Hikoyalar

5312 marta o'qildi
Piyoda. Erkin Azam

Bu o‘rtada kim yomon desangiz — Berdiboy yomon! Berdiboy bemehr, Berdiboy otabezori, onabezori, Berdiboy ukalarini xushlamaydi, ularga yov, ota uyidan ham qochgani qochgan — yomon-da Berdiboy! Nomi yomonga chiqqan. Azaldan. Eskilik sarqiti u. «Hoy, shoshmanglar, birodarlar, unchalik emasdir-ov, nima, enasi buni yomonlikka tuqqanmi, buniyam ko‘nglida biron dardi-da’vosi bordir, aytsin, eshitaylik!» deydigan mardumi musulmon qayda! Alam qilar ekan: axir, u ham odam, shu zamonning odami, shu havodan nafas oladi, ikkita munchoqdek-munchoqdek qizalog‘i bor;

                                                                                                                                                Erkin A’ZAM

PIYODA

Bu o‘rtada kim yomon desangiz — Berdiboy yomon! Berdiboy bemehr, Berdiboy otabezori, onabezori, Berdiboy ukalarini xushlamaydi, ularga yov, ota uyidan ham qochgani qochgan — yomon-da Berdiboy! Nomi yomonga chiqqan. Azaldan. Eskilik sarqiti u. «Hoy, shoshmanglar, birodarlar, unchalik emasdir-ov, nima, enasi buni yomonlikka tuqqanmi, buniyam ko‘nglida biron dardi-da’vosi bordir, aytsin, eshitaylik!» deydigan mardumi musulmon qayda! Alam qilar ekan: axir, u ham odam, shu zamonning odami, shu havodan nafas oladi, ikkita munchoqdek-munchoqdek qizalog‘i bor; birovdan kamdir, birovdan ziyod ro‘zg‘or qilsa, hech kimdan non-osh so‘ramasa, ba’zilarga o‘xshab piyoda yurmasa — eskiroq bo‘lsa hamki, mayli-da, tagida uch oyoqli ulovi tayyor! Faqat, faqat...
Mana, u odatdagidek, bozor-o‘charini kajavaga joylab, endi mototsiklini o‘t oldirmoqqa chog‘langan edi, kimdir chaqirib koldi:
— Xo‘v Berdiboy!
Ukasi, to‘rtinchi sinfda o‘qiyotganida tug‘ilgan, o‘n yoshlar kichik bir tirmizak — Samandar; qavatida o‘ziga o‘xshash ikkita shotiri, yuqori guzardan velosiped surib kelyapti.
Berdiboy yonbosh bo‘lib mototsikl egariga suyanarkan, g‘ijindi: «Parda Qurbonning tarbiyasi-da!»
— Sanam o‘qishga ketyapti! — dedi Samandar shaytonaravasidan tushar-tushmas, bir oyog‘ida hakkalab.
— Suyunchi beraymi shunga?!
— Toshkentga! — Samandar battar g‘ashiga tegmoqchidek tirjaydi. Berdiboy g‘azabini yashirolmadi:
— Otang-chi, Parda Qurbonning o‘zi-chi, o‘qishga bormasmikan u?!
— Otam supada eski kitob o‘qib o‘tiribdi, — deb javob qaytardi bola parvo qilmay.
— O’qisin, ko‘proq o‘qisin — imoniga foyda!
Berdiboy mototsiklini tarillatib bozor darvozasidan chiqdi-yu, katta ko‘chada qatorlashib o‘tayotgan mashinalar bahona, ikkilangancha turib qoldi. Nihoyat, bir qarorga kelib, bundan uch oy avval «qaytib qadam bossam!..» deya qasam ichib ketgan uylari tarafga soldi yo‘lni.
Bostirma tagida, bo‘yin-boshini kattakon eski sholro‘mol bilan tang‘ib, qo‘lida rapida, ikki yuzi tandirdan yangi uzilgan kulchadek qizarib-bo‘g‘riqib non yopayotgan onasi uni:
— Ebi, o‘zimdi sahroyi ulimmi? Araz-durazing arib-tarqab keldingmi, bolam? — deya, yaxshi tanimagan bo‘lib chap kaftini peshonasiga soyabon qilgancha, kulimsirab qarshi oldi. — Ke, ke. Qizginalaring chopib-chopqillab yuribdimi? O’zingdi tan-joning sog‘mi? Oyro‘zingdi vaqti xushmi? Tiniq kampir qalay? O’tirgandir keng yaylovda kengash qurib?
— Yaxshi, hammaginasi yaxshi, oy kulganday! — dedi Berdiboy sabrsizlik bilan. — Bu, Sanamingiz o‘qishga ketarmish, deb eshitdikmi, apa?
— Uzangi shaylab turibdi-ku, akasi, bilmasam. Shunga to‘rttagina kulcha qilib beray, yo‘lda yeb ketar deb, mana, ertalabdan beri sabil qolgur tandirga bosh suqib yotibman.
— Toshkent deganlari anoyi shahar emas, apa...
— Nima qilay? Yo‘liga xoda solay desam, bu qilobining fe’lini bilasan, keyin uyda qolib suyagimni oqartiradi. Qo‘y, ulim, sen aralashma, borsa borsin, o‘qisa o‘qisin! Binoyiday bitirib kelayotganlar kammi! O’ziga insof bersin, de. Zamonasi ekan, nachora! Mana, o‘qimay men nima bo‘ldim? Kunim — kir yuvishu non yopish!
— Apa-a, Toshkent katta shahar, deyapman!
Bu safar onadan sado chiqmadi, U indamay, birin-ketin tandirdan uzgan patirlariga kosadagi suvdan sepib, nariroqqa — yirtiq dasturxon to‘shalgan xontaxta ustiga qalashtirib tashlayverdi.
— Ha, avval borib anov odam bilan so‘rash, — dedi bir mahal.
Samandarning aytgani to‘g‘ri chiqdi: Parda Qurbon uzumlarini chumchuq cho‘qib bitirgan ishkom tagidagi supada, po‘stakni chappa tashlab, qansharida ko‘zoynak, xirmondek bo‘lib kitob mutolaa qilib yotardi.
— E-ha, Berdiboy, — deya og‘ir qo‘zg‘alib, istar-istamas qaddini rostladi u. — Keling. Bolalar yuribdimi? Momangiz damlimi?
— O’tiribdi. Eski kasali — kechasi oyog‘i og‘riydi.
— Ihm, ihm. Cho‘rt, borish kerak ekan-da bir.
Koshki bu odam bilan tuzuk so‘rashib bo‘lsa, so‘zlashib bo‘lsa! Yuz og‘iz gapirsangiz ham javob shu — «Ihm, ihm. Cho‘rt, cho‘rt».
Nimadan so‘z boshlashni bilmay Berdiboy beixtiyor tomorqaga nazar soldi. Qarovsiz, hammayoq qarovsiz! Olmalarning tagi yumshatilmagan, shoxlari sinib, mevalari yerga to‘kilib yotibdi — molga yem. Devor tagida o‘sgan ikki tup anor — beboshbog‘ gangib yurgan ikki qo‘tir echkiga tayyor ermak. Hovliga tutash keng sayhon suvsizlikdan tors-tors yorilib, ajriqzorga aylangan...
— Anovi yerni chopib, biron nima ekish kerak edi, — dedi Berdiboy azbaroyi gapni yurishtirib olish maqsadida.
— Ihm, chopish kerak, ekish kerak, — deya ma’qullab ko‘ydi ota.
Kim chopadi, kim ekadi? Erkashotirlari har yoqqa to‘zib ketgan, boyagidek ko‘cha changitib, noma’qulning nonini ko‘zlab yuribdi. Bir umr cho‘t qoqqan odamning o‘zi bo‘lsa, endi mana, muk tushgancha eski kitoblarni hijjalab yotibdi — oxiratning tashvishu hisob-kitobi bilan mashg‘ul, bu dunyoni suv bossa bosaversin! Erta bir kun boshiga salla o‘rab, soqolini ko‘kragiga tushirib namozxonlar qatoriga kirsa ham ajab emas. Anov boloxonada ulfati Barot Qosim bilan bir yonboshlaganda yarim qo‘yning go‘shtiniyu necha-nechalab shishaning tusini o‘chirgan davrlari esida yo‘q...
— Ota, bu Gulsanam... — deb g‘udrandi Berdiboy.
— O’qishga ketyapti u. Toshkandga, — dedi Parda Qurbon kitobidan ko‘z uzmay. Shoshma, g‘urur bilan aytdimi shu gapni?
— Maylimi? O’zi boshyalang yurardi...
— Boshyalang? Qachon? Yo‘g‘-e, Berdiboy, unday demang!
Bu yog‘ini pardozlab o‘tirmadi Berdiboy — borini tiliga chiqardi-qo‘ydi:
— Er bo‘lsa shu yerdan ham topilar edi...
Ota ajablangan kabi unga bir o‘qraydi-yu, indamadi, tag‘in kitobiga egilib oldi.
— Berdiboy, o‘zingizning singlingiz-a!.. — dedi saldan keyin.
Nos yaxshi-da bunday paytda, tilning tagiga tashla-ab, karu gung bo‘lib o‘tiraverasiz! Aytgichingizni bo‘lsa aytib oldingiz!
— Mana men, akajon!
Berdiboy yalt etib ayvon tarafga karadi. Deraza tagida yotib hamma gapni eshitgan chog‘i, panjaraga suyangancha, hech narsadan tap tortmaydigan bir vajohat bilan sho‘x-shaddod Gulsanam turardi. Boshyalang! Ana, ko‘rdinglar, musulmonpar, aytmabmidim!
— Yo‘l bo‘lsin, singlim? — dedi Berdiboy nosini tupurib.
— Toshkentga!
— Toshkentda pishirib qo‘ygan ekanmi?!
— Sizga sallalik, Oyro‘zi chechamga paranjilik opkelmoqchiman!
— Xo‘sh, qanday o‘qishga ekan? — dedi Berdiboy uning kesatig‘ini eshitmagandek, atay merovsirab. — O’qib kim bo‘lasiz endi?
— Xudojnik-modeler! Bichiqchi rassom.
Bu so‘zlarni Gulsanam shunday ohanjamali talaffuzda, shunday burab aytdiki, tilginasini sug‘urib olgisi keldi Berdiboy.
— Devor ag‘nasa, ichkari ag‘nasin, — dedi maqol-matalsiz gapirmaydigan ona tandir boshidan turib orachi-murosachilikka tusharkan. — Mayli, akasi, o‘zimizdan ham chevar chiqsin-da. Bir ko‘ylak tiktirish — falon pul! Kelib xotiningga, kizaloqlaringga chiroyli-chiroyli narsalar tikib beradi.
— U yoqda kimnikida turasan? — deya so‘rog‘ida davom etdi Berdiboy.
— Kimnikida bo‘lardi, akam-chi, Muzaffar akamnikida!
— Ha, Xudo uribdi!
— Bu nima deganing, ulim! Bir qorindan chiqqan ukang-a! — dedi onasi supaga yaqinlashib. — Uyat bo‘ladi. O’zingnikini yomonlasang, yotning mehri qochadi, deydilar. — U qo‘lidagi ko‘pchib-singib pishgan nondan bir chimdim uzib og‘ziga soldi-da, chala yozig‘liq dasturxon ustiga qo‘ydi: — Ol, nondan ol.
— So‘ng Gulsanamga o‘girildi: — Sen, qiz, bunday aytishib o‘tirguncha, kirib taraddudingni ko‘r! Akangdi odatini bilasan: Tiniq kampirdi o‘gitini yeb, o‘gitini ichib katta bo‘lgan bu sahroyi ulim!
Yo‘q, Gulsanam zahrini so‘nggi tomchisigacha to‘kmasa, naq o‘lib qolardi!
— Siz, aytaymi... — dedi u Berdiboyga chaqchayib qarab, — o‘tgan asrdan qolgan odamsiz, akajon!
— Bo‘pti! Bu zamonda akalik qolmabdi, ukalik qolmabdi. Buni surishtirmoqchi bo‘lgan odam o‘tgan asrga qaytishi kerak ekan, bo‘pti, qaytamiz! — dedi Berdiboy g‘aribnolalik bilan. — Otang rozi, enang rozi, biz nima der edik, singlim? Biz bu uydan etak silkiymizu chiqamiz-ketamiz-da!
— O’tir, o‘tir! Qo‘zilaring qo‘lingta qaraydi, ikkita issiq patir o‘rab beray, — dedi onasi kiftidan bosib. So‘ng yarim hazil, yarim chin ohangda ginaxonlik qildi: — Doim kelib uyimga bir g‘avg‘o solib ketasan-a, ulim? Hah, sening kindikkinangdi kesgan kampirdi kapaginasi kuysin!
«Kindikkinangdi kesgan kampir...» Momamni aytyapti. Yoqtirmaydi, o‘lgudek yomon ko‘radi uni. Kelinligida ko‘p sitam o‘tkazgan emish-da. Shu yalmog‘iz kampirdan qutulay, ham ota-onamga yaqin bo‘lay, deya qistayverib, axiyri, shahardan uy-joy qildirgan otamga. Biz bo‘lsak qolaverganmiz u yoqda — yolg‘iz kampirning qo‘lida, «yalmog‘iz» kampirning qo‘lida... sahroyi bo‘lib, o‘gay bo‘lib! Endi bular — shaharlik! Endi bularning oti — Muzaffaru Samandar, Gulsanamu Gulandom! Bizniki bo‘lsa... Berdi, Berdiboy! Kim berdi, nima berdi, nega?.. Endi apam bu yerni «uyim, mening uyim» deb gapiradi.
Parda Qurbon bo‘lsa miq etmaydi, «ha, uying, sening uying» degandek, quloq qoqmay o‘tiraveradi. Chunki ro‘zg‘orning tizgini, jami bordi-keldisi apamning qo‘lida! Bu ishlarni ko‘ring, e, dod-ey!
— Yo‘q! — dedi Berdiboy shitob bilan o‘rnidan turib. — Men ketdim! Boshingizga yostiq qiling patiringizni! Uyimda non yetarli, shukr! Bu yerda bizning bir chaqalik qadrimiz yo‘q ekan, bildik! Endi yelkamning chuquri ko‘rsin uyingizni!
— Berdiboy, ihm, Berdiboy! Cho‘rt, cho‘rt... — deya bazo‘r, tanbalona bir qo‘zg‘alib qo‘ydi ota.
— Sizdi bilamiz, yana hech nima ko‘rmaganday, labingizga kesak surtib kirib kelasiz uyimga — sizdi bilamiz! — dedi ona zaharxanda bilan.
— Kelsam!..
— Berdiboy! Cho‘rt, cho‘rt...
— O’tgan safar qasam ichmay, suv ichib edingizmi? Yashang!
O’tgan safar... Berdiboy to‘lib-toshib kirib kelgan edi bu uyga. Muzaffarboy kepti, ukasi kepti! Toshkentda, institutda domlalik qiladigan ukasi! Xotini bilan kepti. Bir izzatiga yetish kerak! Toki, kelinlari qoyil qolsin, «erimning shunday akasi bor ekan», desin! Berdiboy mototsiklda markazga tushib bozor oraladi, uyiga borib semiz bir qo‘yni yotqizdi. Mehmonlarni olib ketgani kelsa, hovlida qandaydir qiz yuribdi... Boshyalang, sochi qirqilgan. Egnida yupqagina, piyozning po‘stidan ham yupqa-e, yengsiz bir ko‘ylak, lozimdan-ku darak yo‘q. Kelinlari shu emish! Onasini chetga tortib: «Apa, ayting, — dedi, — boboydi oldida buytib yurmasin!» «Uylama, ulim, boboy qaramaydi». «Qaramasayam...» Anovi arzanda Muzaffarlari-chi, Muzaffarlari? «E, Berdiboy-e, qip-qizil chudaksiz-da!» deydi kulib turib. Xotinini uyga olib kirib och biqiniga solishning, «aka, to‘g‘ri aytasan», deyishning o‘rniga!
Onasi rost aytadi: o‘shanda, arazlab ketayotganida ichgan qasami — qasam bo‘lmay, suvmidi?! Hah, xom sut emgan banda!
Berdiboy darvozadan chiqqach, hayratidan yoqa ushlab qoldi. Yo tavba, rostdan shu xotin tuqqan onasimi? «Ket! Jo‘na! Yana shu uyda qorangdi ko‘rsam!..» dedi-ya!
...Rajab bodining hovlisi temirchilar guzarida edi. Berdiboy mototsiklda bog‘-bog‘ot oralab topib bordi. Devor kemtigidan ovoz berib so‘radi: «Toshkentdan billa o‘qigan jo‘ralari kelgan, o‘shani olib qayoqqadir ketdilar», deb javob qildi xotini.
«Eh, qo‘limga tushasan-ku hali!» dedi ichida Berdiboy titrab.
Gap shundaki, avval-boshlab Safar shilpiqning temir-taqaga o‘ch kenjasi Rajab bodi Toshkentdan shunday bir antiqa tomosha topib keldiki, kuy-qo‘shiqdan tashqari, shappotdek joyidan kino ham ko‘rsatar ekan. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y oqshomlari bodining ayvonini to‘ldirib tekin kino ko‘rgani to‘planardi.
Keyin bunaqa matah ko‘paydi, rasmga kirdi.
Keyin... qiz-juvonlar hayo atalmish dahmazaga qo‘l siltab, ko‘chada ishvakorona qadam tashlaydigan bo‘lishdi; yigit-yalangning sochi yelkasiga tushdi, surnaypocha shimu zaifona guldor ko‘ylak kiymagani qolmadi; Ashur novvoyning kelini uch go‘dagini chirqiratib, «Sevaman! Sevsam nima qilay?» deya shahrisabzlik dorboz bolaga ergashib ketdi. Keyin bir kuni mulla Shodining sochi taqimini o‘padigan, qushdek hurkak, qo‘ydek yuvosh qizi Gulchehra ko‘chaga velosiped minib chiqdi, keyin — eh!..
Berdiboyning hayoti o‘shanda buzildi — yettinchi sinfdan beri Gulchehraga oshiq edi! (Qishloqda oyog‘idan chayon chaqib, shahar maktabiga o‘qishga o‘tganidan beri!)
Shu-shu, Berdiboyimizning ashaddiy g‘animi — Rajab bodi. Televizor degan baloni o‘sha yaramas topib kelgan-da. Berdiboyning barcha «fojia»siga esa ana shu badbaxt sandiq aybdor, shu aybdor!
Rajab bodi qo‘liga tushsa!.. Biroq, tushganda nima deyishi, nima qilishini o‘zi ham bilmasdi.
Rajab bodi qo‘liga tushmadi — uyida yo‘q ekan. Berdiboyning o‘zi bo‘lsa, mana qariyb ikki soatdan buyon do‘ngning ustida boshiga mushtlab o‘tiribdi. Mototsikli buzilib qoldi... Rayon veterinariya shifoxonasiga kirib yumushlarini bitirdi-da, shitob bilan markazdan chiqib qishloqqa haydadi. Yo‘lning yarmiga kelib, mana shu do‘nglikka o‘rlayotganida la’nati arava pat-pat etdiyu o‘chdi-qoldi. Qani endi o‘t oldirib bo‘lsa! Qilmagan hunari qolmadi: nishablikka endirib ko‘rdi, «sham»larini qaytadan artib qo‘ydi, moylarining yo‘lini ko‘zdan kechirdi, tozaladi — qayoqda! Axiyri, bir ish chiqishidan umidini uzib, kajavadagi xurjundan ikki dona bodring oldi-da, karsillata-karsillata do‘ngga chiqib o‘tirdi. O’tgan mashinaga qo‘l ko‘taradi, hayqirib ovoz beradi — birovi burilib qarasa-chi! Nomusulmonlar! Xurjunni yelkaga tashlab piyoda jo‘nayveray desa — manzil olis, xurjun zildek! Kuyovlik chog‘lari — markazdagi veterinariya idorasida ishlardi u paytlar — mana shu o‘n besh chaqirim yo‘ldan goho yayov qatnardi. Qalliq o‘yinga oshiqardi! Xayolida o‘tgan kechasining zavqi, nash’asi, yutinib-tamshanib ketaverardi. Endi qayga shoshadi — o‘sha uy, o‘sha xotin!
Berdiboy tilining tagiga nosni tashlab, shu sabilning kayfini surib, xo‘rsina-xo‘rsina o‘tiraverdi. Bugun chap yoni bilan turganmidi, hamma ishi chappa ketyapti-ya? Umuman, nimaga bunday bo‘lyapti? Bari chatok, bari teskari, buzilganmi, bir balo... ilgarigidek emas!
Yo‘q, birdan o‘zgardi hammasi, birdan! Go‘yo u talay muddat — bir yilmi, besh yilmi g‘aflat uyqusida yotdi-yu, uyg‘onsa — mana shu ahvol! Go‘yo uning bir yilmi, besh yilmi ko‘zi ko‘rmay, qulog‘i eshitmay koldi-yu, bir kuni tuzalsa hammasi boshqacha! Odamlar qandaydir o‘zgarib qolgan, lafzu liboslari antiqa, dunyolari antiqa — tanib bo‘lsa, o‘lay agar, mana jon! Qarasa — mulla Shodining qushdek hurkak, qo‘ydek yuvosh qizi Gulchehra boshyalang, sochini kungurador turmaklab, ko‘chada velosiped minib yuribdi! Kuppa-kunduzi! Yo pirim-ey! To‘rt yil ikkovi bir partada o‘tirgan qiz! «O’v, esing joyidami, Chehra! Bu nima yurish? Boshingni yop!» desa, «E, bor-e, tezagangni ter!» deydi!
O’shandan boshlab Berdiboy battar aynidi: neki yangilikni ko‘rsa g‘ijinadigan, dushman ko‘zi bilan qaraydigan bo‘lib qoldi. O’zi-ku azaldan shunday ori nozik, irimchi; xudojo‘y kampirning tarbiyasida yurib, yigit yoshida bamisoli sakson yashar xurofotparast cholning o‘zginasiga aylangan. Ona rost aytadi: «Tiniq momoning o‘gitini yeb, o‘gitini ichib katta bo‘ldi». Qishloq xo‘jalik bilim yurtida o‘qib yurgan kezlari ham kursdoshlari unga olaqarg‘adek, orqavarotdan kulib qarashardi. Harbiy xizmatdan qaytib o‘qishga kirgani uchun u hammaga — aka, yurish-turishiyu o‘zini tutishi anovi yengiltak zumrashalarga o‘xshamas, muallimlar ham unga «Berdiboy aka» deb murojaat qilishar edi. «Aka»lik huquqidan foydalanib, u duch kelgan bolani tergagani tergagan edi. Kaltaroq ko‘ylak kiygan qizni ko‘rsa-ku, jon-poni chiqardi: «Tizzangni yop-e, sharmanda!»
Buxgalterlik bo‘limida Musallam degich sal shaddodroq, ammo ofatijon bir pari bor edi. Shu qiz Berdiboyga qandaydir suykalgandekmi bo‘lib, iliq-intiq nigohlar tashlab yurardi. Nihoyat bir kuni u o‘rtaga odam qo‘yib, dardini yetkazganida, Berdiboy ko‘pchilikning oldida baralla: «Ih, shu jiblajibonni olaman deb kim o‘lib boryapti!» dedi. Bu gapni eshitgan barcha qiyqirib yubordi. Keyin bilsa, kursdagi jami yigit o‘sha qizga xushtor, xushtori nimasi, birgina boqishiga intizor ekan. Keyin bilsa, uni shunchaki laqillatishgan, mayna qilib kulishgan ekan. O’sha qizning o‘zi ham!..
Ay, Gulchehra, Gulchehra! Ay, esini yegan qiz! Nega o‘sha sabilni minding? Nega boshingni ochib yurding — tundek qora zulflaringni Berdiboydan o‘zgalar ham ko‘rsin, debmi?.. O’shanda boshginangga ro‘molginangni o‘rab, halimdekkina bo‘lib yursang, o‘sha, erkakka chiqargan matahga oyoq oshirib minmasang - zaifalik o‘rningni bilsang, qiz bolaga nomunosib o‘sha makruh gapni og‘zingga olmasang... qo‘ling uzayib, oyoqlaring qisqarib qolarmidi, zolim qiz?! Mana, endi Berdiboydan hol so‘ra!..
Gulchehra unday-bunday shaharda emas, naq Toshkentda o‘qidi. Kelgan-ketganlarida uchrashib qolishsa, Berdiboyning yonidan xuddi arazlagandek tumshayib, dimog‘ bilan o‘tardi. Keyin-keyin ko‘rganda esa, «ha, sinfdosh!» deya qandaydir xazil aralashmi, mazax aralashmi muomala qilishga o‘tdi. U endi erga tekkan, Toshkentning koq belida yashar, chamasi, bir paytlar televizordan ko‘rib maftun bo‘lgani — xilvat xiyobonlaru o‘zining ho‘v o‘sha sunbul sochlaridek qirqkokil majnuntollarga batamom yetishgan edi.
Televizorda nima ko‘p — ko‘zni quvnatib, havasni qo‘zg‘aydigan yaltiroq tomosha ko‘p! Ayniqsa, sokin Anhor bo‘ylarida qo‘ltiqma-qo‘ltiq, navozish ila kezib yurgan yoki so‘lim majnuntollar tagida sirli roz aytishib o‘tirgan «baxtiyor yoshlar»ni ko‘rgandan keyin bu juvonmarglarning fe’li buziladi-da. Fe’li buzilsa ham-ku mayli... Toshkent deganlari nuqul ana shunday quvnab-yayrab sayr qilib yuradigan shahar ekan-da, deb o‘ylaydi. Shulardan qaerim kam? Oh, Toshkent! Men ham borsam, shularday bo‘lib yursam!.. Mana, chamadon tayyor, pishang berguvchi dugonalar ayyor: hech nimang kam emas, o‘rtokjon, o‘lsang o‘liging ortiq ulardan, yur, ketdik! Xullas, bechora ota-onani qon qaqshatib yo‘lga tushadi. Ana shunda, ana shunda: «Esingni yig‘, hoy qiz, o‘sha sen havas qilgan tomoshagullarning xiyobonu majnuntoldan boshqayam dardlari bordir!» deb yo‘liga ko‘ndalang bo‘ladigan sherimard aka kerak!
Bunday akaga qo‘l siltasa, uni hatto masxara kilsa-chi?! E, unaqa singilning boridan yo‘g‘i!.. Ketsa ketsin, daf bo‘lsin, izi o‘chsin, nomi o‘chsin! O’qib kelib bu kishim yana ko‘p nagmalar ko‘rsatmoqchi bu yerda — «xudojnik-modeler» emish-a! Axir, shahar senga ammangning uyimi? Yaxshi bor, yomon bor. Yomon ko‘p! Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, singlim! Bilib bo‘ladimi, bo‘yni yo‘g‘on biror nomard bosh-ko‘zingni aylantirsa... begona yurtlarga tushding-ketding-da. Ota-onangni, jigargo‘shalaringni ko‘rgani kelsang yiliga bir kelarsan. Tobora uzoqlashasan, begonalashasan. Begona — sangi devona, debdilar. Keyin, kimga xatlab beribdi bu dunyoni? Hozir beg‘am-beparvo kitob varaqlab yotgan otang bir kuni paq etib... Yetib kelguningcha «etti»si o‘tadi, jon singlim! «Otam»lab armonda qolaverasan! Bunisi ham mayli, deylik. Falokat bosib, biror la’nat orttirsa-chi — isnod, yetti pushtingga yetadigan isnodga botasan! Ey, nima jin urgan-a bu odamlarni? Ko‘ra-bila...
Berdiboyning vujudi zirqirab ketdi. Og‘riqdan, ojizlikdan bo‘kirgudek nola qilib yubordi u. Nolasi tevarak-atrofga taraldi. O’zining tevarak-atrofiga, xolos.
Berdiboy goho o‘zicha orzu qilardi: qani edi, aka-ukalar barimiz bir joyda, masalan deylik momamning bog‘ida — dashtda yashasak, bir qo‘ra, bir qo‘rg‘on bo‘lib! Topgan-tutganimizni kechqurun bir qozonga solsak, birga yesak, birga tursak! Mayli, boboy yotsa yotaversin bizning davrimizda davron surib — yangi kitobini o‘qiydimi, eski kitobini o‘qiydimi, o‘zi biladi. Ota bo‘lib boshimizda tursa, dasturxonimizning to‘rini to‘ldirib o‘tirsa — kifoya, shuning o‘zi katta davlat bizga. Apam, xayr, chidar uch-to‘rt kun, nima momamni bog‘lab beribdimi bu dunyoga, o‘zining ham oldingi shashti yo‘q... Singillar ham shu yaqin-atrof xesh-hamsoyaga uzatilgan bo‘lsa — issiq-sovug‘u yaxshi-yomon kun degan gaplar bor. O’, qani bunday bo‘lsa! Ana o‘shanda mehr-oqibat ham, og‘a-inichiligu ota-bolalik deganlari ham boshqacha bo‘lardi.
...Yo‘q, Berdiboy, bu tushingizni suv allaqachon oqizib ketgan! Bilasizmi, biz bugun qanday zamonda yashayapmiz? Endi bizning har birimizga alohida bir qo‘rg‘on kerak! Devorlari shunday baland, o‘zi shunday pinhon qo‘rg‘onki, na otdan bo‘ylab bizni ko‘ra olasiz, na osmondan qarab! Bu shunday bir qo‘rg‘onki, goh yuksak yulduzlar orzusida, goh zamindagi mayda bir havaschalar ilinjida o‘rtanib, ba’zan o‘zimiz ham o‘zimizni yo‘qotib, topolmay sarson yuramiz...
Ammo, qo‘rg‘onimiz muttasil xarakatda — ulkan bir kemaning bag‘rida u. Kemadan tushib qolib bo‘lmasa — jon shirin, dunyo qurg‘ur umidli...
Berdiboy tirishib-toriqib shahar tomonga nazar soldi: nega bordi o‘zi shu yoqqa? O’qishga ketadigan bo‘lsa ketardi, qorasi ko‘zdan yitardi! Bunday alamu azob ham kam edi.
Asta-sekin tevarakni shom qorong‘isi chulg‘ab, shahar tarafda chiroqlar miltillay boshladi. Elektr chiroqlar. Go‘yo shular ham paydar-pay ko‘z qisib, uni masxara kilardi. Battar alami jo‘shdi Berdiboyning. Yaqin yillargacha momosining uyiga chiroq o‘tkazilmagan, bunga istak ham, ehtiyoj ham yo‘q edi. Uylanganidan so‘ng xotini qo‘ymadi. «Chilla» kezlari edi... «Kechasi tashqari chiqqani qo‘rqyapman», deb turib oldi. Ilgari Berdiboy uyiga elektr o‘tkazsa, xuddi o‘zigagina mahram qandaydir muqaddas sir olamga oshkor bo‘ladigandek, osuda-osoyishta hayotiga allaqanday g‘animlar bostirib kiradigandek bo‘lib tuyular edi. Axir, hamma baloni shu boshlab keldi-da! Shu bo‘lmasa, radio o‘qirmidi, televizor ko‘rsatarmidi! Shu bo‘lmasa... Berdiboyning boshida bunaqa savdolar ham yo‘q edi. Shu bo‘lmasa, tankayu raketa degan vahimalar ham bo‘lmasdi. Nega shularni o‘ylab chiqardi ekan odamzod? O’ziga o‘zi balo orttirguncha, tinchgina kunini ko‘rib o‘tiraversa nima qilardi?..
Yovuz bir kayfiyatda edi hozir Berdiboy! Qo‘yib bersaki, olamdagi jami elektr chiroqlarniyu radio-televizorlarni sindirsa, majaqlasa, yanchib tashlasa!.. Lekin — odamlar-chi, shularni o‘ylab topgan odamlar-chi?! E, hammasining bo‘lgani bo‘lgan, endi o d a m qilib bo‘lmaydi bularni!
Osmonni larzaga solib, yashil-qizil chiroqlarini lipillatgancha samolyot uchib o‘tdi. Qorong‘ida allaqanday parranda, to‘rg‘aymikan, naq Berdiboyning tepasida charx urib aylandi, qanotlarining epkini ham sezilgandek bo‘ldi. Uch-a, qirg‘inga uchragurlar, uch!
Berdiboy jahl bilan og‘zidagi nosni tupurib, o‘rnidan turdi. Yugurgudek halloslab do‘ngdan tushdi, mototsiklining oldiga bordi. Ko‘ziga u hozir bir uyum keraksiz temir-tersakdek xunuk, dardisar ko‘rinib ketdi. Turib-turib, alamidan shartta burildiyu kajavasidagi xurjunni chetga olib qo‘yib, mototsiklni surib bordi-da, sel o‘pirgan soylik — arnaga itarib yubordi. Negadir, kutganidek qattiq taraqlamadi, bir o‘ram sim toshga borib tushgan kabi sado berdi, xolos.
Asli, almisoqdan qolgan bu shalaqaravaning sog‘ joyi yo‘q, sovxoz necha yillar burun uni hisobdan chiqarib tashlagan, Berdiboy u yoq-bu yog‘ini yamab-yasqab, bozor-o‘chargayu qozon-tovoq orasida minib yurar edi. Ajab bo‘ldi, shu bahona qutuldi-qo‘ydi!
Berdiboy og‘ir bir xo‘rsindi-da, xurjunini yelkalab yo‘lga tushdi.
Tun zim-ziyo, milt etgan shu’la yo‘q, to‘rt taraf biydek dasht, manzil olis, yelkasida zildek xurjun, turtina-surtina bir odam piyoda ketib boradi.
Uzoq yo‘l yurdi u, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi u. Yura-yura shunday bir go‘shadan chiqib qoldiki...
...«Ajinalar» hech ajablanmay, hatto allanechuk xushhollik bilan qarshi olishdi uni, davraga taklif qilishdi. Hammasining kayfi bor, uning ham qo‘liga darhol piyola tutqazishdi. Notanish bir hayajon ichida, o‘ylab ham o‘tirmay ichib yubordi u. Xiyol boshi aylanib, o‘zini unutgan ekanmi, asta yoniga cho‘kkan sharpadan sapchib tushay dedi. Sochlari to‘sdek, yarimyalang‘och bir «ajina». Badaniyu yuz-ko‘zida tomchilar mildiraydi — hozirgina anovi suvdan chiqqan. Ie, Rajab bodi ham shu yerda yuribdimi?! Ha, ana, bir dasta kabob ko‘tarib kelyapti. Davradan chetroqda, ikki toshning orasiga bosh suqqancha, ko‘zlari yoshlanib tutun puflayotgan maykachan kimsa shu ekan-da. «Toshkentdan billa o‘qigan jo‘ralari kelgan». Davraning izzatli joyi - ko‘rpacha ustida yostiq quchoqlab siporoq o‘tirgan anovi notanish yigit o‘sha, Toshkentdan kelgan mehmon bo‘lsa kerak. Boshqalari ko‘ziga birmuncha issiq ko‘rinadi, chamasi, rayon markazidan chikqan yosh-yalang...
— E! Parda Qurbon bobomizning ulimi? — dedi Rajab qo‘lidagi kabobni o‘rtaga qo‘yarkan, unga ko‘zi tushib. — Qalaysiz, Berdiboy? Yo‘l bo‘lsin? Munchoqligami? Kech yo‘lga chiqibsiz-da? Bunday, piyoda? Kamnamoroqmi o‘zi keyingi paytda? Haliyam qishloqda — Munchoqlida? Bo‘limda? Zootexnik?.. Ha-a, malades!
Berdiboy uning birorta so‘rog‘iga churq etmadi, xo‘mrayib o‘tiraverdi. Rajab ham javob kutmadi — o‘z savollariga o‘zi javob qaytargan edi.
— Bittadan olsak! — dedi u so‘ng mehmonga qarab takalluf bilan.
— Ixtiyori ba shumo, deydilarmi...
Quyildi. Hammaga. Berdiboyga ham. Ichdilar. Hamma. Berdiboy ham.
— Sovuqmasmikan? — deb so‘radi mehmon boya suvdan chiqib kelgan «ajina»dan. — Men ham bir tushsammi devdim.
Yelkasiga sochiq tashpab o‘tirgan «ajina» dik etib joyidan turdi:
— He, shu shaharliklar nozik bo‘ladi-da! Turdik! Hamma! — U sochig‘ini toshning ustiga otib, patira-putur suv oralay ketdi.
— Turdik!
Dasturxon boshida Berdiboyni yolg‘iz qoldirib, barcha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Rajab bodi bo‘shagan sixlarini ko‘tarib «ko‘ra»si tomon ketdi.
Gulxan shu’lasida yalt-yult tovlanayotgan mavjlar, yarimyalang‘och ko‘lankalar. Shalop-shulup, shatir-shutur. Zim-ziyo tunni boshlariga ko‘tarib qiyqirishadi, bir-birlariga suv sepib qochishadi... Ajinabazm, tus ajinabazm!
Berdiboy nima kilib o‘tiribdi bu yerda? Qanday kelib qoldi u?
Yelkasida zildek xurjun, qorong‘ida tusmol bilan qadam tashlab boraverdi, boraverdi — hech yo‘lning adog‘i yo‘q. Yura-yura shunday bir manzaraga duch keldiki, qarab ko‘zlariga ishonolmadi. Soylikka o‘xshash o‘zan. Allaqayoqdan g‘uldiragancha bir quvur suv otilib chiqyapti. Gulxan, qandaydir ko‘lankalar, g‘ovur-g‘uvur... Berdiboy hangu mang bo‘lib qoldi. Nima, adashdimi? Bolaligidan buyon kezaverib tovonlari to‘zigan bu dashtu adirda sira bunday manzilni ko‘rmagan, bunaqa manzaraga ham uchramagan edi. Yo, ajinalarmikan? O’xshaydi, Ana — suv, gulxan... Momam aytar edi: ajina qorong‘i bir xilvat joyda, yolg‘iz paytingda uchraydi, deb. To‘g‘ri aytib ekan: mana, qorong‘i xilvat joy, bir o‘zim... Uni qo‘rquv bosdi, tizzalarining ko‘zi qaltiray boshladi. So‘ng, o‘zini dadillikka olib, do‘ngning tepasiga chiqdi-da: «Ho‘-o‘v!!» deb ovoz berdi. «Nima-a?» degan ovoz qaytdi pastdan. Odamga o‘xshaydi-ku! «Ki-im?» dedi Berdiboy endi dadilroq. «Ajinalar! — dedi haligi odam. Keyin uni cho‘pon gumon qildimi, chaqirdi: — Keling, boybobo, kelavering!» Berdiboy asta do‘ngdan enib, gulxanga yaqinlashdi. Qarasa — bir to‘p yigit-yalang; ziyofat avjida, davra chortang? Chetroqda ikkita «Jiguli» ham turibdi...
Dasturxonga fotiha qilgandek kaftlarini yuziga tortib, Berdiboy sekin joyidan ko‘zg‘aldi. Vazmin odimlab Rajabning tepasiga bordi.
Mana, o‘sha Rajab bodi, qon-qiyomat dushmaning! Qo‘lingga tushdi nihoyat! Gapir gapiraringni, qil qilaringni!..
— Buytib yurguncha, uyginangizga borib, xotinginangizdi oldida televizoringizni ko‘ri-ib o‘tirmaysizmi? — dedi Berdiboy achchiqqina ohangda chimdib.
— Televizorda nima bor, Berdiboy, dunyoning bor gashti mana shunda-ku! — dedi Rajab uning pichingiga mutlaqo beparvo, allaqanday beg‘araz bir samimiyat va hushchaqchaqlik bilan. — Ko‘raman desam, ana — televizor moshinada!
— So‘ng u kaftining ko‘zi bilan chap qovog‘ini ishqay-ishqay qaddini rostlarkan, cho‘milayotganlar tarafga qarab qichqirdi: — Chori-i, telikni qo‘y — futbo-ol!..
Berdiboyning ko‘ziga Rajab bodi sirli odam bo‘lib ko‘rindi. Boyagi shashtiyu g‘azabini bir zumga unutib, daf’atan unga havasi kelib ketdi. Bir hisobda shuniki maza! Yashashni biladi bu: o‘zi oddiy o‘qituvchi, maktabda fizikadan dars beradi-yu, bir qarasangiz — doim qo‘lda nimadir yasab, temir-tersakning ichida yuradi, bir karasangiz — mana bunday dala-dashtda bir chimdim go‘shtni deb tutun puflab yotadi. Alomat! Shu yerga ham olib kelibdi-ya televizorini... Erinmagan banda!
— Siz nima deysiz gapimga, Ravshanjon?
— To‘g‘ri aytasiz, dunyoning lazzati mana shunda, mana shunday ajoyib o‘tirishlaru ajoyib joylar, ajoyib kengliklarda! — dedi kattakon sochiqqa o‘rangancha junjikib ularga yaqinlashgan mehmon yigit. — «Piknik» deyishadi buni, chinakam piknik bu! Bizni ham ana shu narsa boshlab keldi-da bo‘tga, Rajabvoy! Umuman, hozir butun dunyoda tabiatga keskin qaytish jarayoni boshlangan. Masalan, tsivilizatsiyaning cho‘qkisiga yetishgan Frantsiyadek mamlakatda ham hozir uyda non yopish rasm bo‘lgan emish. Do‘konning nonidan ko‘lbola nonni afzal ko‘risharkan-da. Bu hatto antiqa bir mashg‘ulot, antiqa bir... taom, tansiq taom hisoblanar ekan!
— Ho‘-o‘, kelinglar! Futbol!.. — deb baqirdi Chori.
Cho‘milayotganlar apir-shapir suvdan chiqib, artina-kiyina davraga oshiqishdi. Yerga to‘shog‘lik sholchaning bir chekkasida vag‘illab yotgan mo‘‘jazgina bir qutiga hamma mahliyo! Bir to‘pni deb shuncha odam u yoqdan-bu yoqqa yugurgani yugurgan!..
Murodi hosil bo‘lmay pisillab qolgan Berdiboyni yana boyagi badbin, yovuzona kayfiyat chulg‘agan edi. Davrani chetlabroq jilarkan, televizorga yaqinlashganda u, xuddi qoqilib ketganga o‘xshab, uni sekingina bir tepib o‘tdi.
— O’, o‘, Berdiboy, nima qilyapsiz! — deya chinqirdi o‘rnidan sapchib turgan Chori. — Ko‘z bormi?! Yo kayfingiz oshdimi?
Berdiboy pinak buzmay, borib xurjunini yerdan ko‘targan edi, Rajab uning oldiga keldi.
— Ha, Berdiboy? O’tirmaymizmi? Nima, yo oborib qo‘yaymi? — dedi u qorong‘ilikda turgan mashinasi tomon ishora qilib.
Berdiboy ilkis uni ko‘kragidan qattiq itarib yubordiyu bir siltashda xurjunni yelkasiga olib, burilasolib jo‘nab qo‘ydi.
Kutilmagan zarbdan ag‘anab, yerga o‘tirib qolgan Rajab negadir xaxolab kula boshladi. So‘ng orqadan uning gapi eshitildi:
— Mana shunday kelib-kelib turi-ing, Berdibo-oy!..
Yana o‘sha zim-ziyo tun, yana o‘sha to‘rt tarafi biydek dasht, yana o‘sha zildek xurjun, x u r j u n — turtina-surtina piyoda ketayotgan bir odam... Bir olam!
Berdiboy qayoqqa qarab borayotganini o‘zi ham bilmas, negadir bu haqda o‘ylamas ham, nuqul halloslab-harsillab oldinga intilgani intilgan edi. Anchadan so‘ng qir bo‘yida qandaydir chiroq miltillab, chaylaningmi, kapaning qorasi ko‘rindi. O’sha tomonga burildi u...
Kapadan shabpo‘shini kaftiga urib qoqa-qoqa, yarg‘oqbosh bir qariya chiqdi:
— Keling, mehmon. Baxayr?
Salom-alik qildilar. Muddaosini aytdi Berdiboy.
— Munchoqdidanman, deng? Kimdi uli bo‘lasiz?.. He, u bizning oshna-ku! Frontga birga jo‘naganmiz. Ko‘p og‘ir, ba’mani odam. Hay, uyga kiring, yotib keting. Eski oshnamizning uli ekansiz... Borishim shart, deng? He, bir kecha o‘n kecha bo‘lama, borasiz-da shu uyingizga ham!.. Ulov desangiz, anov «pat-pat»ning moyi sob bo‘lgan, hafta beri — yotibdi. Nima? Eshak-peshak deysizmi? Eshak nima qiladi bizda, og‘am! U jonivor ham qirilib bitdi hisob. Padang tomonlarda qolmagan bo‘lsa bitta-yarimi... E, ulariyam bir...
Qariya bilan xo‘shlashib, u ko‘rsatgan yo‘l bo‘ylab qorong‘ilikka sho‘ng‘irkan, taajjubdan Berdiboyning boshi qotdi. Bu yerlarni Oqqo‘ton deydimi u. Chillai chor mahalligidan mana shu dala-dashtda o‘sib, bunday joyni eshitmagan ham ekan, bunaqa yerlarni ko‘rmagan ham. Bugun o‘zi u bir baloga uchrabdi: nuqul adashadi, nuqul...
Bir mahal uzoqdan nimadir yiltilladi. Yonarqurtdek bir nima. U yaqinlashib kelaverdi, kelaverdi. Kattalashdi. Odamga o‘xshaydimi... Odamning ko‘zi shunday yonarkanmi qorongida?! O’ziyam bahaybatroq ko‘rinadi. Orqasida dumsimon nimadir yerga surgalib kelyapti. Ana, yoli ham bor. Ot ekan-da, kalla! Ie, ot ikki oyog‘ida yuradimi? Qanaqa maxluq bu o‘zi — vishillaydi? Motorning tovushiga ham o‘xshaydimi? Benzin hidi kelyapti, ha, ha! Mototsikli... Yo pirim, bu nima balo bo‘ldi?!
Balo, balo!
Berdiboy shunda sezdi: qandaydir soylikka tushib qolibdi. Ikki yoni tik jar. Boyagi soylikning adog‘i emasmi? O’shanga tus beradi...
«Balo» hamon bostirib kelmoqda edi. Orqaga qochay desa — u yog‘da anovilar, oldinga yuray desa...
U asta-asta o‘rlikka tomon tislanaverdi — «balo» to‘g‘ri unga qarab kelaverdi, u tislanaverdi — «balo» bostirib kelaverdi...
Bu paytda...
Erini kuta-kuta zerikkan Oyro‘zi, katta qizini Tiniq momoga tashlab, kichkinasini ko‘tarib, eri bultur qorbo‘ronda adashib halok bo‘lgan beva qo‘shnisinikiga televizor ko‘rgani chiqqan, mana, hozir ro‘zg‘or yumushlaridan horigan xotinlar o‘tirgan joylarida pinakka ketishgan, tomoshalari poyoniga yetib, ekranda «qorbo‘ron» bo‘lib yotar edi.
...Gulsanam esa, chamadonchasini kiftiga qo‘yib, mulla Shodining nevarasi bilan markazga qarab chopdi. Tonggi avtobusga ulgurishlari kerak!


Orqaga qaytish