Ota-onalar uchun

4722 marta o'qildi
Men o`zim!

Mustaqillikka intilish - bu bola ruhiyatining eng bebaho xislatlaridan biri hisoblanadi - va u juda erta namoyon bo'lishni boshlaydi. Muhimi, ushbu intilishni e'tiborsiz qoldirmaslik, uni rivojlantirish, qo'llab-quvvatlash va u yoki bu ishni mustaqil bajarishi uchun imkon va sharoit yaratib berishga harakat qilish lozim.

Men o`zim!

Mustaqillikka intilish - bu bola ruhiyatining eng bebaho xislatlaridan biri hisoblanadi - va u juda erta namoyon bo'lishni boshlaydi. Muhimi, ushbu intilishni e'tiborsiz qoldirmaslik, uni rivojlantirish, qo'llab-quvvatlash va u yoki bu ishni mustaqil bajarishi uchun imkon va sharoit yaratib berishga harakat qilish lozim. "Men o'zim!" istagida dunyoni faol o'rganishga intilish ifodalanadi, o'zining shaxsiyatini topish yaqqol ko'rinishni egallay boshlaydi. Agar siz farzandingizda ana shunday xislatni kuzatsangiz va uni bee'tibor qoldirib, ushbu istakni so'ndirsangiz, u holda farzandingiz passiv, qiyinchiliklarni yengib o'ta olmaydigan shaxs bo'lib ulg'ayadi. Ular u yoki bu harakatni mustaqil bajarish o'rniga kattalarni ularning o'rniga bajarib qo'yishlarini kutib turadilar. Avvaliga bu kichik vazifalar bo'lsa, bola o'sgan sari ushbu talab va vazifalarning ko'lami ortib, kattayib boradi. Shu sababli bir qoidani unutmang, bola o'zi bajara oladigan ishni uning o'zi bajarishiga qo'yib bering, har qanday ishni mustaqil bajarganidan keyin esa qo'llab-quvvatlab qo'ying. Bola hamisha sizning maslahatingiz va roziligingizga muhtojdir. Bu bolada o'ziga bo'lgan ishonchni shakllanishida ko'mak beradi. Bola u yoki bu ishni bajarganda yoki bajarishga harakat qilayotganida uning ustidan zinhor kulmang va ayniqsa kinoya qilmang. Biz kattalar uchun oson va yengildek ko'ringan harakatlar, bolalardan katta kuch va harakatni talab etishini unutmaslik darkor. Botinkaning ipini bog'lash yoki "quloqsiz" tugmachani teshikka kirgizish - bu bola uchun katta mehnatni talab qiladigan harakatlardan hisoblanadi, undan katta mahorat va intilishni talab qilinadigan ishlarda bolalarga ma'naviy yordam zarur bo'ladi. Oddiy bo'lgan ushbu vazifa ham bolada mustaqillikni va qo'yilgan maqsadga erishish kabi ijobiy xislatlarni shakllantiradi.

 

Bola tarbiyasida mustaqillik oddiy harakatlarda ham namoyon bo'laveradi, masalan bu sizning yordamingizsiz, to'kib-sochib esada, lekin bolaning o'zining ovqatlanishi, qo'l-yuzini yuvishi, kiyinishida namoyon bo'la boshlaydi. Bolaning ana shunday jarayonda ishtirok etishi uning o'sib kelayotgan o'zining shaxsiyatining shakllanishidagi talablarini qondiradi. Bolada bunday intilishlarni hayotining ikkinchi yili boshlanganida kuzatish mumkin. Endi u passiv ko'rinishda, stol atrofida o'tirishni istamaydi, u mustaqil qoshiqchasini ushlab o'zini o'zi eplashga, qornini to'yg'izishga harakat qiladi. Bolaning ilk harakatlari juda beso'naqay bo'lib, ilk qoshiqcha ham bo'tqasiz og'izga etib borishi mumkin. Lekin e'tibor bering, bu katta yutuq, bola qoshiqchaga intildi, uni bir amallab oladi, so'ng adashmasdan, o'zinning mitti og'izchasigacha yetkazib berdi. Hech ham qayg'urmang, bola och qolmaydi, siz yana bir qoshiqchani olib bolaning harakatlarini so'ndirmasdan, ikkinchi qoshiqchada uning qornini to'yg'izavering. Muhimi, boladagi buyuk intilishni qo'llab-quvvatlash, uni rag'batlantirishdir. Hamma yerni iflos qilayapsan, deb koyimang, axir u bola, u ham o'rganishi kerakku! Avvaliga bola quyuq bo'tqalarni yaxshi yeydi, qoshiq yordamida, keyinchalik suyuq ovqatlarni ham qoshiqchasida olishni o'rganadi. Eng muhimi, kuzating, bola ilk qoshiq ushlagan kunlaridan boshlab, uni o'ng qo'lida ushlashi kerakligini tushuntiring va uni to'g'ri qo'liga o'zingiz tutqazing. Avvaliga bola qo'llarini qoshiq ustidan barcha barmoqlari bilan qisib ushlaydi. Ana endi bola mustaqil ovqat yeyishni boshlagandan so'ng, unga taomlanish yangi zavqni olib keladi va u bilan birga uning ishtahasi ham ochilishni boshlaydi. Bir yarim yoshlik bolajonlar ushbu ko'nikmani o'zlashtirib olganlaridan so'ng, mustaqil tushlikni ham tushirishni boshlaydilar. Eng muhimi, ana shu bolada bo'lgan qiziqishni to'g'ri topish, intilishni vaqtida uning o'ziga ijobiy xislat shakllanishi uchun yo'naltirish zarur. Va ushbu onni o'tkazib yubormaslik muhimdir. Agarda ushbu onni o'tkazib yuborsangiz, hamma yoqni, ust-boshini kir qiladi deb o'zingiz ovqatlantiraversangiz, u holda qimmali bo'lgan onni o'tkazib yuborasiz. Keyinchalik esa bolani o'zi mustaqil ovqatlanishga o'rgatishingiz ham qiyinroq kechadi. Shuni ham aytib o'tish kerakki, o'sha paytlarda ham bola baribir to'kib-sochib yeydi. Xullas, bu bosqichni baribir bosib o'tishingizga to'g'ri keladi. Endi qay birini tanlash o'zingizga havola.

 

Bola katta bo'lgani sari uning qiziqishlari ortib boradi. Va mustaqil qoshiqda yeyishni o'rgatish ham bola katta bo'lgani sari murakkab kechadi, qoshiq uning nazarida oddiy bo'lib qolib, ovqat yeyish o'rniga u qimillayotgan qushcha, mashina, ashula aytayotgan qo'g'irchoq uni ko'proq qiziqtirishni boshlaydi. Ular yugurib oldingizga keladi, og'izlarini ochib, kerakli luqmani olib, o'sha ertak olamga, o'yinchoqlarning dunyosiga sho'ng'ib ketadilar.

 

Bir yarim yoshdan boshlab bolani qo'l yuvishga o'rgatiladi: avvaliga u faqat qo'llarini suv ostiga olib keladi, undan keyin esa ularni bir biriga ishqalashni o'rganadi, 2 yoshdan keyin esa bola qo'llarini sovun bilan yuvishni va sochiqda artishni bilishi kerak. Bolajon qo'l va yuzlarini yuvishi uchun umival'nikka stulchada tursa yengilroq bo'ladi. Agarda uni qo'llaringizda ko'tarib turib, yuvinishni o'rgatsangiz, bu kerakli natijani bermaydi, bunday holatda yuvinish va shu harakatni o'rganish nisbatan qiyin kechadi. Bola uchun har bir yangi narsa bu murakkabdir. Kattalarning vazifasi esa - bolaning yangi ko'nikmalarini o'zlashtirishi uchun imkoniyatlarni yaratib berishdir.

 

Aynan mana shu yoshdan boshlab bolani kiyinib va yechinishida ishtirok etishini kiritishingiz mumkin: avvaliga bu kattalar yordamida yechib olingan oyoq kiyimini yechish, murakkab joylari tushurib berilgan holda noski, kolgotkilarni yechish bo'lishi mumkin. Avvaliga albatta barcha narsa ko'ngildagidek bo'lmaydi, boshida sekin, o'rnida bajarilmaydi. Ko'ylaklar teskari, oyoq kiyimlar teskari kiyiladi. Yordam berish bilan shoshilmang! O'z xatosini o'zi to'g'irlashiga imkon bering. Bolaning o'zi tushunib, ana shu xatoni to'g'irlashi, mustaqil to'g'irlashi - bu bebaho topilmadir. Bu uning keyingi katta hayotida ham as qotadi. Bolani keyinroq kiyimlarini yechgandan so'ng ag'darib, kolgotki va ko'ylaklarni o'ngiga o'girib qo'yishni, tugmalarni, oyoq kiyim iplarini to'g'ri qilib qo'yishni o'rgating. Bu uning keyingi kiyinishini yengillashtiradi. Bunday ko'nikmalarni eslab qolish va puxta bajarishni o'rganish uchun, o'yindan ham foydalanishingiz mumkin. Bunda siz bolaga qo'g'irchoq yoki ayiqchani kiyintirishni taklif etasiz. O'yin jarayonida bola o'yinchoqni kiyintiradi, bola to'g'ri kiyintirayotganini, nimadan keyin nima kiyilishini o'rgatasiz, oyoq kiyimlar ham to'g'ri kiyilishini o'rgatasiz. Bolada o'z o'yinchog'i oldida mas'uliyat uyg'onadi. Bola kiyintirib bo'lganidan so'ng esa, kiyimlarni yechib, o'ngini o'girishni va to'g'irlab tayyorlab qo'yish kerakligini ayting. Bola kiyinishni istamasa, qo'g'irchoq unga aytib turishini va qo'g'irchoq kiyinishni bilmayotganligini va bolada yordam so'rayotganligini, nimadan keyin nimani kiyishni bilmayotganini ko'mak sifatida so'raydi. Bahonada o'zi qanday kiyinib qolganini ham bilmay qoladi.

 

Ikki yoshlik bolakay o'z o'yinchoqlarini yig'ishtirishi va katta odam ko'rsatgan joyga joylashtirishi mumkin. Bolani turli o'yinlardan so'ng yig'ishtirib qo'yishni o'rgatish kerak va faqat bugina emas, turli topshiriqlarni yoki vazifalarni bajarganda ham tozalikni kichkinaligidan singdirib borish kerak. Bir yarim yoshlik qizaloq, tushib ketgan qo'g'irchoqni ko'rib, uni shu zahoti ko'tarib oladi, ust boshini qoqib o'z bolachasini krovatkasiga joylashtirishga qodir. Buning sababi esa nimada, bolani kichkinaligidan ana shunday qilishga tartibli bo'lishga o'rgatilgan. Odatda aqlli ota-onalar farzandlari uchun veshalkalarni past qilib joylashtirishadi, unga ko'ra bola qulay veshalkadan unumli foydalanadi va o'z navbatida barcha narsalar o'z yerida turishi kerakligiga ko'nikadi.

Uch yoshdan boshlab "men o'zim" iborasi va uning mohiyati yaqqol namoyon etishni boshlaydi. U barchangizga mustaqil tarzda "Men o'zim qilaman" deb e'lon qilgandek gapiradi. Lekin bola qaychiga intilsachi, katta odam ishlatmoqchi bo'lib turganida, bolangiz "Men o'zim" deb baqirib tursa nima qilish kerak? Bunday holatda albatta tushuntirish kerak, lekin bola sizning gapingizga ko'nikib oddiygina "xo'p" bilan chegaralanmaydi. Bunday holatda farzandingizga: "Kel, sen men qirqqanlarimni taxlaysan va falon joyga olib borib qo'yasan",-deya ishga mashg'ul qilishingiz mumkin. Bola bir tarafdan o'zini mashg'ulligi bilan "kerak ekanman" degan fikrda katta odam singari qarashadi, siz ham o'z maqsadingizga bexavotir erishasiz. Lekin kattalar juda ehtiyotkor bo'lmog'i lozim. Chunki bir safar bolani chalg'itishingiz mumkin, lekin keyingi safar baribir u o'sha qaychini ushlab ko'rgisi, biron buyumni qirqib ko'rgisi keladi. Buni albatta butkul man eta olmaysiz, undan ko'ra ruxsat berib, o'zingiz sekin kuzatib turganingiz ma'quldir.

 

Bola uch yoshidan boshlab harakatlarining mukammallashishi bilan birga yanada murakkabroq ko'nikmalarni o'zlashtirishni boshlaydi. U kattalar singari qoshiqni to'g'ri ushlashni o'rganadi. Ya'ni uch barmog'i bilan qoshiqning yakunini ushlaydi, ilgaridek qoshiqning o'rtasidan ushlamaydi va ovqatni ozodalik bilan, to'kmasdan yeyishni biladi.

Uch yoshlik bolakay kattalarga qisman bo'lsada yordam bera oladi. Dasturxonga non olib borishi, idishlarni ham olib borib qo'yishi mumkin. Bolaga sinmaydigan idishlarni berganingiz ma'quldir. U ancha uddaburon bo'lib qolgani bilan, baribir unga sinadigan buyumlarni ishonish mumkin emas. Idishni sindirishi bu bir yomon ish albatta, lekin bola o'ziga jarohat yetkazib qo'yishi undan ham yomonroqdir. Katta odamning nazorati ostida bolajon uch yoshligida o'z burchagini, kiyimlarini tartibda saqlashga o'rgatish mumkin, o'yinchoqlarini ham alohida joyda tartibli saqlashi mumkin. Sekin-asta bolaga qaysi payt o'yinlar o'ynaladi va qaysi payt mehnat vaqti ekanligini tushuntirishni boshlash mumkin. O'yin tariqasida emas, chindan ham mehnat qilayapman degan hissiyot bo'lishi kerak.

 

Bolaning mustaqilligi u yoki bu ishni nafaqat mustaqil bajarishi bilan, balki o'sha ishni o'zi bilan namoyon bo'ladi, anglagan holda bajarishda ham ifodalanadi. Bunday samarali natijaga erishish uchun bolaga doimiy buyruq berish bilan mustahkamlanadi. Bolaning albatta bu yoshda imkoniyatlari katta emas, lekin umuman yo'q deb aytish ham mumkin emas. Bolada bunday mas'uliyatni tarbiyalash uchun u yoki bu ishga mas'ul qilib tayinlash orqali shakllantirish mumkin. Bu stolga joy tayyorlash, o'z o'yinchoqlarini joy-joyiga qo'yish, o'ynab bo'lgandan keyin yig'ishtirib, joyiga olib qo'yish, baliqlari bo'lsa ularni taomlantirish, gullari bo'lsa ularga suv quyish va hokazo. Bunday mas'uliyatli ishlarni o'z uy sharoitingizdan kelib chiqqan holda o'ylab topishingiz mumkin. Bularning barchasi bolada g'amxo'rlik, kattalarni ishonchini oqlash kabi xislatlarni rivojlantiradi. Bunda ma'naviy jihat ham mavjuddir. Bola kimdir haqida g'amxo'rlik qilishni o'rganadi, nima istagan bo'lsa o'sha narsani qilishni emas, mas'uliyatli ishni, kerakli ishni bajarishga o'rganadi. Bolaning barcha istaklariga to'sqinlik qilish, u yoki bu ishga mas'ul qilmaslik, u yoki bu ishga harakatni sarflashdan ozod etish bolada dangasalik, egoizm, apatiya kabi illatlarni shakllanishiga sabab bo'lishi mumkin.

 

Katta odam bolani u yoki bu ishga jalb qilar ekan, u xursandchilik va shodon o'tishi haqida oldindan o'ylab qo'yishi kerak. Masalan, bolani majburlamang, bajargisi kelmasa qo'yavering, unga mehnat jarayoniga qiziqtiring yoki natijasi ijobiy bo'lsa maqtov so'zlarini qizg'anmang, u bilan birga muvaffaqiyatiga birga xursand bo'ling. Bolada bunday jarayonda katta odamdek g'ururlanish hissiyoti paydo bo'ladi, boshqalarga foydasi tegadigan bir inson ekanman degan tuyg'u uni faxrlantiradi.

Odatda bola o'z hissasini qo'shgan mehnati qadrli bo'ladi. Juda yengil va harakat talab qilmaydigan ish uni jalb qilmaydi va bola bunday ishdan qoniqmaydi.1,5 - 2 yoshlik bolakay uchun mustaqil kiyinish mushkul. Lekin bolakay botinkasining ipini tortganda va biroz harakatlanib uni mustaqil kiya olganidagi quvonchni ta'riflab bo'lmaydi. Natijaning ijobiyligini uning shodon va qoniqqan kayfiyatidan bilib olishingiz mumkin. Biz uchun ana shu onlar muhimdir. Shu bilan birga bola istamayotgan paytdan undan kuchni talab etuvchi harakatni talab qilmang, u aksincha bolada salbiy holatlarning paydo bo'lishiga olib keladi, bular: yurak urishining va nafas olishning tezlashishi, yuzning qizarishi, terlash. Bunday holatlar nafaqat organizm uchun, balki bolada mehnat va harakat qilish istagini so'ndiradi. O'ziga bo'lgan ishonch ham pasayadi.

 

Bolani mehnat bilan jazolaydigan ota-onalar katta xatoga yo'l qo'yadilar. "Bugun menga quloq solmading",-onasi bolasiga dedi, - endi menga idish-tovoq yuvishda yordamlashasan". Unutmang, keyingi safar siz bolaga idishlarni yuvishda ko'maklashib yuborishni aytganingizda unda negativ munosabat saqlanib qoladi va u "hech yomon narsa qilmaganini" aytadi. Bolada bunday yo'lda mehnatni jazo sifatida ko'rish shakllana boshlaydi.

 

Bolada mustaqil bo'lish hissini tarbiyalash orqali siz shu bilan birga o'ziga kerakli mashg'ulotni topishda ham ko'mak bergan bo'lasiz. Hali bir yoshdagi bolakaylar o'zlari uchun, ularga taklif etilgan o'yinchoqlar bilan mustaqil o'ynashlari mumkin. O'n oylik qizaloq turli aylanalarni, rangli shariklarni chelakchaga soladi, so'ng ag'darib yana qayta solishga tushadi. Uning tengdoshi bo'lgan boshqa bolakay esa kattalar ishtirokida o'ynashga ko'nikkan va o'ziga doim e'tiborni talab qiladi. Hali hammasi esa oldinda. Bolalar vaqt o'tgan sari ulg'ayadilar. Kimning qanday fe'l-atvor bilan katta bo'lishi kundek ravshan.

 

"Oyiii".... deydi bolakay, onasining etagidan ushlab turgan holda. U faqat o'z onasi bilan o'ynashni biladi. "Men ot bo'laman",-deydi, anjomlarni taqib. Lekin shu zumda onasi bilan rollar bilan almashgisi keladi va ona indamasdan "ot" bo'ladi. Va doim ana shunday. Shu sababdanmikan bolakay o'z tengdoshlari bilan o'ynay olmaydi, ular bilan til topishishni bilmaydi. Bolakay ular bilan o'ynashni juda istaydi, lekin boshqa bolalargi qo'shilish odatda janjal va araz bilan tugaydi. Buning sababi esa bola uni doim quloq solishlariga o'rgangan, boshqa bolalar bilan mustaqil aloqa o'rnatishga ko'nikmagan, buyruq berishga o'rgangan va unga bo'ysunishlarini xohlaydi, natijada esa unga yod bo'lgan, o'ziga o'xshash qarshilikka duch kelgandan so'ng va u hal etilmayotganligidan, barcha narsa u aytayotgandek bo'lmaganligidan yig'laydi, norozilik bildiradi, baqiradi.

 

Boshqa qizaloq esa yuqoridagi bolakayda farqli o'laroq, doim mashg'ul. U turli o'yinlardan zavqlanadi, to'yib o'ynab olishga ham vaqti etmaydi. Uning ishlari juda ham ko'p! Qo'g'irchoqning kiyimchalarini almashtirish kerak, dazmollash kerak, yangi kitobchani varaqlash kerak, rasm chizish kerak. Xullas zerikishga aslo vaqt yo'q! Bolaga mustaqil bo'lishni o'rgatar ekansiz, albatta bu uni qarovsiz va e'tiborsiz qoldirish kerak degan gap emas, buning uchun katta odam u haqda g'amxo'rlik qilishi, uning kun tartibi va turli mashg'ulotlarga band qilishni rejalashtirishi lozim. Bolakayni aql va idrok bilan boshqarish kerak (lekin daqiqabay kuzatuv emas!), uni faol hayotini ta'minlab turish kerak. Bolajon hali o'zini o'zi boshqarish va u yoki bu ishga mashg'ul qilishni bilmaydi. Bolaga yangi mashg'ulot o'ylab topish, yangi o'yinchoq bilan qanday o'ynash, bolani qiziqtirgan holda u yoki bu faoliyat turiga band etish katta odamning vazifasidir.

 

Kundalik hayot bolani tarbiyalashda uni band etishda va mustaqil bo'lishi uchun turli imkoniyatlarni taqdim etadi. Sayr davomida mustaqil o'ynayotgan bolakaylarga farzandingizning e'tiborini jalb etish, kitob o'qiyotganda esa undagi qahramonlarning o'zlari mustaqil u yoki bu ishni bajarayotganliklarini ko'rsatib berish ham bolada ana shu xislatni eslab qolishiga sabab bo'ladi. Agarda bolakayga kubiklarga yoki kartochkalarga bo'lingan yagona manzaraning yig'ish kabi boshqotirmani olib bersangiz va bola uni qila olmasa, unga ko'rsatib berishga shoshilmang, bolaga vaqt bering, o'zi mustaqil biroz o'ylab ko'rishi kerakligini taklif eting.

 

Bolani tarbiya qilishda uyning muhiti ham juda katta rolni bajaradi. Kattalarning bir biriga bo'lgan o'zaro munosabati, shirinso'zlik, bir biriga ko'maklashish, umumiy mehnat qiziqishlaridagi harakat bolaning shaxsiyatini ijobiy shakllanishida katta ahamiyatni kasb etadi.

 

Xullas, farzand bir beozor ko'rinishda dunyoga keladi. Boshlang'ich uch yil davomida u juda katta yo'lni bosib o'tadi. U ana shu uch yil davomida qolgan yillar bilan solishtirganda juda ahamiyatli va boy ko'nikmalarni, tafakkurni qo'lga kiritadi. Bolaning ana shu dastlabki yillar davomida qo'lga kiritgan tanani, nutqni boshqarishni, fikr yuritishni, xursand bo'lishni, yaxshi ko'rishni, qayg'uli bo'lishni, yaxshi va go'zal narsalarni tushunishni hech narsa bilan tenglashtirib bo'lmaydi.

 

Bularning barchasini albatta bolakay nafaqat uch yoshligida keyinroq ham, maktabgacha bo'lgan davrda ham, maktab davrida ham va hatto katta bo'lganida ham rivojlantiradi. Xullas butun hayoti davomida o'qiydi, rivojlanadi. O'z vaqtida bolaga kerakli tarbiyani, kerakli o'quvni singdirib borish butun hayoti davomida qiyinchiliklarni bosh ko'targan holda yengib o'tishida ko'mak bo'ladi, o'tkazib yuborgan vaqtni esa ortga qaytarib bo'lmaydi. Shu sababli bola tarbiyasini bola dunyoga kelishi bilan boshlash lozim. To'g'ri tarbiya esa bolaning yoshiga muvofiq o'ziga xos taraflarni hisobga oladi. Lekin bu albatta yetarli emas. Chunki har bir bolakay hatto chaqaloq bo'lsa ham u alohida bir shaxsdir! Bu esa alohida bir mavzudir.


Orqaga qaytish