Bilasizmi?

5527 marta o'qildi
DASHT

Janubiy Amerikada o‘t bilan qoplangan keng maydonlar pampa, Vengriyada pushta, tropiklarda lyanos deb ataladi. Hozirgi vaqtda tipik dashtlar deyarli qolmagan. Ular faqat qo‘riqxona va zakazniklarda saqlanib qolgan.

Dashtning asosiy o‘simligi o‘t-o‘lanlardan iborat. Dashtda namlik yetishmasligidan u yerda daraxtlar sidirg‘a o‘smaydi, faqat daryo bo‘ylarida yoki yer osti suvlari yuza joylashgan yerlarda uchraydi. Dashtda iqlim cho‘lga nisbatan yumshoqroq bo‘ladi.

 O‘t o‘simliklar quruq iqlimga turli tarzda moslashgan. Erta bahorda, qor erishi bilan dastlabki o‘simliklar — efemerlar paydo bo‘ladi. Ular yirik emas, bo‘yi atigi 10 — 20 santimetr, ildizi ham qisqagina — 10 santimetrga yaqin. Bir oy mobaynida efemerlar rivojlanib, gullab, urug‘ tugib, qovjirashga ham ulguradi. Shu sababli ularga uzun ildizning keragi yo‘q: ilk bahor oyida yerning nami hali yetarli bo‘ladi.

 Keyinchalik efemerlar o‘rnini uyquli o‘tlar (ba’zi o‘simlik barglari, ko‘pincha gullari kunduzi ochilib, kechasi yumiladigan va ayrimlari­da bu hodisa aksincha ro‘y beradigan), sunbul, mushuko‘t egallaydi. Ularning gullari och rangli, ko‘rkam. O‘rta Osiyo dashtlarida asosan,­ shuvoq, tipchoq, chalov o‘sadi. Chalov boshoqlarini shamol tebratganida dasht bo‘ylab kumush to‘lqinlar yugurayotgandek tuyuladi. Peshinda shuvoqning achchiq hidi hamma yoqni tutib ketadi. Bahorda va yoz boshlarida o‘tlarning gullashiga qarab dashtning rangi o‘zgarib turadi.

 Yozning oxiri — kuzning boshlarida dasht deyarli butunlay qovjiraydi. Shunda sharsimon o‘simliklarni ko‘rish mumkin. Kuzda ularning poyasi shamolda naq tagidan sinadi va shamol yengil o‘simliklarni uchirib yuradi. Shu tarzda ular o‘z urug‘larini uzoqlarga tarqatadi.

 Dashtlarning tuprog‘i juda unumdor, shu­ning uchun ularning ko‘p qismi haydalib, ekin ekiladi. Endilikda inson nazaridan chetda bo‘lgan dasht deyarli qolmayapti. Dashtni ekinzorga aylantirish bilan birga uni ihota qilish­ ham zarur. Aks holda tuproqning unumdor qatlamini shamol uchirib ketadi. Natijada dashtni o‘zlashtirish uchun ketgan katta xarajatlar behuda sarflangan bo‘ladi. Dashtda eng ko‘p tarqalgan hayvon kemiruvchilardir. Ular orasida sug‘urva yumronqoziq ko‘p uchraydi. Kuzga kelib dasht o‘simliklari siyraklashadi, sovuq kunlar boshlanadi, shunda sug‘urlar iniga kirib olib, bahorgacha uyquga ketadi.

 Yumronqoziq ham, dasht sichqoni ham, olaxurjun ham qish uyqusiga ketadi. Faqat olaxurjunning uyqusi qattiq emas. U qish uchun o‘z omboriga 15 kilogrammga yaqin donni lunjida tashib yig‘ib oladi. Har gal olaxurjun­ 45 grammgacha bug‘doy tashib kel­tirishi mumkin. Qishda uyg‘onganida shu dondan ovqatlanadi. Sug‘urdan farqli o‘laroq ola­xurjun va yumronqoziqlar dala zararku­nandala­ridir.

Bo‘ktargi, burgut, qarchig‘ay, kalxat, qirg‘iy, miqqiy kabi yirtqich qushlar kemiruvchilarning kushandasidir. Bularningbarikunduzgi yirtqichlardir. Tunda esa botqoq yapaloqqushi va quloqli yapaloqqush ovga chiqadi. Kemiruv­chilarni bo‘ri, tulki, oqsuvsar, bo‘rsiq kabi to‘rtoyoqli yirtqichlar ham ov qilishadi. Ularni ilon­lar – dasht zaharli qorailoni, chiporilon ham ovlaydi. Shunga qaramay kemiruvchi hayvonlar ko‘p, ular ayniqsa donli ekinlarga katta zarar yetkazadi.

Dasht o‘tloqlarida to‘rg‘ay, dasht qirg‘ovuli, to‘xtatuvaloq va boshqa qushlar uchraydi.

Shimoliy Amerikada bizning dashtlarga o‘xshash dashtlar bor, ularni preriya deb yuriti­shadi.

Preriyalar ham keng ko‘lamda o‘zlashtirilib, haydalgan. Janubiy Amerikada o‘t bilan qoplangan keng maydonlar pampa, Vengriyada pushta, tropiklarda lyanos deb ataladi. Hozirgi vaqtda tipik dashtlar deyarli qolmagan. Ular faqat qo‘riqxona va zakazniklarda saqlanib qolgan. Dashtdan shimoldagi zona o‘rmonli dasht deb ataladi. U yerda o‘t-o‘lanli ochiq dasht bilan birga o‘rmonlar ham uchraydi.

 

Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish