Matbuot xizmati

5116 marta o'qildi
KITOB MEHRI

             Adabiyotni sevgan insonning qo‘lidan yomonlik kelmaydi. Hamma gap kitoblarni sevishda. Zamonaviy, “Madaniylashgan” yoshlar orasida maktabda yaxshi o‘qiydigan, she'r yod olishni xush ko‘radigan bolalarni masxaralaydiganlar ham yo‘q emas. O‘zida bo‘lmasa qiyin-da. Bir yilda bitta kitob o‘qimaydiganlar bor.  Hatto majburlab ham o‘qitolmaysiz.

Biroq Pskent tumanidagi 1-maktab o‘qituvchilari bolalarni adabiyot olamiga yetaklashning ajoyib yo‘lini topishgan.

Maktabda drama to‘garak tashkil etilganiga ham mana 33 yil to‘libdi. Kunda-kunora o‘tkaziladigan adabiy kechalar o‘quvchilarni o‘zining sehrli dunyosiga shu darajada tortganki, ular asar qahramonlarini maktabning ixchamgina sahnasiga olib chiqish uchun bahslashadilar, tortishadilar. alabgorlar bir oyda 3 ta kitobni kim o‘zarga o‘qib chiqib, drama to‘garak rahbari, adabiyot fani o‘qituvchisi Gulchehra opa Mutalovaga tahlil qilib berishlari, ko‘rikdan o‘tishlari shart. Shu asnoda anketa savollariga javoblar olinadi.

— Nega kitob o‘qimaysiz? Kitob o‘qishingiz uchun nima qilishim kerak? Kitoblar talabingizga javob beradimi? — degan savollarga bolalar «Kitob qimmat, ota-onamiz kitob o‘qitmaydi, undan ko‘ra mollarni boq, deyishadi, chiroq o‘chgandagina kitoblar haqida gaplashishimiz mumkin. Boshqa paytlarda televizor ko‘ramiz», degan javoblarni berishadi.

Maktab sahnasiga Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Said Ahmadning “Ufq” romani, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, Xudoyberdi o‘xtaboyevning “Sehrli qalpoqcha” asarlari olib chiqildi.

Ayniqsa, “Ufq” romani tomoshabinlarda o‘zgacha taassurot uyg‘otdi. ursunboy qochoq rolini Elyor Hamidullayev, Ikromjon rolini Umid Umarov, Jannat xola rolini Hulkar Usmonqulova, Inoyat oqsoqol rolini Otabek Umarov singari o‘quvchilar ijro etishdi.

Har galgi sahna ko‘rinishidan so‘ng hammayoqda shov-shuv bo‘lib ketadi. Ota-onalar, mahalladoshlar tomoshadan mamnun, birov “Nazokat rolini qotirib o‘ynadi”, desa yana birov “Botir haqiqiy Nozimjon bo‘lib ketdi-ya”, deydi.

Yaqinda tuman hokimligidan Gulchehra opa va drama to‘garak a'zolariga maqtov yorlig‘i keldi.

Bizning davrimizda bolalar e'tiborini tortadigan narsalar ko‘p. Biroq maktabda o‘tkaziladigan teatr haftaliklari har qanday o‘yindan qiziqroq. O‘tkazilgan tadbirlar sinf soatlarida muhokama qilinadi.

—Behbudiy “eatr — ibratxona”, deb bejiz aytmagan, bir bezori o‘quvchim bor edi, oynani och, desa yopadigan, yop desa ochadigan, o‘lguday qitmir, hech kimning gapiga quloq tutmaydi. Biz unga ishonib, “Ulug‘bek xazinasi”dan rol berdik. O‘qituvchilar “shu-ya, shu to‘polonchi sahnada rol bajaradimi”, qo‘ying, uyaltirib qo‘yadi”, deyishdi. Biroq o‘quvchim biz o‘ylagandan ham ortiqroq ter to‘kdi. Kitobni o‘qib chiqdi, ssenariyni yod oldi va o‘z vazifasini qoyilmaqom qilib bajardi, — deydi to‘garak rahbari Gulchehra opa Mutalova.

Bundan tashqari maktabda musiqa, raqs, rasm, chet tillari, badiiy gimnastika, futbol to‘garaklari ham faoliyat olib boradi. Yana bir fidoyi o‘qituvchi Sanobar Malikova o‘tgan 2009 yilda til-adabiyot fani bo‘yicha viloyat tanlovida 1-o‘rinni oldi. 9-sinf o‘quvchisi Nargiza Mirxoliqova ingliz tili bo‘yicha Respublika olimpiadasida g‘olib, deb topildi.

Maktab rahbari Marhabo opa Qurbonova barcha ibratli ishlarda bosh-qosh. Shu sababdan ham maktabning ish tajribalari Respublika miqiyosida ommalashtirildi.


Orqaga qaytish