Bilasizmi?

4946 marta o'qildi
BULOQLAR

Yer ostida to‘plangan suvning tabiiy holatda yer yuzasiga chiqib turadigan joylari buloqlar deyiladi. Buloqlarni Markaziy Osiyoda va ba’zi Yaqin Sharq mamlakatlarida chashma deb ham ataydilar, arablar esa ayn deyi­shadi.

Yer ostida to‘plangan suvning tabiiy holatda yer yuzasiga chiqib turadigan joylari buloqlar deyiladi. Buloqlarni Markaziy Osiyoda va ba’zi Yaqin Sharq mamlakatlarida chashma deb ham ataydilar, arablar esa ayn deyi­shadi. Lotin tilida fontan atamasi ham dastlab buloqni anglatgan. Ularni dunyoning barcha qit’alarida, hatto dengiz va okean tublari­da ham ko‘plab uchratish mumkin. Ayniqsa, O‘zbekistonning Farg‘ona, Zarafshon va Qashqadaryo vodiylaridagi tog‘ oldi tumanlarini buloqlarsiz tasavvur qilish qiyin.

Buloqlarni o‘rganuvchi mutaxassislar ular­ning kelib chiqish sharoitiga qarab qaynarbuloqlar va sokin buloqlar deb ikki turga ajratadilar. Buloq suvlari yil davomida mavsumga qarab ba’zan ko‘payishi yoki kamayi­shi mumkin. Buloq suvi nega hech tugamaydi, ular suvni mudom qayerdan oladi? Tog‘ yonbag‘riga yog‘gan qor va yomg‘ir suvlari­ning bir qismi yerga shimilib, tog‘ jinslari­ning suv o‘tkazmaydigan qatlamlari orasida to‘planadi va relyefning pastroq joylaridan o‘ziga yo‘l topib, tog‘ yonbag‘ri, adirlar, jarlik va soy yonbag‘irlaridan yer yuzasiga chiqadi. Buloqlarning paydo bo‘lish yo‘llarini bundan qariyb 1000 yil avval buyuk olim Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida yozib qoldirgan.

Odamlar juda qadim zamonlardan, ya’ni ibtidoiy jamoa davridan boshlab buloq suvidan foydalanib kelganlar. Buloqlar yonida qishloq, karvonsaroy, yom (jom), davolanish maskanlari (Chortoq, Jeleznovodsk va boshqalar) va sardobalar, hashamatli maqbaralar qurilgan. Ba’zan buloq suvi ancha naridan sopol quvurlar orqali keltirilib masjid ichidagi, hovuzlarga quyilgan. Asrlar o‘tishi bilan ko‘pgina buloqlar muqad­daslashtirilgan va ular haqida turli afsonalar to‘qilgan. Ayrim buloqlarni payg‘ambarlar nomi bilan ataganlar. Masalan, Buxorodagi Chashmai Ayyub me’moriy majmuasi o‘rnida qadimda buloq bo‘lganligi uning nomidan ham ko‘rinib turibdi. Nurota tog‘idagi buloq mahalliy aholi orasida muqaddas hisoblanadi. Buloq suvi kattagina havzada to‘plangan. Hovuzda yuzlab baliqlar g‘ujg‘on o‘ynaydi. Baliqlarga hech kim qo‘l tekkizmaydi.

Buloqlardan ko‘pincha jilg‘a, soy va hatto dar­yolar ham boshlanadi. Ulardan suv olgan daryo­lar ko‘pincha Qorasuv (Qoradaryo) deb ataladi. Sababi, suvi tiniq bo‘ladi, o‘zan tubi sayoz joylarda ko‘rinib turadi. Bir-biriga yaqin joylashgan buloqlar o‘sha joyning nomiga aylanib ketgan hollar ham uchraydi. Masalan, Mingbuloq (Naman­ganviloyatida, Qoraqalpog‘istonda va boshqa joylarda), O‘n ikki buloq, Qo‘shbuloq va hokazo. Yakka buloqlar ham ko‘plab qishloq va shaharlarga nom bo‘lib qolgan. Andijon viloyatida Buloqboshi aholi punkti va tumani, Toshkent viloyatida Arashonbuloq, Surxondaryo viloyatida Qamchibuloq, Mongoliyada Oltinbuloq (shahar), Oq­buloq, Dog‘istonda Arnabuloq degan joylar bor. Mashhur tarixiy shahar Ardabil ham buloq yonida vujudga kelgan. Poytaxt Toshkent shahrida ham 20-asr boshlarida jarliklar yonbag‘rida ko‘plab buloq bo‘lgan. Shulardan biri hozirgi «Chorsu» mehmonxonasi o‘rnida, jar yoqasidagi «Ukkosha» bulog‘i juda mashhur edi. Uzoq-yaqindan «Chorsu» bozoriga kelganlar yozning saratonida o‘sha buloq suvidan zarang kosada olib ichardilar.

Qishloq joylarda buloq suvidan hozir ham ichimlik suvi sifatida va chorva mollarini, ba’zan esa ekinzorlarni ham sug‘orishda foydalanib kelinmoqda.

Buloqlar haroratiga ko‘ra issiq suvli (Tojikis­tondagi mashhur Obigarm bulog‘i, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi buloq) va sovuq suvli, suv tarkibiga ko‘ra minerallashgan va oddiy chuchuk suvli bo‘ladi. Mineral buloqlar shifo­baxsh hisoblanadi. Shunday buloqlar yoniga shifoxo­nalar qurilgan.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish