Jahon mamlakatlari

5529 marta o'qildi
Estoniya

Boltiqbo‘yidagi uch mamlakat orasida Estoniya dengiz bilan eng ko‘p o‘ralgan davlatdir. Uning shimoliy va g‘arbiy sohillarini yuvib turuvchi Boltiq dengizi uning hayotida muhim rol o‘ynaydi. Sohillar yaqinida bir necha yirik va yuzlab mayda orollar bor.

Estoniya

(Estoniya Respublikasi)

Maydoni – 45100 kvadrat kilometr.

Aholisi – 1464000 kishi.

Boltiqbo‘yidagi uch mamlakat orasida Estoniya dengiz bilan eng ko‘p o‘ralgan davlatdir. Uning shimoliy va g‘arbiy sohillarini yuvib turuvchi Boltiq dengizi uning hayotida muhim rol o‘ynaydi. Sohillar yaqinida bir necha yirik va yuzlab mayda orollar bor.

Juda qadim davrlarda bu yerlarga tez-tez dengiz suvlari toshib turgan. Dengiz go‘yoki odamlarga hadya sifatida bu yerlarda ohaktosh, dolomit, fosforit hamda sarg‘ish-jigarrang yonuvchi slanes kabi qimmatbaho xazina qoldirgan. Hatto gili ham o‘ziga xos ko‘kimtir rangda bo‘lib, u sement, qoplama plita va bo‘yoqlar tayyorlashda ishlatiladi.

Estoniya tabiati juda go‘zal. Agar Estoniya­dagi eng baland Suur-Munamyagi tepaligi (Xaanya balandligi)ga chiqsangiz, uzoq-uzoq­larga yoyilib ketgan moviy tepaliklarni, qoramtir o‘rmonlarni, rang-barang dalalarni, zangori ko‘llarni, lentasimon cho‘zilgan yo‘llarni ko‘rasiz.

Shimoliy sohil bo‘ylab baland tik qoya — glint ko‘zga tashlanadi. Bu yerdan Fin qo‘ltig‘ining ajoyib manzarasi namoyon bo‘ladi. Daryolar dengiz tomon oshiqar ekan, o‘z yo‘lida go‘zal sharsharalar hosil qiladi.

Bu diyorning tub aholisi — estonlar qadimdan dehqonchilik, chorvachilik bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Haydaladigan yer ochish uchun daraxt kesish, botqoqliklarni quritish, dalalarni toshlardan tozalash kerak bo‘ldi. Quritilgan hamda toshlardan tozalangan minglab gektar yerlar ekinzor, maysazor va yaylovlarga aylantirildi. Respublika qishloq xo‘jaligi yil sayin ko‘plab sut, yog‘, tuzlangan cho‘chqa go‘shti yetkazib bermoq­da. Eston baliqchilari ko‘plab baliq tutishadi, ulardan zavodlarda xilma-xil konser­valar tayyorlanadi.

Boshqa zavodlarda eston injenerlari va ishchilari juda murakkab va aniq mashinalar, o‘lchov asboblari tayyorlashadi. Respublikada yonuvchi slanes yoqilg‘i manbayi bo‘lib xizmat qiladigan yirik issiqlik elektr stansi­yalari qurilgan. Slanesdan gaz, benzin, texnik moylar, ekinzorlar uchun o‘g‘itlar olinadi. Hatto kerak­siz bo‘lib tuyulgan xarsang toshlar binolar poydevori, to‘g‘on qurish, sohil bo‘ylarini mustahkamlash va yo‘l qurilishida ishlatilmoqda.

Estoniya poytaxti — Tallin chinakam muzey-shahardir. Shaharning eski qismida o‘rta asr qal’a devorlari, minoralar, tor ilon­izi ko‘chalar saqlanib qolgan. Minoralardan biridagi qurollangan soqchi — keksa Toomas qiyofasidagi ko‘hna flyuger (shamol yo‘nalishini ko‘rsatuvchi temir parrak) shaharning emblemasi bo‘lib qolgan. Estoniya bilan O‘zbekiston munosabatlari 1994-yilda o‘rnatilgan.

Bolalar ensiklopediyasidan olindi. 


Orqaga qaytish