Mashxur shaxslar

4497 marta o'qildi
GALILEY GALILEO

Kattalashtiruvchi optik truba — teleskop orqali osmonni kuzatgan birinchi inson mashhur italyan olimi Galileo Galiley bo‘lgan.

GALILEY GALILEO

(1564 — 1642)

Kattalashtiruvchi optik truba — teleskop orqali osmonni kuzatgan birinchi inson mashhur italyan olimi Galileo Galiley bo‘lgan.

1608-yilda Galiley Gollandiyada ko‘rish trubasi kashf qilinganidan xabar topdi. Uning miyasiga o‘sha davr uchun nihoyatda dadil hisob­langan fikr, o‘sha ko‘rish trubasini tungi osmonga qaratish va osmon jismlarini kuzatish fikri kelib qoldi. Shundan so‘ng Galiley fan tari­xidagi dastlabki ikki teleskopni yasadi. Ular hali u qadar takomillashmagan edi: kichigi narsa­larni faqat uch marta, kattasi 32 marta kattalashtirib ko‘rsatardi. Lekin Galiley ana shu oddiy asboblar bilan ham buyuk kashfi­yotlar qildi.

1609-yil kuzida u birinchi marta teleskop bilan Oyni kuzatdi va uning sirtidagi notekisliklar — oy tog‘lari va vodiylari borligini aniqladi. Demak, o‘sha paytlarda ko‘pchilik o‘ylaganidek Oy silliq billur shar emas, balki xuddi yerga o‘xshagan sayyora ekan.

Teleskop orqali qaraganda Venera Oyga o‘xshab o‘z ko‘rinadigan shaklini yoki boshqacha aytganda, fazalarini o‘zgartirib turi­shi seziladi. Nikolay Kopernik ham ta’kidlaganidek, Venera Yer atrofida emas, balki Quyosh atrofida aylanishini ayni shu bilan izohlash mumkin edi.

Quyoshda esa Galiley xira dog‘larni ko‘rdi. Ularning siljishini kuzatib, Quyosh o‘z o‘qi atrofida aylanishini isbotladi. Galileyning bu ishlari «Yulduz xabarchi»si asarida bayon qi­lingan. Demak, qadimgi faylasuflar va Galileyga zamondosh bo‘lgan cherkov ruhoniylari uqtirganlaridek, Quyosh nihoyatda sof, «mukammal» jism emas ekan.

Lekin ulkan sayyora — Yupiter Galileyga eng g‘aroyib manzara bo‘lib ko‘rindi. Uning atrofida to‘rtta yo‘ldosh—oy aylanib turardi. Ularning bu aylanishi, xuddi Kopernik ta’limotida aytilganidek, Quyosh atrofida Yer va sayyoralar aylanishiga o‘xshardi.

Nihoyat, teleskop bilan qaralganda Somon yo‘li oddiy ko‘zga ko‘rinmaydigan son-sanoq­siz yulduzlarga bo‘linadi. Galiley oldida po­yonsiz yulduzlar olami namoyon bo‘ldi, ular­ning har biri xuddi bizning Quyoshimizga o‘xshagan olisdagi quyoshlar edi. Jordano Brunoning ana o‘sha olis yulduzlar atrofida aylanib turgan jonli mavjudot yashaydigan sayyoralarning ko‘pligi haqidagi ta’limoti ham haqiqatga yaqindek bo‘la bordi.

Galiley inersiya qonunini kashf etgan, kuchlarni qo‘shish qoidasini ifodalab bergan, ko‘chirma harakat tezligi doimiy bo‘lgan chog‘dagi nisbiylik prinsipini yaratgan, mexa­nik harakatning asosiy tavsiflarini miqdoriy jihatdan aniqlagan. Jismning og‘ma tekislikdagi harakati, ma’lum burchak ostida otilgan jismning harakati, erkin tushish haqidagi qonunlarni dastlab Galiley kashf etgan.

Galiley harakatning saqlanishi to‘g‘risidagi muhim fikrga tegishli tushunchalar kiritgan. Galiley – Nyuton mexanikasi ilmning muhim tarmog‘iga aylandi.

Galiley dunyoqarashi – mexanistik materializm. U olamdagi barcha hodisalar moddiy asosga ega bo‘lib, mexanika qonunlariga bo‘ysunadi, deb tushungan. Mexanistik materializmning barcha nuqsonlari Galiley dunyoqarashiga ham taalluqli. U o‘z zamonasining ilg‘or g‘oyali kishilaridan bo‘lgan, sxolastikaga qarshi chiqqan. Kopernikning geliotsentrizmini qat’iy yoqlagan, tabiiy hodisalarni tajriba va matematik fikrlash asosida tushuntirishga hara­kat qilgan.

Galiley kashfiyotlari Kopernik ta’limotining yaqqol amaliy isboti bo‘ldi. Ular Aristotel va Ptolemeyning Yer Olamning qo‘zg‘almasmarkazi ekanligi va qudratli xudolar istiqomat qiladigan «osmonlar» borligi haqidagi cher­kov qabul qilgan ta’limotlarini rad qildilar.

Cherkov ruhoniylari Kopernik ta’limotini bid’at, deb e’lon qildilar. Kimki uni tarqatsa va himoya qilsa, uni shafqatsiz jazo kutardi. Lekin Galiley cherkov jaholatiga qarshi dadil kurashdi va Kopernikning haqligini isbot qilish­dan tolmadi. Ana shundan keyin, 1633-yilda cherkov ruhoniylari keksa olim ustidan sud uyushtirdilar va qiynoq bilan qo‘rqitib, uni o‘z fikrlaridan qaytishga majbur etdilar. Galiley shunchaki o‘z fikridan qaytgan bo‘lsa ham, aslida u Kopernik ta’limotining e’tiqodli tarafdori bo‘lib qoldi. Garchi buyuk olimni umrining­ oxirigacha uy qamog‘ida saqlab, astronomiyaga doir har qanday kitob chiqarishni taqiqlab qo‘ygan bo‘lsalar ham, Galiley mexanika sohasidagi yangi kashfiyotlari bilan fan taraqqiyotiga hissa qo‘sha­verdi. Cherkov ruhoniylarining ta’qiblariga qaramay, Galiley o‘zini ilmiy dunyoqarash uchun eng tolmas kurashchilardan biri sifatida ko‘rsatdi. 

Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish