Ertaklar

5533 marta o'qildi
Olmani o'rniga qo'yilgan shart

Bir kuni bir yigit yo'lda ketayotsa, oldiga bir olma "to'p" etib kelib tushibdi. Yigit uyoq-buyoqqa qarab, olmaning egasini ko'rmabdi. Shunda u qirmizi olmani olib, oqib turgan suvga yuvibdi va bir tishlabdi. Bir payt oldidan bir barvasta kishi chiqib:

 

Olmani o'rniga qo'yilgan shart

 

Bir kuni bir yigit yo'lda ketayotsa, oldiga bir olma "to'p" etib kelib tushibdi. Yigit uyoq-buyoqqa qarab, olmaning egasini ko'rmabdi. Shunda u qirmizi olmani olib, oqib turgan suvga yuvibdi va bir tishlabdi. Bir payt oldidan bir barvasta kishi chiqib:

 

- Hoy yigit, sen nega mendan so'ramasdan mening olmamni o'g'irlab yemoqdasan? - deb doq uribdi.

 

- Yo'q, amaki, kechirasiz, men olmangizni o'g'irlaganim yo'q, olma oyog'im ostiga kelib tushgan edi, olib yeyapman,-debti yigit.

 

Lekin u kishi juda qaysar ekan, "yo'q, o'g'irlading", deb turib olibdi.

 

- Ho'p, mayli, o'g'irlagan bo'lay, bu gunohimni nima qilsam kechirasiz? - deb so'rashga majbur bo'libdi yigit oxiri.

 

-Bu gunohingni yuvish uchun mening qizimga uylanasan, - debdi u odam.

 

- Mayli, uylanaman, - debdi yigit.

 

- Lekin, bilib qo'y, qizimning ikki oyog'i shol, ikki qo'li shol, ikki ko'zi ko'r - debdi u kishi.

 

- Yigit so'zi bitta, - debdi yigit, - nima bo'lsa ham qizingizga

uylanaman. Shunday qilib yigit bu kishining qiziga uylanibdi. Go'shangada ko'rsa-ki, oy desa og'zi bor, ko'zlari cho'lpon, lablari g'uncha, qoshlari kamron, yuzlari shirmonday,sochisumbul, qo'llari ipakdek mayin, qaddi-basti kelishgan sarvqomat qiz ekan.

 

Yigit qaynotasining gaplaridan hayron bo'libdi. To'ydan keyin gaplashib o'tirishgach, bir kuni u yurak yutib:

 

- Dada, nega o'shanda qizingizni ko'zi ko'r, qo'li shol, oyog'i cho'loq degan edingiz? - deb so'rabdi.

 

- Ko'zi ko'r deganimki, qizim hali voyaga yetib, sendan boshqa yigitni ko'rgan emas. Oyog'i shol deganim, ostona xatlab, ko'chaga chiqmagan, qo'li shol deganim, sendan boshqani qo'li qizimning qo'liga tegmagan, - deb javob beribti qaynota. Yigit qaynotasining bu lutfiga tasanno aytgan va yori bilan qo'sha qarigan ekan.



Orqaga qaytish