Bilasizmi?

5658 marta o'qildi
DOVUL

Dovul 200 metrdan 6 kilometrgacha kenglikdagi uzun ensiz polosa bo‘ylab hara­katlanadi. U, odatda, momaqaldiroq bilan birga ro‘y beradi.

Dovul avjiga chiqish­i­dan ancha ilgariyoq uning­ yaqinlashayotganligi seziladi. Qilt etgan shamol esmaydi. Kun dim bo‘ladi. Dovul kela­yotganligini dastlab jonivorlar sezadi. Jumladan, qushlar inlariga bekinib oladi, yoki u yer, dam bu yerga qo‘nib, sarosimada chirqillayveradi. Vahimali qora bulutlar paydo bo‘ladi. Dovul!

Ulkan qop-qora bulut shiddat bilan bosti­rib kelaveradi. Birdaniga keskin shamol esa boshlaydi. Dam-badam momaqaldiroq gumburlab, agar tun payti bo‘lsa, ko‘zni qamashtiradigan darajadagi chaqmoqlar zulmatni yoritadi.

Dovul quturganidagi shovqin bamisoli artilleriya otishmalarini eslatadi. Avjga chiqqan shamol bosimi ta’sirida ko‘l va suv omborlari­da suv bir tomonga to‘planishi, katta daraxtlar ham misoli qamishdek egilishi, ko‘pincha  ildizi bilan qo‘porilishi mumkin.

Ekvator yaqinida, janubiy dengizlar ustida eng kuchli dovullar ro‘y beradi. Bunday dovul­lar, odatda, tropik siklonlar yoki tayfunlar deb yuritiladi. Kuchli shamol yuzlab kilometrli ulkan doira bo‘ylab yeladi. Aylanayotgan butun havo massasi tobora oldinga harakatlanib, dengizda dahshatli to‘lqinlar ko‘taradi, quruqlikdagi jami mustahkam qurilmagan uy-joy binolari va boshqa inshootlarni vayronaga aylantiradi.

Kuchli uyurmalar, quyunlar, ayniqsa, xavflidir. Ular qora bulutning chekka paxmoqsifat qismlarida momaqaldiroq bilan hosil bo‘ladi. Bunda yerdan ko‘tarilayotgan yoki uning yuzasi ustida aylanib yurgan sovuq va issiq, kuchli va sust ulkan havo oqimlari to‘qnashadi.

Quyun quturib aylanib pastlashar ekan, qarshisidan unga tortilayotgan havo yoki suv oqimi yuqoriga ko‘tarila boradi. Bundan quyunning qalinligi ba’zan bir necha yuz metrga yetadi. Quyun ustunining ichki tomonida havo oqimi pastga yo‘naladi, ustunning tashqi tomonida esa burama tarzda yuqoriga intiladi. Quyun «xartumi» nimaga tegsa, uni o‘ziga ilashtirib ketadi.

Ayniqsa, Shimoliy Amerikaning janubiy qismida kuchli tornado quyunlari tez-tez ro‘y berib turadi. «Tornado» ispan tilida «aylanuv­chi» degan ma’noni anglatadi.

Tornado quyunlari ko‘pincha hayvon va odamlarni, hatto kichikroq uylarni ham osmonga ko‘tarib yuboradi.

Dovul 200 metrdan 6 kilometrgacha kenglikdagi uzun ensiz polosa bo‘ylab hara­katlanadi. U, odatda, momaqaldiroq bilan birga ro‘y beradi.

Qora dengiz shimolining ayrim joylarida vaqti-vaqti bilan sovuq dovul shamoli — bora esib turadi. Bu shamol telegraf ustunlarini ag‘daradi, tomlarni uchirib ketadi, daraxtlarni sindiradi, ko‘rfazni qaynab turgan qozonga aylantiradi.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish