Jahon mamlakatlari

4933 marta o'qildi
Janubiy Afrika Respublikasi

Bu mamlakat tabiati g‘oyat go‘zal. Sharqiy va janubiy qismida tog‘lar qad ko‘targan, qolgan qismi tekis yassitog‘liqdan iborat bo‘lib, bu yerlarda sharqdan g‘arbga tomon savanna, chalacho‘l va cho‘l almashinib boradi. Tog‘larda doim yashil subtropik daraxtlar o‘sadi.

Janubiy Afrika Respublikasi

(JAR)

Maydoni – 1221000 kvadrat kilometr.

Aholisi – 43000000 kishi.

 Afrikaning janubiy chekkasida Janubiy Afrika Respublikasi joylashgan. JAR poytaxti – Pretoriya shahri.

Bu mamlakat tabiati g‘oyat go‘zal. Sharqiy va janubiy qismida tog‘lar qad ko‘targan, qolgan qismi tekis yassitog‘liqdan iborat bo‘lib, bu yerlarda sharqdan g‘arbga tomon savanna, chalacho‘l va cho‘l almashinib boradi. Tog‘larda doim yashil subtropik daraxtlar o‘sadi. Mamlakatning aksari qismida tropik, issiq iqlim. Bu yerlarda bir vaqtlar ko‘plab yirik hayvonlar: sher, qoplon, sirtlon, kiyik, jirafa, fil, zebra, karkidonlar yashagan. Hozir ularning ko‘pchiligi faqat qo‘riqxonalarda saqlanib qolgan, azaldan chorvachilik rivojlangan.

JAR yer osti foydali qazilmalarga nihoyatda boy. Hozirgi zamon sanoatiga zarur bo‘lgan deyarli barcha xomashyolar ko‘p miqdorda mavjud. Neft va tabiiy gaz yo‘q, xolos.

Mamlakatning tabiiy boyliklari bu yerga yevropaliklarni azaldan jalb qilib kelgan. 17-asrda ajnabiylarning katta-katta manzilgohlari bor edi. Yevropaliklar dastlabki vaqtlarda hozirgi Keyptaun shahri yaqinidagi Yaxshi Umid buruniga kelib o‘rnashdilar. Lekin keyin­chalik ular asta-sekin shimolga, mamlakat ichkarisiga siljib, afrikalik mahalliy aholini tug‘ilib o‘sgan joylaridan hayday boshladilar. Kelgindilar mahalliy aholining chorva mollari va eng unumdor yerlarini tortib oldilar. Qarshilik ko‘rsatganlarni shafqatsiz ravishda o‘ldirdilar.

Biroq Afrika xalqlari mustamlakachilarga bo‘ysunmadilar. Ularga qarshi ayniqsa iste’dodli jasur dohiy Chaka boshchiligidagi zuluslar shiddatli va mardonavor kurashdilar. Afrikaliklar mustamlakachilar foydasiga ishlashdan qat’iy bosh tortdilar, shu sababdan mamlakatning yangi xo‘jayinlari ma’lum vaqtgacha Janubiy Afrika shaxta va konlarida ishlatish uchun odamlarni Hindiston va Osiyo­ning boshqa mamlakatlaridan olib kelishga majbur bo‘ldilar. Osiyodan olib kelingan bu kishilarning avlodi mamlakat hozirgi aholisi­ning anchagina qismini tashkil etadi.

Mustamlakachilar o‘rnatgan irqchilik siyosati tufayli oz sonli oq tanlilar uzoq yillar mobaynida hukmronlik qilib keldilar. Vatanparvar kuchlarning qahramonona kurashi natijasida, nihoyat 1994-yilda Milliy assambleyaga o‘tkazilgan ko‘p irqli saylovda mamlakatning haqiqiy egalari bo‘lgan qora tanlilar g‘olib chiqdilar va ularning vakillari mamlakatni idora qila boshladilar.

Hozir JAR oltin, platina, uran, xrom, marganes, ruda, olmos qazib olish sohasida dun­yodagi oldingi o‘rinlardan birida turibdi. Deh­qonlar esa bug‘doy, makkajo‘xori, shakarqamish, yeryong‘oq, sitrus mevalar yetish­tirib bermoqda. JAR bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan.

Bolalar ensiklopediyasidan olindi. 


Orqaga qaytish