Ertaklar

4712 marta o'qildi
Tegirmonchi

Tegirmonchining ikki o`gillari va ularning kelajakda qanday insonlar bo`lib yetishganlari haqidagi ertak

Tegirmonchi 

Bir bor ekan, botir yo’q ekan bir tegirmonchi bo’lgan ekan. Tegirmonchining ikkita o’g’li bor ekan. O’g’illarining kattasi dangasa, ishyoqmas ekan. Kichigi mehnatsevar, pishiq, odobli yigit ekan. Bir kuni tegirmonchi ikki o’g’lini yoniga chaqirib : 
- O’g’illarim, men endi qarib qoldim, - debdi, - bir oyog’im to’rda bo’lsa bir oyog’im go’rda. Mendan sizlarga qoladigon mana shu hovli-yu tegirmon, xolos. Ikkalaring hamjihat bo’lib, ahil yashanglar. - Chol shu nasihatni qilgandan keyin bir necha kun o’tgach, vafot etibdi. O’g’illariga tegirmon bilan hovli meros qolibdi. Katta o’g’liga hovli tegibdi, kichigiga tegirmon tegibdi. Kichik o’g’il har kuni odamlarning bug’doylarini tortib, un qilib, uyga u-bu yegulik topib kelar ekan. Ammo akasi unga sira qarashmas ekan. Bir kuni ukasi, aka, keling, bir baxtimzni sinab ko’ramiz, debdi. Shunda akasi: 
- Baxtimizni sinash uchun qishloqning boy qiziga uylanamiz, boy qiz ko’pgina sepi bilan kelib bizlarni ham boy qiladi, kel sen topgan pullaringni menga ber, pul yig’aylik, -debdi. Bunday puch gaplarga ukasi ko’nmabdi. O’rtada janjal ko’tarilibdi. Akasi ukasini uydan haydab chiqaribdi. Ukasi tegirmon toshini ham o’zi bilan olib, uydan chiqib ketibdi. Yo’l yuribdi, yo’l yursa ham mo’l yuribdi. Qorong’u tushganda bir eski uy yoniga yetib boribdi. Eski uyda tunagani qo’rqib, daraxtning tepasiga chiqib olibdi. Tegirmon toshini ham o’zi bilan daraxtga olib chiqib ketibdi. Yarim tunda daraxtda uxlab o’tirib, qo’lidan toshini tushirib yuboribdi va uyg’onib ketibdi. Uyg’onganida turli sharpalar qochib ketayotganini ko’ribdi-yu, pastga tushgani qo’rqib, o’tiraveribdi. Tong otgach pastga tushsa, tegirmon toshining tagida yotgan yarim qop oltin va atrofga sochilib yotgan qimmat baho taqinchoqlarni ko’ribti. Kechasi o’g’rilar o’g’irlangan narsalarni tashlab qochgan ekanlar. Yigit tosh bilan birga oltin va taqinchoqlarni ham yig’ishtirib, uyga bormoqchi bo’libdi. Ammo akasi bilan yana ko’ngilsiz gaplar bo’lishini o’ylab, boyliklarni ko’targanicha boshi oqqan tomonga ketibti. 
Akasi bo’lsa, ukasini uydan quvlab chiqargach, qiyinchilik bilan kun ko’ra boshlabdi. Tez kunda yegulik narsa topa olmay, uyini sotibdi. Uyining puli ham tugab, u ko’chada qolibdi va kishilarning xizmatlarini qilishga majbur bo’libdi. O’tin terib, sotib kun ko’ribdi. Kunlar shu tarzda o’taveribdi. U avvalgidan ancha chaqqon bo’lib, qo’lidan ancha-muncha ish keladigan bo’lib qolibdi. Pul yig’ib, ukasini qidirib topishni maqsad qilibdi. Bir kuni u o’tin terib horib-tolib yurganda bir muhtasham saroy oldidan chiqib qolibdi. Darvozasini qoqib, suv so’rabdi. Ichkaridan 5-6 yoshlardagi bir qizcha chiqibdi. Qizcha ko’ziga issiq ko’rinibdi. Bu uy kimning uyi ekanligini so’rabdi. Qizcha odamlar dadasini ,,tegirmonchi” deb atashlarini aytibdi, dadamlar hozir ishdalar, debti. U tegirmonchi kelishini kutibdi. Tergan o’tinlarini ham shu hovliga olib kelibti. Bir vaqt tegirmonchi ishdan qaytib kelibdi. U o’zining ukasi ekan. Aka-uka bir-birlarini ko’rib, sevinganlaridan yig’lab yuboribdilar. Aka-uka bir-birlarini nihoyatda sog’ingan ekanlar. Ukasi akasini so’roqlagan paytda uni uyni sotib ketganini bilgan, topa olmay, nihoyatda xafa bo’lgan ekan. Aka-uka bir-birlaridan hol ahvol so’rabtilar, ukasi akasini uyga taklif qilibdi. Uka akasi ham ancha mehnatsevar odam bo’lib qolganini, mehnat bilan kun ko’rib ko’rayotganini anglabdi. Ikkalalari bir bo’lib, otalaridan qolgan hovlini qayta sotib olibdilar. Shu qishloqning odobli xonadoniga sovchi qo’yib, akasini ham uylantirib qo’yibdi. Akasi o’z qishlog’ida baxtli hayot kechiribti.


Orqaga qaytish