Mashxur shaxslar

5120 marta o'qildi
GAGARIN YURIY ALEKSEYEVICH

1961-yilning ajoyib bahor kunlaridan biri... 12-aprel. Shu kuni yer yuzi bo‘ylab hammani hayratga solgan xabar tarqaldi, «Inson kosmosda!»

GAGARIN YURIY ALEKSEYEVICH

(1934 — 1968)

1961-yilning ajoyib bahor kunlaridan biri... 12-aprel. Shu kuni yer yuzi bo‘ylab hammani hayratga solgan xabar tarqaldi, «Inson kosmosda!»

Odamlarning yulduzlar tomon uchishi haqidagi ko‘p asrlik orzulari ro‘yobga chiqdi. Rossiyaning Smolensk shahri yaqinida tug‘ilgan yigit Yuriy Gagarin afsonani haqiqatga aylantirdi. Butun insoniyat uning jasoratiga qoyil qoldi. Gagarinning nomi bir zumdayoq dunyoga tarqaldi. Lekin u qanday bo‘lsa, shundayligicha — o‘sha-o‘sha kamtarin va mehribon, lablaridan kulgu arimaydigan va yoqimli yigitligicha qoldi. Kuchli irodasi, qat’iyligi va orzusiga sodiqligi tufayli u kosmos qahramoniga aylandi. Bu xislatlar unda bolaligidayoq namoyon bo‘lgan edi.

Qorlar erib, bahor boshlangan kezlari bolalar varrak uchirishardi. Yura ham ularning­ ketidan yugurib yurib, osmonga tikilar va varraklarga havas bilan qarab: «Qaniydi, men ham ular bilan uchsam...» — deb orzu qilardi.

Ko‘p o‘tmay, beg‘ubor bolalikka urush raxna soldi. Urush dahshatlarini boshqa bolalar qatori Yura ham o‘z boshidan kechirdi. Urushdan keyin Moskva yaqinidagi hunar maktabida, Saratovdagi industrial texnikumda o‘qidi, aeroklubga qatnadi, parashutda sakradi. Orenburgdagi harbiy uchuvchilar bilim yurtini bitirgach, Shimolga yo‘llanma be­rishlarini iltimos qildi. Shimol­ning og‘ir sharoitida Gagarin ko‘p uchdi, o‘rgandi va deyarli butun bo‘sh vaqtida kitob o‘qidi.

Hayot qizg‘in davom etardi. Yerning dastlabki sun’iy yo‘ldoshlaridan keyin paydo bo‘lgan kosmik raketa Oyning ko‘rinmaydigan tomonini suratga tushirdi. Sirli olamga uchish kundan-kunga yaqinlashar edi.

Yuriy Gagarin kosmonavtlarning birinchi guruhida «kosmik» tayyorgarlikni boshladi. Surdokamera, shiddatli sentrifuga, vazns­iz­lik sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Kosmik parvozga u qunt bilan tayyorlandi. Buning uchun kuchini ham, vaqtini ham ayamadi. U o‘rtoqlariga, o‘rtoqlari esa unga ti­nimsiz yordam berishdi. Ularning har qaysisi kosmosga birinchi bo‘lib uchish ishtiyo­qi bilan yonardi. Lekin hamma Yuriy Gagarin bi­rinchi bo‘lib uchsa kerak, deb taxmin qilardi. Aslida ham shunday bo‘lib chiqdi: davlat komissiyasi uni tanladi.

Ilgari bo‘lmagan bunday reysda yolg‘iz qolar ekan, u kosmik trassalar kashfiyotchisi zimmasidagi ulkan mas’uliyatni his etdi.

Orbita bo‘ylab Yer atrofini 108 minutda bir marta to‘liq aylanib chiqib, Gagarin kosmik kemasi eson-omon yerga qo‘ndi. Kosmik parvozdan so‘ng Gagarin turli odamlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda u 300 kilometr yuksaklikdan Yer qanday ko‘rinishi, sayyoramiz qanchalik go‘zalligi, «Vostok» kemasining ishi to‘g‘risida hikoya qilib berdi.

Gagarindan keyin kosmosga birin-ketin boshqalar uchishdi. Birinchi kosmonavt har gal o‘z do‘stlarining muvaffaqiyatlariga quvondi, yangi parvozlar haqida orzu qildi, ular­ga tayyorlandi, samolyotlarda uchib yurdi. Biroq fojiali o‘lim uning qisqa, yorqin hayotini be­vaqt to‘xtatdi. Lekin uning izi Yerda ham, kosmosda ham abadiy qoldi.

Bolalar ensiklopediyasidan.

 


Orqaga qaytish