Bilasizmi?

4733 marta o'qildi
BUGU

 Bug‘ular bir necha turdan iborat. Ularga misol qilib shimol bug‘usi, Yevropa o‘rmonlarida yashovchi yelik, Uzoq Sharq izyubri, Sibir marali, Shimoliy Amerikadagi Virginiya bug‘ulari, los va lan bug‘ularini ko‘rsatish mumkin.

 Bug‘ular bir necha turdan iborat. Ularga misol qilib shimol bug‘usi, Yevropa o‘rmonlarida yashovchi yelik, Uzoq Sharq izyubri, Sibir marali, Shimoliy Amerikadagi Virginiya bug‘ulari, los va lan bug‘ularini ko‘rsatish mumkin. Bug‘ular orasida eng chiroylisi shimol bug‘ularidir. Shimol bug‘ulari og‘ir sharoitda hayot kechirishga yaxshi moslashishgan. Masalan, qishda odamning oyog‘i botib ketishi tufayli qalin qor ustida yoki botqoqlikda yurishi og‘irlashadi. Bug‘uning tuyog‘i keng bo‘lganidan oyog‘i botmasdan bemalol yuraveradi.

Shimol bug‘ularining juni ham o‘ziga xos tuzil­gan. Har bir junning o‘zagi kengayib, havo bilan to‘lgan bo‘ladi, havo esa tanadagi issiqlikni yaxshi saqlaydi. Shuning uchun bug‘uning juni hatto, kuchli shamolda ham uni sovuqdan yaxshi asraydi. Suvda jun bug‘u uchun «qutqaruv chambaragi» vazifasini o‘taydi: jun o‘zagi ichida havo saqlanib qolganidan ularning suzishi yengillashadi. Odatda bug‘ularning faqat erkaklarida, shimol bug‘usining urg‘ochilarida ham shox bo‘ladi.

Bug‘ular doimo to‘da bo‘lib, ba’zan juda katta ( bir necha ming boshdan iborat poda bo‘lib ko‘chib yuradi. Ko‘pincha, bo‘ron ular­ning yo‘lini to‘sib qo‘ygan paytlarda issiqroq bo‘lishi uchun poda g‘uj bo‘lib oladi.

Shimolda yashovchi xalqlar issiq mo‘ynasi, pishiq terisi va mazali go‘shti tufayli bug‘ularni azaldan qadrlashadi. Shimol bug‘ularini ovlash oson emas, chunki ular juda sergak va ehtiyo­tkor bo‘lganidan odamni o‘ziga yaqinlashtirmaydi.

Shimol xalqlari qadim zamonlardan bu­yon xonaki bug‘ularni ko‘paytirib kelishgan. Bug‘ular birvarakayiga qo‘y, sigir, ot kabi barcha uy hayvonlari o‘rnini bosadi. Bug‘u bilan itlar qo‘shilgan chanalar shu kunlarda ham Shimolda asosiy transport vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Yengil chanaga qo‘shilgan bir juft bug‘u 100 kilogramm yuk bilan soatiga 10 kilometr tezlikda harakat qila oladi.

Xonakilashtirilgan shimol bug‘usi yil bo‘yi ochiq havoda o‘tlab yuradi. Unga boshpana ham, qo‘lda beriladigan ye­mish ham kerak emas. Shimol bug‘ulari qishda lishaynik bilan oziqlanadi. Oziqini kuchli va keng tuyoq­lari yordamida qorni titib topib oladi.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish