Bilasizmi?

5647 marta o'qildi
BORON

Bo‘ron boshlanganda shamolning tezligi sekundiga 20 metrdan kam bo‘lmaydi. Bo‘ron antitsiklonning chekkalarida ro‘y beradi.

Tabiatda sodir bo‘lib turadigan bu hodi­sani eslaganimizda har gal ko‘nglimizda qandaydir havotirlik paydo bo‘ladi. Chunki bu kuchli shamol esa boshlaganda o‘z yo‘lidagi har qanday to‘siqni surib tashlash darajasiga yetishi mumkin. Bo‘ron boshlanganda shamolning tezligi sekundiga 20 metrdan kam bo‘lmaydi. Bo‘ron antitsiklonning chekkalarida ro‘y beradi. Bo‘ron shamoli boshlanishdan avval, odatda havo soviydi. Qish paytida bo‘ron qorni yer yuzasi bo‘ylab uchirib, bir joydan boshqa joyga ko‘chiradi. Shamolda uchiril­gan qor o‘z yo‘lida devor, bino kabi to‘siqqa uchrasa, katta qor uyumlari vujudga keladi. Qor bo‘ronlari vaqtida temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini ham qor bosib, poyezd va avtomobil transportlar yurishini qiyinlashtirib qo‘yadi. Aholi yashaydigan joylarda bo‘ron tomlarni ko‘chirib, bir necha o‘n va hatto, yuz metrlar nariga uloqtirgan, katta-katta daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib, simyog‘ochlarni ag‘darib tashlagan hollar ko‘p bo‘lgan. Bo‘ron Qizilqum va Qoraqum cho‘llarida juda katta qum uyumlarini bir joydan boshqa joyga ko‘chirib, qum barxanlarini hosil qiladi. To‘satdan boshlangan bo‘ron qadimda qumli cho‘lni kesib o‘tayotgan savdo va elchilar karvonlarini qum ostida qoldirgan vaqtlar ham bo‘lgan. Qumli cho‘llardan o‘tgan temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini ba’zan butkul qum bosadi. Quruqlikda shamolning kuchini qirqish uchun ko‘pincha yo‘l va aholi punktlari atrofiga ihota daraxtlari barpo qilinadi, qumli cho‘llar o‘sha yerlarda o‘sishga chidamli daraxt va butalar bilan mustahkamlanadi.

 Bo‘ron dengiz va ko‘l suvlarini ham hara­katga keltirib, katta to‘lqinlar hosil qiladi. Bali­qchilar bo‘ron bo‘lishini oldindan bilsalar, kemalarini darhol xavfsizroq bo‘lgan qo‘ltiqlarga olib kiradilar yoki ochiq dengizga chiqib ketishga harakat qiladilar. Chunki shamol kemani qirg‘oqqa yoki qirg‘oq yaqinidagi qoyatoshga urib chilparchin qi­lishi mumkin.

Odatda, dengizda bo‘ron boshlanishidan bir muddat oldin bo‘ronqushi deb ataluvchi qushlar juda bezovtalanib ucha boshlaydi. Hammayoqni shu qushning ovozi tutib ke­tadi. Baliqchilar shundan biladilarki, demak, yaqin orada bo‘ron boshlanadi. Shunga qarab ehtiyot choralarini ko‘radilar. Bo‘ronlar tropik mintaqalarda ham tez-tez bo‘lib turadi. Odatda, bo‘ron boshlanishi ehtimoli bo‘lsa, bu haqda ob-havoni bashorat qiluvchilar aholini va transport idoralarini darhol ogohlantiradilar.

Agar bo‘ron qor yo‘q vaqtda bo‘lsa, dalalarda tuproq qatlamini havoga uchirib, juda katta maydonlarda chang-to‘zonlarni vujudga keltiradi. Natijada yerning unumdor qatlamini uchirib ketadi. Hozir kuchli shamollar Orol dengizining qurigan tubidagi tuzni uchirib, ekinzorlar ustiga yog‘dirishi hollari bo‘lib turibdi.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish