Bilasizmi?

5530 marta o'qildi
EMAN

Tanasi uch-to‘rt qulochli yolg‘iz o‘sgan emanni haybatli daraxt desa bo‘ladi. Bunday ulkan daraxtning tagida qor-yomg‘ir hamda quyosh nuridan bemalol saqlansa bo‘ladi. Eman daraxti boshqa daraxtlardan kechroq gullaydi.

Tanasi uch-to‘rt qulochli yolg‘iz o‘sgan emanni haybatli daraxt desa bo‘ladi. Bunday ulkan daraxtning tagida qor-yomg‘ir hamda quyosh nuridan bemalol saqlansa bo‘ladi. Eman daraxti boshqa daraxtlardan kechroq gullaydi.

Eman 1000 yilgacha yashaydi. Dastlabki 80 yil ichida u ko‘proq bo‘yiga, keyin esa eniga o‘sadi. Uning bo‘yi 50 metrgacha yetadi.

Eman daraxtining tanasi baquvvatlashib, shox-shabbalari keng yoyilganda ulkan bo‘lib ko‘rinadi. Yong‘og‘idan endigina ko‘karib chiqqan kichkina eman ko‘chati esa boshqa butalarning tayanchiga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘rmonchilarning «Eman parvarishtalab, yorug‘sevar daraxt» deyishlari bejiz emas. Haqiqatan ham eman yorug‘likni yaxshi ko‘radi, yuqori qismi soyani yoqtirmaydi. Uning atrofida yosh eman, qayin, archa daraxtchalari bo‘lsa, ayniqsa, yaxshi o‘sadi.

Eman ulkan bo‘lgani bilan qattiq sovuqqa chiday olmaydi. Kuchli issiqni ham xohlamaydi.

O‘zbekistonda eman manzarali o‘simlik sifatida o‘stiriladi.

Eman daraxti qadimdan xo‘jalikda qadrlanadi. Eman yog‘ochi juda qattiq bo‘ladi. U suvda chirimaydi, shuning uchun undan ko‘priklar uchun qoziqoyoqlar ishlanadi. Eman yog‘ochidan kemalar va vagonlar yasashda foydalaniladi, mustahkam uylar quriladi. Bochka taxtalari tayyorlanadi. Emandan ajoyib parket yog‘ochlari, chiroyli fanerlar ishlanadi.

Yosh eman daraxtining aprel oyida yig‘ib olin­gan po‘stlog‘idan ichish va og‘iz chayish uchun shifobaxsh qaynatma tayyorlanadi. Eman po‘stlog‘i oshlovchi modda sifatida ishlatiladi. Yong‘og‘idan kraxmal va spirt olinadi, qovurib maydalab, kofe o‘rnida foydalaniladi.

Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish