni o'ziga qarshi qilib qo'yadi, aslzodaga bersa shahzoda bilan dehqon dushmaniga aylanib qoladi, dehqonga bersa undan ham og'ir, axir shahzoda bilan aslzodalar uni kechirmas  va yerga urishlari tayin. Ha, aziz do'stlar, go'zal va maftunkor qizga ota bo'lish juda mushkul va qiyin ekan.

Chol qancha o'ylanib, o'zini o'zi aldamasin, baribir qizini kimgadir berishi kerakligini tushunibdi. Shunda u dehqonni ko'z oldiga keltirib, uning soddadilligi va o'ziga yarasha aqli borligi haqida o'ylabdi.

Bir kuni chol uyquga yotishdan avval ibodat qila turib, xudodan mushugi va eshagini o'z qiziga ikki tomchi suvdek o'xshatib qo'yishini tilab, iltijo qilibdi.

Ertalab tashqariga chiqib qarasa, hovlida uchta sohibjamol qiz uy yumushlari bilan band emish. Ular bir-biriga ikki tomchi suvdek o'xshashar ekan. Chol boshini qashib, o'yga tolibdi: «Vo ajab, bularning qaysi biri mening haqiqiy qizim ekan-a?» Unaqasiga ham qarabdi, bunaqasiga ham qarabdi, lekin ularning farqini ajrata olmabdi. Dehqon esa o'z qizini ajratib olgisi kelar, uni o'zi xohlagan dehqon yigitga uzatish istagida ekan. Chol dehqon yigitga chiroyli, aqlli, har ishda yordamchi xotin kerakligini bilarkan. Shahzoda va aslzodalarda esa xotinidan tashqari juda ko'p cho'rilari bo'ladi.

Bir kun kechki payt dehqon qizlariga qarata shunday debdi:

—   Boringlar, hammangiz bir xonaga kirib, yotib uxlanglar.

Kechasi u qizlar yotgan xonaga kirib, ularning qay xolatda uxlayotganliklarini ko'rdi. Birisi oyoq-qo'llarini yig'ishtirib olib g'ujanak bo'lib, tushida mushuk kabi miyovlayotgan ekan. Chol bunisining «mushuk» ekanligini aniqlab olibdi. Boshqasiga qarasa, chalqanchasiga yotib, goho oyoq-qo'llarini tipirchilatib qo'yarkan. U bu qizning «eshak» ekanligini sezibdi. Uchinchisi esa o'ng tomonga ag'darilib, kaftlarini yuzining tagiga qo'yib, shirin uxlayotgan ekan. «Bunisi mening qizim», deb o'zicha xulosa chiqaribdi chol va sekingina qizlar uxlab yotgan xonadan chiqibdi.

Ertalab chol uzoq qishloqda yashovchi dehqon yigitga odam yuborib, uni o'z oldiga chorlabdi.  Dehqon yigit yetib kelgach esa, unga debdi:

—   Sekingina, shovqin-suronsiz qizimni uzoqlarga, sizlarni hech kim tanimaydigan joylarga olib ket va chiroyli to'y qil. Kuyov qanchalik ehtiyotkor bo'lmasin, odamlar baribir cholning qizini olib qochayotganlarini sezib qolishdi va bu xabarni shahzodaga yetkazishga shoshilishdi.

Shahzoda dehqonning uyi tomon otida yeldek uchib kelibdi. Chol esa uning oldiga ikkinchi qizini olib chiqibdi:

—  Nima uchun kelganingni bilaman, debdi chol. Qizimni olib ketaqol. Faqat shovqin solma. Undan keyin go'zal qizni o'ziga bermaganlaridan darg'azab bo'lgan aslzoda kelibdi. U cholning gaplarini eshitmasdanoq xizmatkorlariga qizni olib chiqishni buyuribdi. Buyruq bajarilib, qizni olib chiqibdilar. Uni ko'rgach, aslzodaning birpasda kayfiyati ko'tarilib, xursand bo'libdi. Shunday qilib, dehqon xudoning marhamati bilan va aqlliligi bois bu og'ir vaziyatdan qutulib chiqibdi.

Oradan birmuncha vaqt o'tgach, cholning yuragiga g'ulg'ula tushibdi. U «Ishqilib deh­qon yigitga haqiqiy qizimni berganmikanman»? deya o'ylab qolibdi va tekshirib ko'rmoqchi bo'libdi. Chol otini egarlab, dastavval shahzodaning uyiga boribdi. Shahzoda qaynotasini xursand bo'lib kutib olibdi. Qaynotasi sharafiga bazmu-jamshid uyushtiribdi. Mehmonlar tarqalishgach, chol shahzodadan:                                                                                

—  Xo'sh, qizim o'zini qanday tutyapti? Xotining senga yoqyaptimi? Unda hech qanday g'alati qiliqlarni sezmayapsanmi? — deb so'rabdi.

—   U hammaga yoqadi, — debdi shahzoda. — Lekin uning bir qilig'i bor, ertalab o'rindan tura solib, albatta tashqariga chiqadi va orqasi bilan axlat uyumiga yotib oladi.

«Eshagimni taniyapman. Uning axlatga dumalaydigan odati bor edi. Ha, bu yerda hammasi joyida», o'ylabdi chol va aslzoda kuyovning uyiga yo'l olibdi. U ham qaynotasi sharafiga katta bazm uyushtiribdi, hamma mehmonlar tarqalishgach esa, qaynota kuyovidan so'radi:

—  Xotining senga yoqyaptimi? Uning hech qanday g'alati xatti — harakatlarini sezmadingmi?

—   Nolimayman, — javob qaytaribdi aslzoda kuyov. — Xotinim juda yaxshi, lekin uning kulgili odatlari bor: u xuddi mushukchaga o'xshab, g'ujanak bo'lib uxlaydi.

Xudoga shukur, bu yerda ham hammasi joyida. Demak, qizim dehqonga turmushga chiqqan, deb o'ylabdi chol. Tekshirib ko'rsa bo'ladi.

Shundan keyin u o'zining haqiqiy kuyovini ko'rishga ahd qilibdi. Chol safar hozirligini ko'rib, yo'lga tushibdi. Uni hurmatiga yarasha kutib olibdilar. Shahzoda va aslzodaga o'xshab dabdabali bo'lmasa-da, mehmondorchilik tashkil qilinibdi. Mehmondorchilik nihoyasida qaynota so'rabdi:

—  Xo'sh, xotiningdan ko'ngling to'ldimi, qadrli kuyovim, uning kamchiliklari yo'qmi? Kuyov shunday deb javob qilibdi: — Qizingizga yaxshi tarbiya beribsiz. Uning hech qanday kamchiligi yo'q. U hamma havas qiladigan darajada go'zal. Uyda yaxshi uy bekasi, mening hamma ishlarimda mehribon yordamchi. Mehmon kutishni ham biladi. Bunday ayoldan nolishning o'zi gunoh.

Dehqon xush kayfiyatda uyiga qaytdi: «Qanday yaxshi, men o'zimni ham qutqardim, qizimni ham xohlaganimga berdim. Shahzoda va oqsuyaklardan esa xudoning o'zi asrasin», — debdi u shukronalik bilan.


Orqaga qaytish