Bilasizmi?

4720 marta o'qildi
Ko`tarish krani

Zamonaviy qurilishlarni qurilish mashinalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ular xilma-xildir. Lekin ularning eng asosiysi – ko‘tarish krani. Uning jimjimador po‘lat minorasi ko‘p qavatli uydan baland ko‘tarilib turibdi. Kran og‘ir temir-beton plitalarni, to‘sin, g‘isht, sement qorishmalarini yerdan ko‘tarib, o‘zining xuddi qo‘lday uzatilgan strelasi bilan quruvchilarga yetkazib berib turadi.

Ko`tarish krani

 Zamonaviy qurilishlarni qurilish mashinalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ular xilma-xildir. Lekin ularning eng asosiysi – ko‘tarish krani. Uning jimjimador po‘lat minorasi ko‘p qavatli uydan baland ko‘tarilib turibdi. Kran og‘ir temir-beton plitalarni, to‘sin, g‘isht, sement qorishmalarini yerdan ko‘tarib, o‘zining xuddi qo‘lday uzatilgan strelasi bilan quruvchilarga yetkazib berib turadi. Uy kundan-kunga balandlashadi – kran ham undan qolishmaydi: uning minorasi tobora baland ko‘tarilib boradi.

Minoraning baland joyida, kabinada kran boshqaruvchi o‘tiradi. U xotirjamlik bilan kran mexanizmlarini boshqaradi. Bitta dvigatelni ishga tushirsa, og‘ir plita sekin-asta yuqoriga ko‘tariladi. Ikkinchi dvigatelni ishga tushirsa, kran strelasi burilib, plitani tegishli joyga aniq yetkazib beradi.

Lekin yukni ko‘tarishdan oldin uni kranning ilgagiga yaxshilab mahkamlash kerak. Bu mas’uliyatli ishni hammaga ham ishonib bo‘lmaydi. Buni maxsus ishchilar – takelajchilar bajaradi. Ular maxsus imo-ishora va tovush bilan kran boshqaruvchiga yukni qanday ko‘tarish va qayerga yetkazib berish haqida ko‘rsatma berib turadilar.

Ko‘tarish kranlari bajaradigan ishlar juda ko‘p. Masalan, mana bu yerga katta ustun tiklash kerak bo‘lsa, boshqa joyda zovurlarga yo‘g‘on quvurlar yotqizish kerak. Bularni avtomobilga o‘rnatilgan ko‘tarish krani bajaradi. U mo‘ljallangan joyga olib boriladi va domkrat oyoqlari bilan yerga tiralib olib, ishga tushib ketadi.

Avtokran uchun yo‘l kerak. Yo‘l yo‘q joylarda esa o‘rmalovchi (gusenitsali) kranlar ishlaydi. Ular o‘nqir-cho‘nqirlar, loy, qumlarni pisand qilmaydi. Agar dengiz qirg‘og‘ini beton xarsanglar bilan mustahkamlash kerak bo‘lsa, shatakka olinadigan suzuvchi kran keltiriladi.

Dengiz portlariga turli mamlakatlardan juda ko‘p kemalar kelib turadi. Yo‘lovchi tashiladigan kemalarda yuklar uncha og‘ir bo‘lmaydi – ularni palubaga o‘rnatilgan qirg‘oq kranlari darhol tushira boshlaydi. Katta kemalar esa dengiz portlariga kelib to‘xtaydi. U yerdagi port kranlarining strelalari o‘qtin-o‘qtin kema ustiga engashib, uning tryumlaridan og‘ir yukli yashiklar – konteynerlarni oladi-da, temiryo‘l platformalari yoki avtomobillarga yuklaydi.

Sanoat korxonalari ham ko‘tarish kranlarisiz ishlay olmaydi. Ba’zi mashina detallari shunday og‘ir bo‘ladiki, ularni qo‘l bilan sira ko‘tarib bo‘lmaydi. Bunga ehtiyoj ham yo‘q! Buning uchun og‘ir yuklarni tashiydigan baquv­vat kran-balkalardan va oddiy dastaki elektr yuritmasi bor telferlardan foydalaniladi.

Ko‘tarish kranlari ana shunday ishlari bilan kishilarga yordam beradi.

 Bolalar ensiklopediyasidan olindi.


Orqaga qaytish