Jahon mamlakatlari

4710 marta o'qildi
Finlandiya

Bu mamlakatda bir necha asr hukmronlik qilgan shvedlar uni Finlandiya deb ataganlar. Lekin finlar o‘z vatanini "Suomi", ya’ni "botqoqliklar mamlakati" deb ataydilar. Haqiqatan ham, Finlandiya hududining uchdan bir qismini botqoqlik egallagan. Finlan­diya ko‘llar mamlakati hamdir. 

Finlandiya
(Finlandiya Respublikasi)

Maydoni 337000 kvadrat kilometr.

Aholisi 5160000 kishi.

 Bu mamlakatda bir necha asr hukmronlik qilgan shvedlar uni Finlandiya deb ataganlar. Lekin finlar o‘z vatanini "Suomi", ya’ni "botqoqliklar mamlakati" deb ataydilar. Haqiqatan ham, Finlandiya hududining uchdan bir qismini botqoqlik egallagan. Finlan­diya ko‘llar mamlakati hamdir. Ko‘llarning soni 60 mingga yaqin. Juda kichik ko‘llar bilan birga shunday katta ko‘llar ham borki, ularning o‘rtasidan qirg‘oqlari ko‘rinmaydi. Ko‘l­larni birlashtirib turuvchi dar­yolarga gidroelektr stansiyalari qurilgan. Qorlar erib ketgandan keyin ko‘l va daryolarda yo­g‘och oqiziladi. Finlandiya­ning dengiz sohillari qo‘ltiq va qo‘ltiqchalar ko‘pligidan juda notekis, joylarda mayda orollar ko‘p.

 Mamlakat hududining o‘ndan yetti qismi qarag‘ay, tilog‘och o‘rmonlari bilan qoplangan, oq qayin ham o‘sadi. O‘rmonlarda tulki, quyon, tiyin, suvsar, oqsichqonlar ko‘p. Bo‘ri, ayiq, silovsinlar ham uchraydi. Daryo va ko‘llar, dengizning qirg‘oqqa yaqin qismi baliqqa boy.

 Yer osti boyliklaridan temir va mis rudalari qazib olinadi. Tabiiy qurilish materiallari, masalan, granit, gil, qum va albatta, yog‘och ko‘p.

 Finlandiya — rivojlangan mamlakat. O‘rmon — mamlakatning asosiy boyligi. Finlandiyada yog‘ochdan tayyorlash mumkin bo‘lgan narsalar­ning deyarli hammasi (selluloza, qog‘oz, mebel, karton, sun’iy shoyi, spirt) ishlab chiqariladi. Poyezdlar va okean kemalari bu mollarni turli mamlakatlarga eltadi.

 Finlandiyada sanoatning boshqa tarmoq­lari ham rivojlangan. Zavodlarda rudadan metall eritib oladilar, har xil stanoklar va mashinalar yasaydilar, kema quradilar.

O‘rmonlardan xoli bo‘lgan yerlarda finlar iqlimning qattiqligi va tosh aralashgan tuproq­larni ishlash qiyinligiga qaramay, arpa, javdar, bug‘doy va hatto, qand lavlagidan yuqori hosil yetishtiradilar.

Lekin qishloq xo‘jaligida asosiy tarmoq sut chorvachiligidir. Tepalarning yonbag‘ir­lari, botqoqli yerlar, ko‘l sohillari chorva mollari uchun juda yaxshi yaylov.

Fin xalqining milliy xususiyatlari haqida gapirilganda, ko‘pincha ularning chang‘i uchish­ga ishqibozligi eslatib o‘tiladi. Chang‘i finlar uchun faqat sport bo‘lib qolmay, transport vositasi hamdir.

Finlarning milliy madaniyati boy. Bir qancha qo‘shiqlardan tashkil topgan "Kalevala" eposi dunyo miqyosida mashhur. Fin kom­pozitori Yan Sibelius jahondagi buyuk kom­pozitorlar qatorida sanaladi. Fin hammomi — sauna ham dunyoga mashhur.

Finlandiya poytaxti — Xelsinki dengiz bo‘yida, yarim orolda joylashgan, atrofida o‘rmon bilan qoplangan qoyali orolchalar ko‘p. Chiroyli, zamonaviy uylar qadimgi me’moriy yodgorliklar bilan uyg‘unlashgan.

Xelsinkidan tashqari Turku, Tampere, Laxti, Oulu kabi yirik shaharlar ham bor. Finlandiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatildi.

Bolalar ensiklopediyasidan olindi. 


Orqaga qaytish