Rivoyatlar

5660 marta o'qildi
Yusuf qissasi

Arabiston yarim orolidagi maskanlarning birida ota, ona va o'n ikki og'a ini yashar edilar. Kenja o'g'ilning ismi Yusuf bo'lib, ham aqlda, ham husnda barcha akalaridan ajralib turardi.

Yusuf qissasi 

 Arabiston yarim orolidagi maskanlarning birida ota, ona va o'n ikki og'a ini yashar edilar. Kenja o'g'ilning ismi Yusuf bo'lib, ham aqlda, ham husnda barcha akalaridan ajralib turardi. Ota bir, ona boshqa bo'lgan o'n akasi unga adovat ko'zi bilan qarashar, otalari va onalarini undan qizg'anishardi. Faqatgina, tug'ishgan akasi Binyamin Yusufga yaxshi munosabatda edi.

Kunlarning birida Yusuf otasiga dedi: «Ey otajon, men tushimda o'n bir yulduzni, yana quyosh va oyni ko'rdim, hammalari menga sajda qilishayotgan emish». Otasi dedi: «0'g'lim, tushingni akalaringga aslo ayta ko'rma, ularning senga adovati va hasadi yanada ortishini aslo istamayman. Tushingni ta'biriga kelsak, u Yaratgan Parvardigor senga payg'ambarlik maqomini berishiga ishora qilyapti.

Oradan kunlar o'tib, Yusufning akalaridagi adovat ortib bordi. Ular ukalaridan qutilish uchun uni o'ldirmoq payiga tushdilar. Shunda og'a-inilardan biri dedi: «Yusufni o'ldirmanglar, uni quduq tubiga tashlab yuboringlar, omadi kelsa, yo'lovchi karvonlar olib ketadi, kuni bitgan bo'lsa, o'z ajali bilan o'ladi».

Fitnachi akalar ertasi kuni otalari oldiga kelib, Yusufni o'zlari bilan dalaga olib ketishga ruxsat so'radilar. Yusufni qishloq tashqarisiga olib chiqib, tubsiz bir quduqning ichiga tashlab yubordilar. Qorong'i tushgach, ular otalari oldiga yig'lagan, oh-voh urgan holda keldilar va unga: «Ey ota, bizlar Yusufni narsalarimiz oldida qoldirib, chorvaga qaragani ketgan edik, uni bo'ri yeb ketibdi», dedilar va unga Yusufning qonga bo'yalgan ko'ylagini ko'rsatdilar.

Yusufning otasi Yoqub qattiq iztirobga tushdi. Ukalarini ehtiyot qilmagan o'g'illaridan xafa bo'ldi va sabr qilishdan o'zga iloji qolmaganini tushundi. Shu orada Yusuf tashlab yuborilgan quduq yonidan karvon o'tib qoldi. Karvon ahli suv umidida quduqqa arqon tashlagan edi, chelakka osilib, Yusuf chiqib keldi. Karvon Misrga yetib kelgach, Yusufni karvonboshi ber necha tangaga sotib yubordi.

Taqdir taqozosi bilan Yusuf Misr hokimining uyiga kelib qoldi. Hokim bolani xotini Zulayhoning qo'liga topshirib, yaxshi muomalada bo'lishni tayinladi.

Oradan yillar o'tdi. Yusuf o'z sohibining xonadonida voyaga yetib, ulg'aydi. Bilim va hikmatlardan bahramand bo'ldi. Aqlda va husnda uning oldiga hech kim tusholmaydigan darajaga yetishdi.

Misr hokimining xotini Zulayho Yusufga oshiqu-beqaror bo'lib, unga ahvolini tushuntirdi. Biroq Yusuf, o'ziga sahovat ko'rsatgan xojasiga nisbatan hech qachon xiyonat qilmasligini aytdi. Shunda Zulayho, Yusufning sha'niga tuhmat to'qib, uni zindonga tashlashlariga erishdi.

Zindonga u bilan birga yana ikki yigit ham tushgan edi. Ulardan biri Yusufga: «Men tushimda sharob tayyorlayotgan emishman», dedi. Boshqasi esa: «Men boshim ustida non ko'tarib turganmishman, qushlar undan yeyayotgan emishlar. Sen bizga tushlarimizning ta'birini aytib bersang. Sening ilmi-hikmat sohibi ekanligingni ko'rib turibmiz», dedi.

Yusuf aytdi: «Birinchingiz tez orada zindondan qutulib ketasiz va yana xojangizga xizmat qila boshlaysiz. Ikkinchingiz bo'lsa, dorga osilasiz va boshingizni yovvoyi qushlar cho'qiydilar. Tushingizni ta'biri ana shu», dedi. Uning o'zi yana bir necha yil zindonda qolib ketdi.

Kunlardan birida Misr mamlakatining shoxi Rayyon bin-Valid: «Men tushimda yettita oriq sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq hamda yettita qurigan boshoqni ko'rdim», dedi. Va tushining ta'birini aytib berishlarini talab qildi. Donishmand ayonlardan hech kim hukmdorning ushbu talabini bajara olmadi. Shunda hokimning zindondan ozod qilingan xizmatkori zindondagi Yusufni eslab qoldi va hukmdorga faqat ugina shohning tushi ta'birini bilishini aytdi. Yusufni Misr shohi huzuriga keltirdilar. Tushning ta'birini Yusuf quyidagicha bayon qildi: «Mamlakatda ketma-ket yetti yil don hosili mo'l bo'ladi. Ana shu yillar ichida omborlarni donga to'ldirishga buyruq berganingiz ma'qul. Keyingi yetti yil qurg'oqchilik va qahatchilik bo'-ladi. Keyin yana seryog'in yillar boshlanadi», dedi.

Mamlakat shohi Rayyon bin Valid Yusufning tarixiga qiziqib qoldi. Uning talabiga ko'ra Zulayhoni huzuriga chorlab, taftish o'tkazdi. Yusufning begunoh ekanligi ma'lum bo'ldi. Yusufdagi halollik va kamtarinlikni, hikmat va donishmandlikni ko'rib, podshoh uni Misr Bosh vaziri etib tayinladi. Shahar hokimining vafotidan keyin podshoh uni sohibjamol Zulayhoga uylantirib qo'ydi. Ular uzoq yillar baxtli umr kechirib, ikki farzandli bo'ldilar.

Yusuf Misrda adolat bilan hukm yurgiza boshladi. O'zi shohga bashorat qilgan mo'1-ko'lchilik yillarida juda ko'p don hosili yig'ib-o'rib olinib, omborlarga g'amlab qo'yildi. Keyingi yetti yil esa xuddi ta'bir qilinganidek, qahatchilik yillari bo'ldi. Bu yillarda butun atrof yurtlarda qattiq ocharchilik bo'lib, ko'p joylardan Misrga oziq-ovqat izlab odamlar kela boshladilar. Misr mamlakatida oziq-ovqat serob ekanligi haqidagi xabarlar Yusufning vataniga ham yetib bordi. Yoqub o'z o'g'illarini Misrga, oziq-ovqat olib kelish uchun yubordi.

Akalari Misrga kelib, uning huzuriga kirganlarida, Yusuf ularni tanidi. Akalari esa Yusufni tanimadilar. Akalari Yusufning savollariga javob berib, Yoqub degan otalari, ota bir ona boshqa Binyomin degan ukalari borligini, yana bir ukalarini bo'ri yeb ketganini aytib berdilar. Yusuf ulardan keyingi safar ukalari Binyominni ham olib kelishlarini iltimos qildi. Ayni paytda Yusuf akalari oziq-ovqatga almashtirish uchun olib kelgan narsalarni qaytarib, ularning xurjunlariga solib qo'yishni buyurdi.

Vatanlariga qaytgach, og'a-inilar otalari Yoqubga bo'lib o'tgan voqealarni so'zlab berdilar. Keyingi safar ukalari Binyominni ham Misrga olib ketishga ruxsat so'radilar. Ota Binyominning ham taqdiridan xavotirga tushib, uning Misrga borishiga qarshi bo'ldi. Shunda og'a-inilar qasam ichib, ukalariga shikast yetkazmaslikka va'da berdilar. Bu orada xurjunlardagi oziq-ov-qatlar ichida ularga ayirboshlash uchun olib borilgan qimmatbaho narsalar borligi ma'lum bo'ldi. Binyomin to'ng'ich o'g'illarining gaplariga ishona boshladi.

Shunday qilib, keyingi yilning qahatchiligi boshlandi va Yoqub yana o'g'illarini don olib ke­lish uchun Misrga jo'natdi. Binyomin ham karvondagilar safiga qo'shildi. Misrga kelgach, og'a-inilar yana Yusuf huzuriga kirdilar. Yusuf akalarini ziyofat bilan siylashni buyurdi. O'zi bo'lsa, akasi Binyominni bir chekkaga tortib, o'zini tanitdi va hech narsadan xavotir olmaslikni aytdi. Yusuf xizmatkorlarga akalariga beriladigan oziq-ovqatlar ichiga qimmatbaho qadahni solib qo'yishni buyurdi. Xurjunlarini g'allaga to’ldirib olgan akalar yo'lga tushdilar. Ular shahar hududini tark etishlari bilan, qurollangan misrlik jangchilar karvonga yetib olib, tintuv o'tkazdilar. Binyominning xurjunidan oltin qadah topib olindi. Og'a-inilarni Misrga qaytarib olib keldilar. Yusuf ularni o'g'irlikda aybladi va Binyominni Misrda olib qolishini aytdi. Shunda og'ainilar Binyominni aslo qoldira olmasliklarini, uni eson-omon qaytarib olib kelamiz, deb otalariga qasam ichganliklarini aytib berdilar.

Shunda Yusuf «cho'lda adashib qolgan» ukalari to'g'risida bor haqiqatni aytib berishlarini akalaridan talab qildi. Chorasiz qolgan og'a-inilar Yusufga adovatlari bo'lgani, uni quduq ichiga tashlab yuborganliklarini tan oldilar.

Yusuf akalariga o'zini tanitdi. U ukasi Binyominni olib qolishini yana bir marta ta'kidladi va navbatdagi karvon bilan otalarini Misrga olib kelishni buyurib, akalarini ozod qildi. Ularga ko'ylaklaridan birini berib, otasiga olib borishni aytdi.

Og'a-inilar vatanlariga qaytib, otalariga bo'lib o'tgan voqealarni aytib berdilar. Jigarbandining ko'ylagini ko'zlariga surtgan otaning so'qir ko'zlari yana ko'ra boshladilar. U zudlik bilan safar tadoriklarini ko'rishni buyurdi.

Yusuf ota-onasining Misrga kelganlarini eshitib, ularning huzurlariga shoshildi. Diydorlashuv nihoyatda quvonchli va hayajonli bo'ldi. Yusuf otasiga qirq yil ilgari ko'rgan tushining ta'biri endi amalga oshayotganini aytdi va akalarining gunohidan o'tishini so'radi.

Yoqub istig'for aytib, o'g'illarining gunohidan o'tishni Yaratgan parvardigordan so'rashini aytdi. Ular yana uzoq yillar farovon hayot kechirdilar. Yusufning halolligi, kamtarinligi va insoniyligi uchun Yaratgan Parvardigor unga ham, otasi kabi payg'ambarlik darajasini ato qildi.


Orqaga qaytish