O'zbek adabiyoti

5025 marta o'qildi
MUHAMMADSHARIF SOFIZODA (1869-1937)

Muhammadsharif So’fizoda 1869-yilning 29- yanvarida Namangan viloyati, Chust tumanida hunarmand-kosib oilasida tug’ilgan

Muhammadsharif So’fizoda 1869- yilning 29- yanvarida Namangan viloyati, Chust tumanida hunarmand-kosib oilasida tug’ilgan.Otasi Egamberdi So’fi pichoqchilik, charx tortish ishlari bilan mashg’ul bo’lgan. Onasi Zaynab xola xohishiga ko’ra u qo’shnisi Manzura otindan xat-savod o’rganadi, eski maktablarda ta’lim oladi. U Hofiz, Bedil, Alisher Navoiy, Muqimiy va Furqat kabi allomalar ijodini chuqur o’zlashtirib, she’rlar mashq qila boshlaydi. Turkistonda chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti» kabi Qozon, Orenburg va Boqchasaroyda chiqadigan ro’znoma, oynomalar bilan qiziqadi. Boku va Tiflisda chop etilgan ozor tilidagi asarlarni mutolaa qiladi.

1893—1898- yillarda u Qo’qonda yashab, Muqimiy, Furqat ta’sirida «Vahshiy» taxallusi bilan hajviy asarlar yaratadi. Ayniqsa, uning «Dakaning»,«Bedanang», “Ayting bu so’zimni”, «O’pay», «Beg’ubor dardu olam» kabi hajviy va lirik g’azallari e’tiborga loyiq edi. Biroq hali Muqimiy hajviyasi zarbidan qutulib ulgurmagan zamona hokimlari yosh Muhammadsharifning keskin tanqidiga qarshi hujum boshlaydilar. Oqibatda u 1899- yili Qo’qondan Chustga qaytib keladi. Ikki yil o’tgach, uni amir-amaldorlar «Ul beadab va bad aslni» dahriylikda ayblab, qatl etishga hukm chiqaradilar.

O’zining yozishicha, «so’ng Chustdan qochib, Mir viloyatiga tafakkur qilib, muddati 14 yil har mamlakatda yurub» («Turkiston viloyatining gazeti», 1914, 10-son) umr kechiradi. Xuddi shu 1900—1914- yillar So’fizoda dunyoqarashida muhim bosqich hisoblanadi. Avval Bokuga borib, Jalil Dulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi ozarbayjon adabiyotining taraqqiyparvar vakillari bilan tanishadi. So’ng Arabiston shaharlari, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida oddiy mehnatkash xalq hayotini ko’radi.

1910-1913- yillarda Qo’ng’irotda muallimlik qiladi, ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan ro’znoma va oynomalarda tez-tez ko’rina boshlaydi. Ayniqsa, uning mahoratidan darak beruvchi «O’zbek xonimiga», «Xonimlar isminda», «Vatan», «Muslimalar» asarlari e’tiborli edi.

1913- yilda Chustga qaytib kelib, yetim maktablari ochadi va unda muallimlik qiladi.Dunyoviy fanlarni yengil va yangi usulda o’rgatishga bel bog’laydi. Ayni chog’da ayrim shariat peshvolarini, boy-amaldorlarni o’tkir hajviy tig’ bilan savalaydi. Bunga chiday olmagan hokim sinf vakillari uni halok etish payiga tushadilar. Buni sezgan shoir So’fizoda 1915- yili yana xorijiy mamlakatlarga ketishga majbur bo’ladi.

 

Quvdi meni johillar o’shandog’ vatanimdan,

Lekin quva olmas suxanimni dahanimdan, —

 

deb, e’tiqodi, irodasini yana bir bor tiklab oladi. Bu safar davomida u Hindistonda, so’ng Afg’onistonda o’qituvchilik bilan mashg’ul bo’ladi. 1918- yilda Afg’oniston maorif vazirining o’rinbosari sifatida Turkistonga afg’on vakolatxonasining tilmochi bo’lib tayinlanadi. 1918- yil so’ngida u afg’on arboblari bilan O’zbekistonga qaytib keladi va shu yerda umrining oxirigacha xizmat etadi. Yana munofiqlar qarshiligiga uchrab, olti oyga qamaladi. So’fizoda butun umr qiyinchiliklar ko’rsa ham, o’z xalqiga xizmat etishdan zarracha to’xtamadi. Uning asarlari «Qizil O’zbekiston», «Mushtum», «Farg’ona» kabi ro’znoma va oynomalarda tez-tez bosilib turdi.

1925- yil 13- avgustda «Farg’ona» gazetasida «Xushchaqchaq qalamlar» sarlavhasi ostida uning bir qator hajviy she’rlari bosildi. Uning «Haqiqatdan ko’z yumganlar», «Qalaysizlar?, «Saylovga» kabi she’rlarida o’sha suronli yillar tahlikalari ustida mulohaza yuritiladi. 1934- yilga kelib, «Bayram nashidalari» nomli dostoni nashr etiladi. Unga o’zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uchun Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan bir qatorda 1926- yil 27- fevralda O’zbekiston xalq shoiri degan yuksak unvon beriladi. U 1937- yilda og’ir betoblikdan vafot etadi.

 


Orqaga qaytish