Bilasizmi?

5007 marta o'qildi
BURGUT

Bu yirtqich qush shu qadar yirik va kuchliki, hatto bo‘rini ham yenga oladi. Kavkaz va O‘rta Osiyoda qadim zamonlardan burgut yordamida ov qilingan.

Bu yirtqich qush shu qadar yirik va kuchliki, hatto bo‘rini ham yenga oladi. Kavkaz va O‘rta Osiyoda qadim zamonlardan burgut yordamida ov qilingan. Buning uchun ovchi, avvalo, burgut uyasini topib, undan yosh burgutni oli­shi kerak. Bu ancha xavfli: burgutning uyasi chiqib bo‘lmas qoyalar orasida joylashgan bo‘ladi, ota va ona burgutlar bolalarini jon-jahdi bilan himoya qiladi. Qolaversa, keyin yosh burgutni qo‘lga o‘rgatish kerak. Shundan so‘ng yosh burgut ovga o‘rgatiladi. Nihoyat, u ov qilishni o‘rganib, uning qanotlari kuchga to‘ladi. Endi ovchi uni olib ovga jo‘naydi.

Bahaybat qush ikki metrli qudratli qanotlarini yozib, baland osmonda parvoz qiladi. Mana, ko‘zi o‘tkir burgut bo‘rini ko‘rib qoldi. U asta-sekin aylanib pastlay boshlaydi va birdan qanotlarini yig‘ib, o‘ljasiga o‘qdek otiladi. Endi bo‘ri hech qayerga qochib qutula olmaydi. Burgut kuchli panjalari bilan uni changallab, yerga bosadi. Ovchi otda yetib kelib, bo‘rini bog‘lab olsa bas.

Respublikamizning tog‘ va cho‘llarida ham burgut juda ko‘p bo‘ladi. Burgutning rangi to‘q qo‘ng‘ir bo‘lib, uzoqdan bir xil rangda ko‘rinadi. Yosh qushlarning dumi aniq ikki xil rangda: dum asosi oq, uchi qora bo‘ladi. Qizil­qumdagi yovvoyi burgutlar xonaki echki, tipratikan, jayran, toshbaqa, yumronqoziq, tovushqon, qumsichqon, kakliklarga va boshqa hayvonlarga hujum qiladi.

Burgut janubiy mamlakatlarda baland tog‘lar orasida ham yashaydi. U Sibir taygalarida, Yevropa o‘rmonlarida uchraydi.

O‘rmonda burgut yo‘l va aholi yashaydigan joylardan olisda, qalin o‘rmon ichidagi baland daraxtlarning shoxiga uya quradi. Bu ehtiyotkor qush odamlarning ko‘ziga juda kam ko‘rinadi. Ularni kuzda, bolalari polapon bo‘lgan paytdagina butun oilasi bilan baland osmonda asta parvoz qilib yurganida ko‘rish mumkin.

Sovuq tushganda burgutlar issiq o‘lkalarga uchib ketadi. Qish tugab, bahor kelishi bilan ota-ona burgutlar eski uyasiga qaytib keladi, uni tuzatib, yana jo‘ja ochishga kirishadi.

 

Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish