Jahon mamlakatlari

5335 marta o'qildi
Fransiya

 Fransiya — G‘arbiy Yevropadagi katta davlat. U Normandiyaning sovuq, qoyali qirg‘oqlaridan to O‘rta dengizning iliq iqlimli moviy qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan. Qadimda Fransiya qalin o‘rmonzor bo‘lgan. Hozirgi vaqtda o‘rmonlar, asosan, tog‘lardagina saqlanib qolgan. Fransiyadagi eng baland tog‘ — yuksak cho‘qqisi Monblan deb atalgan qorli Alp tog‘laridir.

Fransiya

(Fransiya Respublikasi)

Maydoni – 551000 kvadrat kilometr.

Aholisi – 58700000 kishi.

 Fransiya — G‘arbiy Yevropadagi katta davlat. U Normandiyaning sovuq, qoyali qirg‘oqlaridan to O‘rta dengizning iliq iqlimli moviy qirg‘oqlarigacha cho‘zilgan. Qadimda Fransiya qalin o‘rmonzor bo‘lgan. Hozirgi vaqtda o‘rmonlar, asosan, tog‘lardagina saqlanib qolgan. Fransiyadagi eng baland tog‘ — yuksak cho‘qqisi Monblan deb atalgan qorli Alp tog‘laridir.

Keng pasttekisliklar bo‘ylab Sena, Rona, Garonna va boshqa sersuv daryolar oqib o‘tadi. Bu daryolarda keti uzilmas turnaqator kemalar suzadi.

Mamlakat zamini ko‘mir, temir va uran rudalari, tuzlar, gaz, boksit kabi foydali qazilmalarga boy.

Juda qadimda, miloddan ancha avval Fransiyada gall qabilalari yashagan. Bu yerlarni bosib olgan rimliklar uni Galliya deb ata­ganlar. Keyinchalik rimliklar o‘rnini boshqa bosqinchilar egallagan. Ular orasida franklar ham bor edi, keyinchalik mamlakat shu qabila nomi bilan ataladigan bo‘ldi.

9-asr o‘rtalaridan mustaqil fransuz davlati qaror topdi. 10-asrdan Fransiya deb atala boshlandi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida fashistlar Germaniyasi Fransiyaga hujum qildi. Fransiyaning reaksion hukumati agressorga taslim bo‘ldi. Biroq fransuz xalqi ozodlik uchun mardona kurashdi va g‘alaba qildi.

Fransiya — yuksak rivojlangan mamlakat. Fransiyada ko‘plab aluminiy va po‘lat, sintetik kauchuk, sun’iy tola, plastmassa, dori-darmonlar, gazlama, poyabzal va kiyim-kechak, yirik sanoat shaharlaridagi zavodlarda esa stanoklar, avtomashinalar, elektrovozlar, kemalar, samolyotlar va boshqa turli xil mashinalar ishlab chiqariladi. Fransiya qadimdan o‘zining parfumeriya buyumlari bilan mashhur.

Qishloq xo‘jaligi ham yuksak darajada rivojlangan. Dalalarda bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, suli, kartoshka, qand lavlagi, turli-tuman sabzavot yetishtiriladi. Hamma joyda ko‘plab tokzorlar va bog‘larni ko‘rish mumkin. Chorvachilik ham muhim o‘rin tutadi.

Fransiyaning poytaxti Parij — dunyodagi eng chiroyli shaharlardan biri. U bundan ikki ming yillar ilgari Sena daryosi o‘rtasidagi orolda vujudga kelgan. Parijda qadimiy binolar ko‘p, masalan, Luvr saroyida rasm va haykallarning dunyodagi eng yirik majmualaridan biri to‘plangan. Sorbonna universiteti dunyodagi eng qadimiy universitetlardan biri, Bibi Maryam ibodatxonasi, ulug‘vor Eyfel minorasi jahonga mashhur.

Fransiya jahonga Janna d’Ark, Marat va Robespyer, Lavuazye va Kyuri, Delakrua va Domye, Bize va Ravel, Gyugo va Balzak, Mopassan va Bomarshe kabi ko‘pgina mashhur kishilarni, tarixiy arboblar, olimlar, yozuvchilar, kompozitorlarni yetishtirib berdi.

Fransiya bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatildi va ular o‘rtasida iqtisodiyot, fan-texnika, madaniyat sohalaridagi hamkorlik samarali tus oldi.

Bolalar ensiklopediyasidan olindi. 


Orqaga qaytish