Jahon mamlakatlari

5460 marta o'qildi
Kaspiy dengizi

Kaspiy dengizi – dunyoda eng ko‘p nomga ega bo‘lgan dengiz. Hozirgacha uning 70 tacha nomi aniqlangan. Dengiz bir vaqt­ning o‘zida yoki turli davrlarda har xil nom bilan atalgan.Tarixiy asarlarda dengizni ko‘pincha uning atrofidagi viloyatlar, masalan Tabariston, Mozandaron, Alban, Shirvon, Xuroson viloyatlari nomi bilan yoki Boku, Saroy, Darband kabi shaharlar nomi bilan atalganligi yozilgan.

Kaspiy dengizi

 Kaspiy dengizi – dunyoda eng ko‘p nomga ega bo‘lgan dengiz. Hozirgacha uning 70 tacha nomi aniqlangan. Dengiz bir vaqt­ning o‘zida yoki turli davrlarda har xil nom bilan atalgan.Tarixiy asarlarda dengizni ko‘pincha uning atrofidagi viloyatlar, masalan Tabariston, Mozandaron, Alban, Shirvon, Xuroson viloyatlari nomi bilan yoki Boku, Saroy, Darband kabi shaharlar nomi bilan atalganligi yozilgan. Biroq unga O‘rta asrlarda shu dengizning Kavkaz tomonidagi sohilida yashagan kaspiy qabilasining nomi abadiy nom bo‘lib qoldi. Ozarbayjonlik olim P.V.Jilo o‘zining bir maqolasida Kaspiy dengizi nomlari haqida: «Yer sharidagi bironta dengiz shuncha nomning yarmiga ham ega bo‘la olmagan» deb yozgan edi.

Kaspiy dengizi O‘rta Osiyo bilan Kavkaz oralig‘ida, Yevropa bilan Osiyo chegarasida joylashgan. Uni bironta boshqa dengiz yoki okean bilan tutashmaganligi uchun ko‘l deb, kattaligi jihatidan Qora, Oq va Boltiq dengizlaridan qolishmaganligi uchun dengiz deb ataydilar. Suvi ham dengiz suviga o‘xshash sho‘r. O‘simlik va hayvonot dunyosining bir qismi dengizga hos. Dengiz shimoldan janubga tomon qariyb 1200 kilometrga cho‘zilgan, o‘rtacha kengligi 320 kilometr, qirg‘oq chizig‘ining uzunligi 7000 kilometr chamasida. Shimoliy va sharqiy sohillari pasttekislik, janubiy va janubi-g‘arbiy sohillari esa asosan tog‘li. Dengiz sathi Dunyo okeanidan 28,5 metr pastda turadi. Agar dengizni kanal orqali Dunyo okeani bilan tutashtirish imkoni bo‘lganda edi, ularning sathi tenglashguncha Kaspiyga suv oqqan bo‘lar edi. Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida katta-kichik qo‘ltiq ko‘p. Shulardan dengizning sharqiy qirg‘og‘ida Turkmaniston hududida joylashgan Qorabo‘g‘ozgo‘l qo‘ltiq-lagunasi tabiatning mo‘jizasi hisoblanadi. Qo‘ltiqning sathi dengiz sathidan 4,5 metr pastda bo‘lib, dengiz bilan tor bo‘g‘oz orqali tutashgan. Qo‘ltiqda suvning bug‘lanishi juda kuchli bo‘lganidan suv nihoyatda sho‘r (300% ga yaqin). Bo‘g‘ozdan ko‘plab mirabilit tuzi olinadi. Dengizda 50 ga yaqin orol bor, lekin ular mayda orollar. Kaspiyga 130 dan ortiq daryo va soy quyiladi. Yiriklari: Volga, Emba, Ural, Terek,Kurava boshqalar. Lekin sharq tarafdan doimiy quyiluvchi dar­yolar yo‘q. Yirik daryolarning deltalari daryo keltirgan oqiziqlar hisobiga dengiz ichkarisiga kirib bormoqda.

Dengizning shimoliy qismi ancha sayoz, chuqurligi 8 metr dan oshmaydi. O‘rta va janubiy qismi chuqur. Eng chuqur joyi 1000 metr dan ortiq. Yevropani muz qoplagan davrda va undan keyin Kaspiy dengizi bir necha marta toshib yana chekingan. Dengiz tubida neft va gazning katta konlari mavjud. Bu konlar imkon darajasida o‘zlashtirilmoqda.

Dengiz iqlimi kontinental iqlimga yaqin. Quruq shamollar bo‘lib turadi. Shimoliy qismida qish qattiq keladi. Havo harorati tez-tez o‘zgaradi. Yiliga g‘arbiy qismida400 mmgacha, sharqida bor-yo‘g‘i 90–100 millimetr yog‘in yog‘adi. Lekin dengizning subtropik hisoblangan janubi-g‘arbiy sohilida 1700 millimetrgacha yog‘in tushadi. Ayni paytda dengizning ko‘p qismida, ayniqsa, janubida bug‘lanish yiliga 1000–1400 millimetrga yetadi. Bundan ko‘rinadiki bug‘lanish yog‘inga nisbatan bir necha baravar ko‘p.

Dengizda Apsheron yarim oroli atrofida kuchli shamollar bo‘lib turadi. Bunday vaqtlarda to‘lqinlar 11 metr gacha ko‘tariladi. Yozda suv harorati o‘rtacha 24–260 bo‘ladi, janubi-sharqda 320 ga yetadi. Qishda dengizning shimoliy qismi 2–3 oy davomida 2 metr qalinlikda muz bilan qoplanadi.

Dengiz suvining o‘rtacha sho‘rligi 13%, shimoli-g‘arbida –Volgadaryosi quyiladigan qismida 1–2% . Shamol suvni bir tomonga qarab haydashi natijasida suv sathi 2,5 metr gacha ko‘tarilib yoki 2 metr gacha pasayib turadi. Suv sathi asrlar davomida o‘zgarib, bir xil bo‘lmagan. Bundan 5-6 ming yil avval va 18-asr boshlarida dengiz suvi keskin ko‘payib, sohildagi past joylar suv ostida qolgan. 20-asr birinchi yarmidan suv sathi yana pasaya boshladi. Buning sababi bug‘lanishning kuchayishi va dengizga quyiladigan daryolar suvining kamayishi bo‘ldi. Dengizdan yiliga o‘rtacha 357 km3 dan ortiq suv bug‘lanadi, lekin dengizga quyiluvchi suv undan kam.

Kaspiy dengizida 500 dan ortiq o‘simlik turi, jumladan ko‘k-yashil, qizil va qo‘ng‘ir, xara suvo‘tlari, 850 dan ziyod baliq turi, mollyuskalar va boshqa hayvonlar yashaydi. Boshqa suv havzalaridan turli yo‘llar bilan keltirilgan o‘simlik va hayvonlar ham bor.

Kaspiy dengiziga 5 ta davlat, xususan Rossiya, Ozarbayjon, Eron, Turkmaniston, Qozog‘iston Respublikalarining hududlari tutashgan. Bu davlatlar uchun dengizning iqtisodiy va transport ahamiyati juda katta. Dengizdan ko‘plab baliq, tyulen ovlanadi, har xil tuzlar olinadi. 1924-yildan dengiz suvi ostidan neft qazib chiqarilmoqda. Kaspiy dengizida neft, yog‘och, don, paxta, guruch kabilar tashiladi. Dengiz atrofida Boku, Astraxon, Mahachqala, Turkmanboshi, Bandar Turkman kabi yirik portlar joylashgan.


Orqaga qaytish