Hikoyalar

4722 marta o'qildi
Tiriklik suvi (hikoya). Tohir Malik

Xarbiy xizmatdan qaytgan Rustam ikki oy badalida ham biror ishni ketidan tushmadi. U ishni bunday deb, bu ishni unday deb, dalada ketmon chopishga esa bo‘yni yor bermay yurganida qishlog‘iga ilon ovlovchilar ko‘noq bo‘lishdi. Shularning yumushi unga bir oz ma’qul ko‘rindi-yu, ertasigayoq kumga chiqib ketdi.

                                                                                                                                               Tohir MALIK

TIRIKLIK SUVI

Xarbiy xizmatdan qaytgan Rustam ikki oy badalida ham biror ishni ketidan tushmadi. U ishni bunday deb, bu ishni unday deb, dalada ketmon chopishga esa bo‘yni yor bermay yurganida qishlog‘iga ilon ovlovchilar ko‘noq bo‘lishdi. Shularning yumushi unga bir oz ma’qul ko‘rindi-yu, ertasigayoq kumga chiqib ketdi.
Uch kun tentirashib ilon deganning urug‘ini ham uchratisholmadi. Toza xunoblari oshib, so‘ngti barxanni mo‘ljal qilib chiqishdi. Ro‘paralarida ko‘m-ko‘k maysaga burkangan yalanglikni ko‘rib, hayratdan dong qotishdi. Yalanglik o‘rtasidagi quduqqa yaqinlashganlarida Rustam:
— Kurib qolgan quduqlarda ilon ko‘p bo‘ladi, — deb qo‘ydi.
— Rostdan-a, — dedi oq qalpog‘ini qiyshaytirib kiyib olgan past bo‘yli, kaldirg‘och mo‘ylovli yigit uni mazax qilib. — Bir tushib chiqmaysanmi bo‘lmasa?
Rustam uning masxaralaganini bilib, burgut qarash qildi.
— Qo‘rqadi, deb o‘ylayapsiz shekilli? Men shu yerlarda o‘sganman. Arqonni bering!
— Shoshilmang, avval dam olvolaylik, — dedi guruhboshi.
— Men charchaganim yo‘q.
Rustamning ahdi qat’iy ekanini bilib, unga kerakli anjomlarni berishdi. U arqonga osilib pastga tusha boshladi. Chiroq nurini quduq tubiga yo‘llab, kulcha bo‘lib yotgan ilonni ko‘rdi. «Aytmovdimmi? U olifta nimani biladi? O’zi umrida birorta ilon ushlaganmikin? Hozir shu ilonni olib chiqib basharasiga otaymi! Ikkinchi mayna qilmaydigan bo‘ladi...» Rustam shu xayol bilan asta quduq tubiga tushdi. Nimagadir ilon qimirlamadi. Nahotki, uning sharpasini sezmagan bo‘lsa? Rustam endi ilonga qo‘l yuboraman deganda, bexosdan ko‘zi tinib, oyoq-qo‘lidan jon chiqqanday bo‘ldi. «Havosi yomon ekan, ko‘nikib qolaman», deb o‘yladi u. Ammo ahvoli yaxshilanish o‘rniga battar bo‘ldi. Go‘yo kimdir qulog‘i ostida shivirladi. Nafasi qaytdi. Arqonni tortib, yordam so‘rashga hamrohlaridan uyaldi. Birdan qulog‘i qattiq shang‘illay boshladi. U holsizlanib, devorga suyanib qoldi...

* * *

...Nogahon ko‘tarilgan shamol Gurganjni chang-xasga ko‘may dedi. «Xudovandi karimning bu qahri»dan talvasaga tushgan Xorazm fuqarosi oqshomga yaqin yana bir ofatga ro‘para bo‘ldi — qora bulut yanglig‘ chigirtka yog‘di. So‘ngra kulrang bulut osmonni butkul to‘sib, qilt etmay turib oldi. Gurganj ahli havoning dimligidan bo‘g‘ilayozdi.
Husayn xafaqon xastaligiga mubtalo bo‘lgan zodagonga muolaja shartlarini bayon qilar chog‘ida shoh Ma’mundan chopar keladi. Bevaqt chorlovning boisidan garang hakim saroyda jam bo‘lgan baytulhikma ahlini ko‘rgach, yanada hayratlandi. Chorlaganlar Xorazmshohning hukmiga muntazir turardilar. Davlatpanoh uzoqlamadi. Tillarang to‘n kiyib, zarhal salla o‘ragan shoh Ma’mun ostonadan ko‘ringani hamon barcha salomga egildi. Shoh hech kimni ko‘rmaganday nigohini o‘zgartirmasdan taxt sari yo‘naldi. Joyiga o‘rnashib olgach, alik nishonasini bildirib, kaftini biroz ko‘tardi. Shundagina ta’zimdagilar e’tiborlariga ko‘ra cho‘g‘dan rang olgan gilamlar ustiga chordana qurdilar. Davlatpanohning so‘z aygmoqqa hushi yo‘q edi. U baroq qoshlarini chimirgani holda, ahli fazlu kamolning har biriga alohida-alohida boqdi, Xorazmshoh bag‘rida nechukdir tashvish bor ekanini fozillar payqagan, shu bois toqat bilan vujudlarini quloqqa aylantirib, bir-birlari bilan pinhona, savolomuz nigoh urishtirib o‘tirar edilar.
Fozillar Xorazm davlatining panohi Abu Abbos Ma’munning bunday ruhiyatidan nihoyatda kam ogoh bo‘lar edilar. Aksar hollarda, shoh e’tibori va donishligini namoyon etib, riyoziyot bobidami, yoinki, ilmi nujum xususidami so‘z ochib, fuzalolarni bahsga chorlar edi. Bu safar esa barchani hayrat botqog‘iga botirib, so‘z aytmoqqa shoshilmay o‘tiribdi.
Nihoyat, davlatpanoh tomoq kirib, so‘z aytdi, barchaning nigohi taxt sari qadaldi.
— Bu tong tangri taoloning yetuk hikmati ila Yaminuddavla va Aminulmilla sulton Mahmud G’aznaviy ibn Sabuqtagin nomasi qo‘limizga yetub keldi. Shu noma bois ahli risolatni yo‘llab, siz mo‘‘tabar donishlarni chorlab kelturdim. Ollohga ming karra shukrlar bo‘lsinkim, davlatimning ustuvorini mustahkam etdi. Ahli parxoshning na’rasidan g‘animlar titraydi. Fuqaroning nasibasi butun. Tangri taologa shukrlar qilishdan o‘zga yumushim yo‘q. Yana ming bor shukrkim, Olloh ahli ayyom, ahli binish, ahli botin, ahli davron, ahli idrok, ahli fununni Xorazm davlatining panohiga jamuljam etdi. Tangri taolo qudrati bilan Gurganjda baytul-hikma qaror topdi. Ollohga ijobat bo‘lgan muammolar bahs etildi. Ollohning inoyati bilan siz muhtaram donishlarni qanotimizga jam qilgan edik. Tangri taoloning yetuk hikmati va to‘liq qudrati ila izmingizni yana o‘zingizga qaytaramiz. Yaminuddavla va Aminulmilla sulton Mahmud G’aznaviy ibn Sabuqtagin noma bitib, ahli funun, ahli donishni panohiga chorlayajagini bayon etibdilar. Inshoolloh, allomai zamonlar sulton Mahmud qanotida ham har biri e’tiboriga monand o‘rin egallagay. Choparga hukmimni ayon etmay turib, siz muhtaram donishlarni nomadan ogoh etmakni, alalxusus, inon-ixtiyorlaringiz o‘zingizda ekanini anglatmakni ixtiyor etdim. Erta namozshomdan so‘ng huzurimda yana jamuljam bo‘lib, ixtiyorlaringizni bayon etmakka shaylaningiz.
Xorazmshoh shunday deb shaxt bilan o‘rnidan turdi-da, eshikka yo‘naldi. So‘zning bu qadar keskin uzilishini kutmagan ahli funun irg‘ib turib, ta’zimga chog‘landi. So‘ng bir-biriga so‘z aytmay, saroyni tark etdi. Chorsuda yo‘llari ayri bo‘lgan fozillar turli ko‘chalarga kirib, saroydan yiroqlashdilar. Xonalari bir dahada ekani sabab bo‘lib, Husayn, Muhammad va Abu Saxl hamrohliqda ketdilar. Bir necha eshik yurdilar hamki, sado chiqarmadilar. Husayn odob yuzasidan Beruniyning so‘z ochishini kutardi. Abu Saxl esa bu ikki allomai zamonning qarorini bilishga oshiqardi. Beruniy xonasiga yetgunga qadar ham og‘iz ochmadi. Faqat xayrlasha turib, Husaynning savol nazarini uqdi.
— Husayn, inim, mendan hozir javob kutmang. Bir nima demaklikka aqlim qosirlik qilib turibdi.
— Siz buyuk idrok egasi bo‘lganingaz holda nahot bizni raqabga aylantirib ko‘yganlarini fahmlamadingiz? — dedi Husayn hayajonini bosolmay.
— Raqabga dedingizmi? Beruniy qo‘lini eshik halqasidan olib, o‘yga toldi. — Inim, fikringazda jon bordek. Birok, Olloh idrokni allomaning o‘ziga, iznini esa davlatpanohga topshirgan ekan, nachora?
— Chora yo‘q deng?
— Biz davlatpanohning marhamati bilan idrokimizni ro‘yo qila olamiz. Shunday ekan, Gurganjda yashamoq afzalmi yoinki G’aznada, degan muammo balki bekorchidir?
— Fikringizni kabul etolmaganim uchun aybsitmang. — Husayn shunday deb ta’zim qilib xayrlashdi-da, yo‘liga ravona bo‘ldi. Abu Saxl unga ergashdi.
Beruniy bu ikki olimning hayajoni va xavotirini anglab, ularning izidan uzoq qarab qoldi.
Husayn yenida hamrohi borligini ham bir on unutib, shahdam odimladi. So‘ng asabiy ravishda Abu Saxlga o‘girildi:
— Nechuk Olloh idrokdan qismagani bois idroksizlarga bir umr qullukda o‘tmog‘imiz lozim ekan? Axir shams qorongulikning quli emas, yorug‘lik shahanshohi-ku?!
— Abu Rayhon haq gapni aytdilar. Qismatimizga shu yozilgan ekan, ilojimiz qancha.
— So‘zingiz fikringizni oshkor qilyapti. Demak, siz ham G’aznaga borishga rizosiz?
Abu Saxl miyig‘ida kulib, qo‘lini Husaynning yelkasiga tashlab, yo‘l boshladi.
— Siz kabi zukko hakim bu qadar asablarga erk beradi desa, hech kim ishonmaydi.
Husayn shundagina hamrohidan besabab ranjiganini anglab xijolat tortdi.
— Bugungi chorlovning ma’nisini durust anglamabsiz, — dedi Abu Saxl bosiq ohangda. — Daapatpanoh ham bizdan voz kechishni xush ko‘rmaydilar. Baytul-hikmaga putur yetsa, davlatlaridan nur ketishini fahmlaydilar. Ammo, ilojlari yo‘q. Mahmud G’aznaviy istagiga qarshi borolmaydilar. Aminulmilla behad qudrat sohibi.
— Ha, balli. Men ham shuni aytaman. Bu yorug‘ dunyo ustuvori idrok emas, qudrat. Qudrat mavjud yerda alloma ham, donishu fozil ham beqadr. Fuqaro esa qaddi dol bo‘lib, ro‘shnolik ko‘rmaydi. Men hak-taologa birovni birovdan kam kilma, deb munojot etaman. Inshoolloh, osmon aylana-aylana bizni shunday kunga ro‘para etar.
— Inshoolloh.
— Birodar, davlatpanoh ixtiyorimizni o‘zimizga bergani bilan, G’aznaga bormog‘imizga majbur etadilar. Abu Rayhon: «Gurganjda makon topdik nima-yu, G’aznada topdik nima?» dedilar. Menga kolsa ham farqi yo‘q. Magar, men inson bolasiman. Odamiy g‘ururim hamisha bo‘ynimni egik olib yurishimga izn bermaydi. Tuprog‘imga e’tiqodim osmon qadar. Magar, gururim undan ham ulug‘. Shu bois o‘z yurtimga sig‘madim. Endi, bu yer ham...
— Jurjoniyada odillik hukmron, deb eshitaman.
— Husayn Abu Saxlning nima maqsadda bunday deganini anglab, yalt egib unga qaradi. Quloqlariga bir dam ishonmay turdi. Chunki Abu Saxl unga nisbatan Beruniyga yaqin yurar, ko‘p bahslarda Beruniyni yoqlar edi. Endi nima uchundir Beruniy fikriga zid ravishda G’aznaga borishga hushi yo‘q ekanini shama kilyapti.
— Fikrim ojizlik qilmasa...
Husaynning so‘zi og‘zida qoldi. Abu Saxl niyatini oydinlashtirdi:
— Ha, aynan uqdingiz. It kim durust suyak tashlasa ketaveradi. Odamzod unday qilmaydi. Maslahatimga ko‘nsangiz, Gurganjdan chiqaylik.
— Ijtinob etmak deysizmi?
— Tun bo‘yi tanangizga bir o‘ylang. Ma’qul bo‘lsa, bomdoddan so‘ng kaminaning kulbalariga tashrif buyuring. Yo‘l tadorigini cho‘zmaylik...

* * *

...Namozshomdan so‘ng Xorazmshoh xuzuriga kirgan allomalarning aksari G’aznaga bormoqqa rizo ekanliklarini bildirdilar. Al-Beruniy baytul-hikma ahli orasida Ibn Sino bilan Abu Saxlning yo‘qligidan hayron bo‘ldi. Saroydan chiqar mahali esa bu ikki allomani sipohlar qurshovida ko‘rib, hayrati yanada oshdi.
Sipohlar tutqunlarni shohga ro‘para qildilar. Davlatpanoh Ibn Sinoning qattiq-qattiq aytgan gaplarini toqat bilan eshitdi. G’azabdan tutaqsa ham jazoga hukm etmadi. Har ikkovini uylariga qo‘yib yuborishni buyurdi. Allomalar bu odillik boisidan garang bo‘lib, xonalariga qaytdilar.
Tun yarimlaganda Ibn Sino eshigini kimdir asta taqillatdi. Alloma qo‘liga shamdon oldi-da, sarpoychan chiqib, eshikni qiya ochdi. Notanish chehrani ko‘rib ajablandi.
— Taqsir, meni davlatpanoh ixtiyori bilan yo‘lladilar. Tong bilan safarga chiqib, sizlarni Jurjoniyaga boshlab ketaman. Yo‘l jabduqlari hozirlandi. Hamrohingizni ogoh etmagingiz lozim ekan.
Husayn tushimmi-o‘ngimmi, deb garangsib turib qoldi. So‘ng: «Davlatpanohning so‘z aytmagani zamirida shu sir bor ekan-da», deb qo‘ydi ko‘nglida. Keyin notanish kimsani ichkariga taklif qilib, o‘zi shoshib xonaga kirib ketdi.
...Quyosh ko‘tarilganda ikki tuya va uch otdan iborat kichik karvon Gurganjdan ancha ilgarilab, tobora sarhadsiz kumlik bag‘riga kirib borardi. O’zini Ro‘zimuhammad deb tanitgan raxilko‘sh, kamgap odam edi. Allomalarning suhbatiga jimgina quloq tutib, berilgan savollarga kisqagina javob qilib qo‘ya qolardi.
Allomalar: «Ishimizni Xudo o‘ngladi», deb bejiz quvonishgan ekan. Safarning ikkinchi kuni sahroda quyun ko‘tarildi. Go‘yo yeru osmon qo‘shilib ketdi. Otlar o‘zlarini har yon urib, jilovni uzib qochdilar. Yo‘lovchilar bir-birovlarini yo‘qotib qo‘ydilar. Bo‘ron tuni bilan tinmadi. Tongga yaqin hammayoq birdan jimib qoldi. Go‘yo hech narsa sodir bo‘lmaganday, quyosh ohista charaqlab ko‘tarildi.
Qumga ko‘milayozgan Ibn Sino qaddini tiklab, ust-boshini qoqdi. Atrofga alanglab, hamrohlarini izladi. Tirik jon ko‘rinmadi. Ovoz bermoqchi edi, tovush chiqmadi. Tishlari orasida qum g‘ijirladi. U tiz cho‘kkancha tek turib qoldi. Ibn Sino endi qay tomonga borishni bilolmay garang edi. Kunchiqarni mo‘ljal qilib ketaverishni ham, hamrohlarini izlashni ham bilmasdi. U bir qarorga kelmay, barxan tepasiga ko‘tarila boshladi. Shundagina o‘zidan o‘ttiz qadamlar narida jon sharpasini sezdi. O’sha tomonga yugurib, panjalari bilan qumni ocha boshladi. Holsiz gavdasini rostlayotgan Abu Saxlni tanib bag‘riga bosdi, yaratganga shukrlar qildi.
Allomalar kun tekkaga kelgunga qadar ham Ro‘zimuhammadni izladilar. So‘ng, undan umidlarini uzib, mashriq sari yura boshladilar. Oqshomga borib, sillalari qurib, bir-birlariga suyanib qoldilar. Horigan odamlarga tun salqini xush yoqib, qum yumshok tushakday tuyulib, qattiq uyquga berildilar. Tong bilan yana sudralib, yo‘lga tushdilar. Birinchi barxanga chiqdilaru hayratdan to‘xtab qoldilar: ro‘paralarida atrofi barxanlar bilan o‘ralgan, yashil maysaga qoplangan kaftdek yalanglik yastanib yotardi. Ikkovlon sarobmikin, deb ko‘zlarini uqalashdi. Ko‘rganlari haqiqat ekaniga ishonch hosil qilgach, odimlarini tezlatdilar.
Yalanglikni qoq markazi quduq... Kuduq yonida ikki ayol yotibdi. Qadam sharpasini eshitgan yoshroq. juvon irg‘ib turib, yuzini yashirishga harakat qildi. Keksaroq ayol esa qimirlamadi.
— Bizdan hayikmang, — dedi Ibn Sino ularga yaqinlashar ekan. — Bo‘ronda adashib qoldik. Halovatingizni buzmang. Chanqog‘imizni bosgach, yo‘limizdan qolmaymiz.
Juvon javdiragan ko‘zini yerga qadagancha, qimir etmay turaverdi.
— Volidangiz xastamilar? — deb so‘radi Abu Saxl. Juvon yana indamadi.
Ibn Sino uning fe’lidan hayron bo‘lib, bir oz qarab turdi-da, bukchayib yotgan keksa ayolga yaqinlashib, cho‘nqaydi. Kampirning bilagiga qo‘l yubordi. Shu zayl uzoq o‘tirdi. So‘ng, bilakni qo‘yib, o‘rnidan turdi.
— Yurak urishi bejo. Ko‘p alamlarni ichiga yutgan chamamda, — dedi u Abu Saxlga yaqinlashib.
Shundagina yosh juvon tilga kirdi.
— Biz cho‘rilarmiz, — dedi-yu, yana lab tishlab jimidi.
— Bu yerga qanday kelib qoldilaring? — deb ajablandi Abu Saxl. — Yo ozodlik istab ijtinob etmakni xayol qildilaringmi?
— Biz... men... u kishi... — juvon so‘z topolmay taraddudlandi.
— So‘roqqa tutishga fursat yo‘q... Muolajani o‘ylaylik, — dedi Ibn Sino juvonning og‘irini yengil qilib.
— Muolaja? — Abu Saxl kulimsiradi. — Bor-burdimizdan ajrshggan bo‘lsak, xizriobimiz bormiki...
— Yo‘q bo‘lmasa, bor qilmog‘imiz darkor. Xastani tashlab ketolmaymiz-ku!
— Abu Saxl e’tiroz bildirishga ulgurmay, Ibn Sino juvonga murojaat qildi.
— Bu yalanglik meni taajjubda qoldirdi. Siz ko‘pdan beri shu yerdamisiz?
— Yo‘q. Bo‘ron boshlanishidan oldin qo‘qqis chikib qoldik.
— Bu yerda bo‘lmadimi?
— Ajab... Ajabtovur bo‘ldi. Atrofda girdikapalak to‘zon uchdi. Bu yerga xas ham qo‘ngani yo‘q.
— Ajab... Chindan ham ajabtovur, — Ibn Sino shunday deb quduq yoniga bordi. Pastga qarab ovoz berdi: aks sado chiqdi. Cho‘kka tushganicha maysalarni hidladi. So‘ng birini yulib olib, Abu Saxlga yakinlashdi. — Mana bu giyoh baland tog‘larda bo‘lguvchi edi. Bu yerda o‘sishi taajjub. Yurak xastaligiga davo bu. Siz aytgan ihyoyi amvot xizriobni shundan tayyorlash mumkin. Agar biron ilon tuta olsak edi...
— Zahri lozimmi?
— Zahridan ham qoni bilan yog‘i lozim. Terisi ham. Xudoyimning bandalari ko‘p yillardan beri tiriklik suvini umid qiladilar, rivoyatlar to‘qiydilar. Mening nazdimda tiriklik suvini mavjud etmoq mumkin. Biz duch kelgan yer aynan g‘ayrioddiy tuyulyapti. Inshoolloh, shu sharoitda niyatimiz ro‘yob bo‘lsa.
— Inshoolloh.
— Men quduqqa tushaman.
— Nechun?
— Kuduq tublarida ilon bo‘ladi.
— U holda men tushay. Bolaligimda ko‘p ilon tutganman. Xayriyatki, quduq chetida qaysi bir dono qoldirgan jun arqon bor edi.
Abu Saxl belini arqon bilan mahkam bog‘lab, pastga tushdi. Ko‘p o‘tmay kuduq tubidan uning «Torting!» degan ovozi keldi. Ibn Sino holdan toyganini ham unutib, bor kuchi bilan arkonni torta boshladi.
Abu Saxl ust-boshi bir ahvolda, o‘ng qo‘lida yarim qulochli ilonni lapanglatganicha, chikib keldi.
— Xayriyat, ishimizni Xudo o‘ngladi. Shuning o‘zi karaxt yotgan ekan, — dedi ilonni hakimga uzatib.
— Picha ushlab turing, — dedi Ibn Sino, so‘ng etigini chaqqon yechib, pichoq bilan tagcharmini ko‘chirdi. So‘ng qo‘njini ikkiga bo‘lib; dasturxonday yozdi. Tagcharmning bodomday yerini o‘yib, chuqurcha qildi. Shundan keyingina ilonning boshini kesdilar. Oqqan qon chukurchani to‘ldirgach, qornini yordilar. Ibn Sino giyohning ildizini kavlab maydaladi. Avval ivib qolgan qonga aralashtirdi, so‘ng yoqqa bulab ilon terisiga o‘rab ko‘ydi.
— Oqshomga qadar oftobda toblanib tursin, — dedi Ibn Sino, so‘ng yana kampir yoniga borib, bilagini ushladi.
Osmon musaffo, quyosh charaqlagan bo‘lsa-da, yalanglik u qadar issiq emasdi. Ular tashnalik azobidan qutuldilar. Oqshomda Ibn Sino ilon po‘stini ochdi. Tayyorlangan dori za’faron tusga kirgan edi.
— Xizriob degan edingiz? — ajablandi Abu Saxl uni ko‘rib.
— Ha, bir oz quyuqlashdi. Bizga archazorning buloq suvidan lozim edi. Afsus, magar inshoolloh, bu ham xizriobdan qolishmas. — Ibn Sino shunday deb dorining bir ulushini pichoq uchida ilib olib, juvonga tutdi. — Mana shuni yutsinlar, qoldirmasinlar.
Juvon itoatkorlik bilan kelib, pichoqni dastasidan oldi. Kampirga yaqinlashgach, tiz cho‘kib, bir qo‘li bilan boshini ko‘tardi. Kampir yamlanib, dorini yutdi. Ibn Sino dorining qolganini yana ilon po‘stiga o‘rab qo‘ydi.
Bu orada yalanglikka hukmini o‘tkaza olmagan quyosh mag‘ribga bosh qo‘yib, alamdan barxanlar uchini kuydirib yuborish qasdida o‘t ufurdi. Ammo bu o‘tli nafas ham yalanglikka yetib kelmadi. Aksincha, yengil shabada turdi. Atrofga qorong‘ilik cho‘ka boshladi. To‘lin oy ko‘tarildi. Shunda kampir o‘z-o‘zidan qaddini tikladi. Notanish kimsalarni ko‘rgach, taajjublanib juvonga qaradi.
— Sizning joningizni so‘rab olishdi, — dedi juvon pichirlab. Kampirning turganini bilib allomalar unga yaqinlashib, salom berishdi.
— Mana shu zotni duo qiling, — dedi Abu Saxl Ibn Sinoni ko‘rsatib. — Sizga xizriob bergan odam shu Abu Ali ibn Sino degan allomai zamonni eshitganingiz bormi?
— Biz bu dunyoda faqat to‘ramnigina bilamiz. Bo‘lak zotlarni eshitmaymiz, — dedi kampir siniq ovozda.
Ibi Sino izn so‘rab, uning bilagini ushladi. So‘ng, «Xudoga shukr» deb o‘rnidan turdi.
— Taxminim ijobat bo‘ldi. Tiriklik suvini xuddi shu yerda tayyorlamoq kerak, — dedi u Abu Saxlga. Keyin kampirga yuzlandi: — Bilishimcha, cho‘ri ekansiz?
— Ollohdan yashiradigan sirimiz yo‘q. Qochib ketyapmiz. Ammo sababini so‘ramang.
— Kay tomonga borishni niyat qilgansiz?
— Olloh nasib etgan tomonga.
— Tongda biz Jurjoniya sari otlanamiz. Ma’qul ko‘rsangiz, qanotimizga olamiz.
— Marhamatlaringizga shukr. Biz taqdirimizni Xudoga topshirganmiz. Yo‘limiz bo‘lak.
Kampir boshqa so‘z aytmadi.
To‘lin oy tikkaga keldi. Ayollar quduqning bir tomonida, allomalar ikkinchi tomonida pinakka ketdilar. Ibn Sino bir tush ko‘rdi. Ko‘z oldida avval xushro‘y qiz namoyon bo‘ldi. So‘ng qizni bandi qilib haydadilar. Qora soqol, badbashara odam qizni bag‘riga oldi. Keyin sahro... Hududsiz sahroda ikki ayol. Biri o‘sha xushro‘y qiz. Yo‘q, endi u kiz emas, homilador ayol. Biri o‘rta yosh, yelkador xotin. Homilador ayol qumga cho‘zilib qoldi. Ko‘zi yoridi. Yelkador xotin uni turg‘izib nari boshladi. Ona bolasiga talpindi. Ammo yelkador xotinning zarbi bilan yiqildi. Keyin yelkador xotin chaqaloq ustiga qum sepa ketdi. Ibn Sinoning yuragi hapriqib uyg‘ondi. Kalima keltirdi. O’rnidan turib atrofga alangladi. Keyin yana joyiga cho‘zildi. Ko‘zi ilindi. Yana tush ko‘rdi. Yana sahro. Yana ikki ayol. Biri kampir. Kim u? Tiriklik suvidan bahra olgan kampir-ku?! Hamrohi... Ha, shu juvon. Ajab! Nimalar bo‘lyapti! Juvon homilador. Ana, ko‘zi yoridi. Endi kampir go‘dakka qum sepadi... Evoh! Yo‘q. Bunday bo‘lmadi.Kampir chaqaloqni qo‘liga oldi. Suyub ko‘kragiga bosdi... Kimdir ingradi. Yana ingradi. Ibn Sino uyg‘onib ketdi. Ingrayotgan Abu Saxl ekan. Nima bo‘ldi, xastalandimikan? Ibn Sino uning bilagini ushladi. Yo‘q, xastalik ishorasi sezilmadi. Noxush tush ko‘rayotgan bo‘lsa ehtimol. Ibn Sinoning uyqusi uchib, o‘rnidan turdi.
— Uyqungiz uchdimi, to‘ram?
Ibn Sino kampirning xasta ovozini eshitib, unga o‘girshgdi.
— Ha... O’zingiz-chi, yana xastalik azob berdimi?
— Yo‘q, to‘ram, tanamga jon bilan quvvat ham oqib kirdi.
— Unda nimaga uxlamayapsiz?
— Xudoga shukr qilib yotibman.
— O’zgalardan sir yashirish Xudoga xush yoqmaydi. Nima uchun bosh olib ketish boisini aytmadingiz?
— Bu bandalar biladigan sir emas.
— Ammo men barisini bilaman. Siz ulug‘ gunohga qo‘l urgansiz. Begunoxdarni tiriklay qumga ko‘mgansiz.
— Yo‘q! — ayolning bag‘ridan otilib chiqqan faryod qumliklarga singdi. Juvon cho‘chib uyg‘ondi.
— Yo‘q, — dedi kampir, bu safar pichirlab, — Xudo shohid, men bunday qilmadim. — Kampir piqillab yig‘lay boshladi. Juvon uni bag‘riga oldi. — Xudo shohid. Men bunday qilmadim... Avliyo ekansiz, sirimni bilibsiz, ammo men bunday qilmadim... Men olti bola ko‘rdim. Oltovloni shu kumda qolgan. To‘ramning hukmi bilan cho‘rilardan zurriyot qolmas edi... Oltovlonim qumda... O’zim ham qumda qolishim kerak. Zarinani olib ketinglar, to‘ram. Avliyo ekansiz, bu juvonning dardi ichida, bolasini Xudoyim ko‘p ko‘rdi. Oltovlonim kumda qolgan. Qariganimda to‘ram gunohga botirmoqchi bo‘ldi. Yalmog‘izni egam chaqirgan edi. Zarinaga doyalik qilishni menga yukladi. E, Xudoyim, qaysi gunohlarim uchun meni bu jazolarga mustahiq etding. Oltovlonim kumda qolsa-yu, yana men birovning bolasini tiriklay ko‘msam-a?! Yo Xudoyim, menga shuni ravo ko‘rdingmi, a?! Oltovlonim chaqirayotgan edi, to‘ram, nimaga menga xizriob berdingaz. to‘ram, avliyo ekansiz...
Ayolning nolalarini to‘xtatib bo‘lmadi. Tongga qadar uning ko‘z yoshi ham oqib quridi.
Saharda Abu Saxl ilon po‘stiga o‘ralgan «tiriklik suvi»ni quduq tubiga qo‘yib chiqdi.
Zarina kampirni yolg‘iz tashlashga unamadi.
Ibn Sino va Abu Saxl Jurjoniyani qoralab, yo‘lga tushdilar. O’lar holda bo‘lib qolgan allomalarni Jurjoniya sarhadlariga yaqin yerda karvon qutqarib oldi.
Jurjoniya podshohi allomalarga lutflar ko‘rsatdi. Ibn Sino quvvatga kirgach, podshoh ko‘magida kichik karvon tuzib, ajabtovur yalanglik sari yurdi. Ammo qancha izlamasin, na quduqni, na yalanglikni topdi. U ko‘p afsuslar bilan iziga qaytdi. Tib qonunlariga tartib berar mahalida bu voqeani afsus bilan eslab, o‘chirib tashladi.
Alloma sahrodagi jonlanishdan, har uch yuz yilda bir marta yalanglik yuz ochishidan bexabar o‘tdi...

* * *

Rustamning qulog‘i shang‘illashdan to‘xtab, bir oz o‘ziga keldi. Chiroq nurini kulcha bo‘lib yotgan ilonga tutdi. Ilon qimir etmadi. Rustam chaqqonlik bilan uning bo‘ynidan ushlab dast ko‘tardi. Shunda ham ilonda tiriklik belgisi sezilmadi. Birdan Rustamning ko‘zi ilon kulcha bo‘lib yotgan yerdagi mushtday narsaga tushdi. Ilonni o‘lik gumon qilib tashlab yubordi-da, engashib qaradi. Ilon po‘sti. Kimdir hafsala bilan nimanidir o‘rab qo‘ygan. Rustam qiziqib uni oldi. Po‘st ham, ichidagi narsa ham qurib, qog‘oz kuliday bo‘lib qolgan edi. Ko‘liga olishi bilan to‘zib ketdi. Hafsalasi pir bo‘lgan Rustam qo‘lini qokdi, arqonga tirmashib yuqoriga chiqa boshladi. Chiqar mahali ilonning qimirlaganini, hozirgina to‘zigan narsaga tilini tekkizganini sezmadi.
— Hech narsa yo‘q, — dedi yuqorida u loqaydgina. — Bitta ilon o‘lib yotibdi, xolos.
— Balki karaxtdir?
— Nima, men o‘lik ilonni ko‘rmaganmanmi? — dedi Rustam. Ammo quduq tubida o‘zidan ketay deganini aytmadi. Unga boshqa gapirishmadi. Shu yerda chodir tikishdi. Oqshomga yaqin quduq bo‘yida tranzistor eshitib yotgan Rustam baqirib yuboray dedi. Hali tortib olinmagan arqonga o‘ralib chiqayotgan ilon esa unga baqrayib qarab qoldi...


Orqaga qaytish