Matbuot xizmati

5360 marta o'qildi
ZAKOVAT CHO`QQISI

          Bundan bir necha yuz yillar muqaddam odamlarga vaqti kelib insoniyat ilm cho`qqilarini zabt etadi, ertaklardagi uchar gilam, oynai jahonlar haqiqatga aylanadi, desangiz sizni telbaga chiqarishardi. Bugun esa odamzod yana bir ilm cho`qqisini zabt etdi. Deyarli bir yarim asr davomida u yer kurrasini o`zgartirib yubordi. U turli narsalarni ixtiro qildi. Ular orasida eng buyuk ixtirolaridan biri — shubhasiz kompyuterdir.

Bizning davrimizga kelib kompyuterlar shu qadar mukammallashib ketdiki, ularni ko`rib, inson aql zakovatiga tasanno aytasiz. Axir o`zingiz o`ylab ko`ring u bilan butun bir zavodni ishlatish, har hil konstruksiyalar tuzish, dars tayyorlash mumkin.

      Aslida, kompyuterlar avvalida hisoblash ishlarini yengillashtirish uchungina ixtiro etilgan. «Computer» inglizcha so`z bo`lib, hisoblash uskunasi, mashinasi degan ma`noni bildiradi. Masalan, bundan necha ming yillar muqaddam xitoyliklar ixtiro etgan sanoq cho`plari ham aslida kompyuterlarning ilk ko`rinishidir. Nemis muhandisi Konrad Suze esa arifmometrlarning konstruksiyasini yangilashga harakat qiladi. Bu esa hozirdagi avtomatik kalkulyatorlarga yetaklovchi harakat edi. Shunday qilib, 1937-yilda Djon Anatasov birinchi elektron-raqamli kompyuterning ishlash prinsiplarini ishlab chiqadi.

      1943-yilda mashhur katta kompyuterlardan biri — ENIACni yasash ishlari boshlanadi. Oradan uch yil vaqt o`tib, qurib bitkazilgan ENIACning og`irligi 30 tonna, 18 ming elektron chiroqchalarga ega edi. Shu bilan bir qatorda u soniya ichida besh ming operatsiya o`tkazishi mumkin edi. Kompyuter 9 yil mobaynida ishlatiladi va oxirgi marotaba 1955-yil yoqiladi. Shu yili britaniyaliklar «Colossus» nomli kompyuter o`ylab topishdi. Bu butunlay elektronlashtirilgan hisoblash mashinasi edi. Bu kompyuterlar atigi 10 dona yasalgan. Ularning asosiy vazifasi kodlangan yozuvlarni o`qishdan iborat bo`lgan.

       Olimlar yangi-yangi ixtirolar qilishdi. Masalan, 1947-yil Uilyam Shekin, Jon Bardin va Uolter Bretten tranzistorni kashf etishadi. 1954-1957- yillarda ilk o`yma qolipli printerlar paydo bo`ladi, vinchesterning birinchi nusxalari ixtiro etiladi. 60-70-yillardagi asosiy dasturlash tili bo`lgan Cabol yaratiladi. Va nihoyat Alan Shugart degan olim sakkiz dyumlik ilk Floppi-diskni kashf etadi. Ushbu Floppi-diskning xotirasi 80 kb hajmda edi.

       Bilasizmi, birinchi sotuvga chiqarilgan kompyuter qaysi? Bu, albatta, IBM-PDP-1 kompyuteridir. Hozirgi yengil avtomobildek keladigan mini-kompyuterning sotuvdagi narxi 120 ming dollar edi. PDP-1 ga exnika Universiteti talabasi Stiv Rassel «Yulduzlar jangi» (Star War) degan o`yin yozgach, u yaxshigina o`yinchoqqa aylanadi. Darvoqe, dunyo olimlari kompyuterlarning V-avlod vakillarini yaratish ishlarini olib borishmoqda. Ishlar ular rejalashtirganlaridek ketadigan bo`lsa, 2030-yilga borib bizning uylarimizda xuddi biz kabi o`ylaydigan, fikrlaydigan kompyuterlar paydo bo`ladi.

      O`tgan asrning 70-yillarida AQSh mudofaa vazirligi ARPANET aloqa tarmog`ini yaratdi. Ana shu aloqa tarmog`i asosida xalqaro Internet tarmog`i tashkil etiladi. Ayniqsa, Noyas kompaniyasi tomonidan modem ishlab chiqarilgach, u ommalasha boshlaydi. Hozirga kelib Internet tarmog`iga ulanish uchun Adwiper, Opera, Netscape, Power Browser, Microsoft Internet Explorer, Mesatc kabi internet brouzerlari mavjud. Bu brouzerlar orqali siz o`zingiz xohlagan kitobingizni o`qishingiz, xohlagan musiqangizni tinglashingiz, kinoning klassik durdonalaridan bahramand bo`lishingiz, dunyo voqealaridan boxabar bo`lishingiz, qisqasi istagan savolingizga javob topishingiz mumkin. Buning uchun esa sizdan faqatgina kerakli saytga kirishingiz talab qilinadi xolos.

     Qadrli jurnalxon, sizga yana bir narsani eslatib qo`yishni joiz topdik. Kompyuterdan foydalanishda ma`lum me`yorlarga rioya qilish lozim. Uning oldida iloji boricha kamroq o`tirgan ma`qul. Kompyuterlardan me`yordan tashqari foydalanish oqibatida, ko`z nurining pasayishi kuzatiladi. O`smirlarda esa umurtqa pog`onasining qiyshiq rivojlanishi sodir bo`ladi (bunga asosiy sabab, kompyuter qarshisida to`g`ri o`tirmaslik).

     Yuqorida ta`kidlaganimdek, kompyuterlar inson zakovati cho`qqilaridan biridir. Demak, biz ulardan shunday foydalanaylik-ki, ular tufayli biz koinotning gultojiga aylanaylik.

 


Orqaga qaytish