O'zbek adabiyoti

5529 marta o'qildi
ABDURAUF FITRAT (1886-1938)

Yirik davlat va siyosat arbobi, shoir va olim, nosir va dramaturg, ma'rifatparvar Fitrat 1886-yil  Buxoroda ziyoli oilasida dunyoga keldi. Dastlab eski maktabda o'qidi, keyin Mirarab madrasasida tahsilni davom ettirdi.

ABDURAUF FITRAT 
(1886-1938)
Yirik davlat va siyosat arbobi, shoir va olim, nosir va dramaturg, ma'rifatparvar Fitrat 1886- yili Buxoroda ziyoli oilasida dunyoga keldi. Dastlab eski maktabda o'qidi, keyin Mirarab madrasasida tahsilni davom ettirdi. 

Asrimiz boshlarida vujudga kelgan "Tarbiyayi atfol" jamiyati ko'magida 1909-1913-yillarda Istambulda tahsil oldi. Bu yerda qizg'in ijod qildi. Shuning samarasi o'laroq, 1911-yili "Sayha" ("Chorlov") nomli she'riy to'plamini chop ettiradi. Turkiyadan qaytgach, Buxoroda o'qituvchilik qiladi. "Yosh buxoroliklar" harakatida faol ishtirok etadi, uning bosh mafkurachisi, g'oyaviy yo'lboshchilaridan biriga aylanadi.

1917- yil aprelidan 1918 - yil martigacha Samarqandda chiqib turgan "Hurriyat" gazetasiga muharrirlik qiladi. 1918- yilda Fitrat Toshkentga keladi.

Fitrat bu yerda, asosan, ilmiy, ijodiy, ma'rifiy ishlar bilan ko'proq band bo'ldi. U bir qator darsliklar tuzadi, "Chig'atoy gurungi" nomli ijtimoiy-adabiy tashkilotda faol ishtirok etadi.

1921-yili Buxoroga taklif etiladi. U xalq xo'jaligining bir qator sohalarini yaxshilashda, ayniqsa, maorif sohasida sezilarii ishlarni amalga oshiradi. Uning tashabbusi bilan bir guruh iqtidorii yoshlar Istambul, Berlin, Moskva kabi shaharlarga o'qishga yuboriladi. Buxoro maktablari uchun o'quv qurollari, darslik va qo'llanmalar nashr etish yo'lga qo'yiladi.

Fitrat 1921-1922 - yillarda bir qator yuqori lavozimlarda ishlab, o'zining davlat arbobi sifatidagi iste'dodini ko'rsata oldi.

U 1923-1924 yillarda Moskva va Leningradda yashadi, Sharq tillari institutida ishladi. Turk, arab, fors tillari va adabiyotidan yoshlarga dars berdi. Leningrad dorilfununi professorligiga saylandi. "Abulfayzxon", "Bedil", "Qiyomat", "Shaytonning tangriga isyoni" kabi asarlar yozib, chop ettirdi. Moskvadan qaytgach, respublikamizning ilmiy, madaniy-ma'rifiy hayotida faoliyat ko'rsatadi.

Fitrat tilshunos olim sifatida o'zbek tilining qoidalari to'g'risida "Sarf", "Nahv" asarlarini yozdi.

Musiqashunos olim sifatida "Shashmaqom", "O'zbek klassik musiqasi ham uning tarixi", "Sharq musiqasi" kabi tadqiqotlar yaratdi. 30 yillarda u ilmiy-tadqiqot muassasalarida, o'qituvchilar malakasini oshirish instituti va dorilfununda ishladi.

1937-yili "xalq dushmani" sifatida hibsga olinib, 1938-yili Toshkent shahrining hozirgi Yunusobod tumani Bo'zsuv qirg'og'idagi qatlgohda otib tashlandi. 

• Mirrix yulduziga
• Go'zalim
• Yana yondim
• Onam

   Kim deyay seni?

• Biroz kul!
• O'git
• Nega bo'yla?
::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::


MIRRIX YULDUZIGA

Go'zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuvg'oni,
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarga tushibsan?
Tuvg'oningga nechun sira gapurmasdan turibsan,
So'yla, yulduz, holing nadir, nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo'lib turgan tubanliklar, xo'rliklar,
So'yla, yulduz, sening dag'i quchog'ingda bo'lurmi?

Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar,
O'rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar,
Qardosh etin qo'ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o'ksuz yo'qsulning qonin
Gurunglashib, chog'ir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O'z qopchig'in to'ldirgani buzganlar?
Bormi senda bir o'lkani yondirib,
O'z qozonin qaynatg'uvchi xoqonlar?
Bormi senda qorin-qursoq yo'lida
Elin, yurtin, borin-yo'giin sotqonlar?

GO'ZALIM

Go'zalim, bevafo gulistonim,
Bog'i umrimda toza rayhonim.
G'am-u qayg'ularim hujumindan
Sen eding mehribon, nigohbonim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
Kel, gulim, kel, ayog'ingga yiqilay,
Bir zamon qo'y: to'lib-toshib yig'lay.
Qo'y, biroz qo'yki, xoki poyingni
Surmadek yoshli ko'zima surtay.
Ketma, tur, tingla arzi holimni,
Arz etay holi purmalolimni.
Qani u damki, sen eding yorim,
Munisim, hamdamim, madadkorim,
Sening og'ushing, iltifotingda
Rohat etmishdi jismi bemorim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
Kel, ayog'ingga qon bo'lib to'kulay,
Bir nafas dard-hajrdan qutulay,
Kel, go'zal dilbarim, kel, sochingni
Bir taray, bir o'pay-da, o'lay.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.

YANA YONDIM

Yuragimning qalin, qizg'in olovi-la qaynag'on
Ko'z yoshlarim, qaydasiz?
Kunim kabi uzun, qora shu kechada kutub men
Erishmadim sira sizga, nega bo'yla qochasiz?!
Nechun meni sababsizcha unutdingiz, aytingiz?
O'tunamen, yalinamen, qochmangiz, qaytingiz!
Yana butun borlig'imning negizlari yemrildi,
Umidimning ko'p chidamli teraklari yiqildi.
Xayolimning totli, chuchuk soatlari butunlay
Uzoqlashib ketdi mendan... to'sub turar yo'limni.
O'lim dag'i qutqorg'ani kelib tutmas qo'limni.
Kecha uning nur tengizi bo'lg'on go'zal manglayin
Tolg'alanmish ko'rgach men...
Yer yuzida borlig'imni ko'rsatmakdan uyaldim,
Yutdim butun qayg'ularning, motamlarning og'usin.
Jon tutg'usi bo'lgan ko'zi og'ir, nozli suzilardi,
Biroz burun chog'ir ichgan parilarga o'xshardi.
Bilmam nechun o'ynardi!..
Ka'ba uzra aylanguvchi ko'garchindek yuragim,
Soatlarcha shul ko'zlarning tegrasida aylandi.
Biroq u
Menga sira boqmadi.
Yig'ladim,
Kuldim,
Yolindim.
Tushundim -
Bittasi ham mizojig'a yoqmadi.
Yig'la biroz, o'ksuzlangan tilagim,
Men ham senday baxtsizlikka tutundim,
Umidsizlik ora tushub, yo'qsul jonim o'rtandi.

ONAM

Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?
Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?

Temur ila Chingiz qoni toshdi tomurimda -
Aytgil, Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?

Yov suqg'ali kelgach,qilichini yuragingga,
Tush oldiga,ol ko'ksumi - qalqonmi kerakdir?

Boq,boq,mana turk tengizi toshqun qila qoldi,
Turon yovini quvg'ali to'fonmi kerakdir?

Turon, yigiting,barchaga boq,qalqdi oyoqg'a,
Yurtda qorovul qo'yg'ali arslonmi kerakdir?

KIM DEYAY SENI?

Oppog'im, xudo  asragay seni,
Ko'z balosidan saqlagay seni.
Sen jahonning nozaninisen,
Qayg'ularga hech solmag'ay seni.

Qip-qizil gulim,yop-yorug' oyim,
Ketma,tur bir oz,men ko'ray seni.
Dardli dilimning sen davosimi,
Mungli ko'nglimning podishosimi?

Gulmisen, ko'zim,jonmisen,qo'zim,
Ko'nglimning buti yo xudosimi?
Bilmadim,gulim,ayt,o'zing kulib,
Oshiqing nechuk atagay seni?

BIR OZ KUL!

Ko'z yoshlarim bukun tag'in oqarmi,
Qizil gulim boshqalarga kular-da?

Qizil gulim,borlig'imning sultoni,
Jonim sening xayolingdan kuchaydi.
Yuragimning eng qimmatli armoni,
Nechun menga marhamating ozaydi?

Ikki ko'zim,malak yuzim,sevdigim,
Jonlar sening yuzginangdan aylansun.
Qizil gulim,qora ko'zim, tilagim,
Dunyo sening boqishingdan o'rgulsun.

Yovuz yorim,yuzingga hech boqolmam,
Ko'ngil dardin oyog'ingga to'kolmam.
Tuproq kabi yiqilmisham yo'lingda, deya olmam,
Istar esang menga kelib gapirma,
yonimda hech o'tirma:
Yolg'uz yig'lab turganimni uzoqdan
Ko'rganingda marhamat et,bir oz kul!

O'GiT

Og'ir yigit, sening go'zal, nurli ko'zingda
Bu millatning saodatin, baxtin o'qidim.
O'ylashingda, turishingda hamda o'zingda
Bu yurt uchun qutulishning borligin ko'rdim.
Turma - yugur, tinma - tirish, bukilma - yuksal,
Hurkma - kurash, qo'rqma - yopish, yo'rilma - qo'zg'al.
El yo'lini to'sib turgan eski bulutlarni
Yondirib qo'y, yirtib tashla, barchasin yo'q et!
Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo'rlikdir bu!..
Yiqil, yo'qol, ket!

NEGA BO'YLA?

Sen kelgach,
She'rim uchun
Qizil gullar to'shalgan,
Yulduzlar-la bezalgan
Eng keng bir yo'l ochildi.

Sen kelgach,
Ko'nglimni
Qayg'ular-la,motamlar-la o'ragan
Qora qalin pardalar
Yirtildi.

Sen kelgach,
Xayolim
Umid,armon chechaklari ochilg'on
Uchmoh kabi bog'chalarda bulbuldek
Sayrab yurdi.

Biroq sen
Ishqingdan
Kecha-kunduz yonib turg'on ko'nglumning
Dardini
Hech sezmasdan,kula-kula turar-da,
Yonar butun borlig'im... Nega bo'yla?

*Belgisi qo'yilgan so'zlarga izohlar:
Chog'ir - may,sharob,mast qiluvchi ichimlik
Tuzuk - nizom,tartib-qoida
Yo'rilma - o'tirma
Ko'garchin - kaptar


Orqaga qaytish