Mashxur shaxslar

5041 marta o'qildi
GERODOT

 Gerodot Kichik Osiyoning janubi-g‘arbi (hozirgi Turkiya)dagi qadimgi Kariya viloyati­ning Galikarnas shahrida tug‘ilgan. Yoshligidan siyosiy hayotga aralashib, istibdodga qarshi kurashgan.

GERODOT

(Miloddan avvalgi taxminan 484 — 425-yillar)

Miloddan avvalgi 530-yil. Jang maydoni. Bir tomonda g‘olib lashkar. Ikkinchi tomonda — asirlar. O‘rtada jangovar kiyimdagi ayol — To‘maris. Uning oldida qon to‘la mesh, qo‘lida esa massagetlar yurtiga bostirib kirgan Eronning mag‘lub podshohi Kirning kallasi ... To‘maris kallani qon to‘la meshga solar ekan, xitob qiladi: «Sen umring bo‘yi qonga to‘ymading. Men o‘z ontimga amal qilib, seni qon bilan sug‘ordim. Birovning yurtiga zo‘ravonlik bilan bostirib kirganlarning jazosi shu!»

Bu — qadimgi massaget qabilasining jang­ovar hayoti haqidagi rivoyatdan bir lavha... Bu rivoyat bizning davrimizgacha qanday yetib kelgan? Umuman, o‘tmish voqea-hodi­salari haqida biz qay tarzda xabardor bo‘lamiz? Tarix fani orqali!

Aziz bolajonlar! Maktabda sizlar tarix fanini o‘rganasizlar. Ana shu fanning asoschilaridan biri — yunonistonlik Gerodotdir.

 Gerodot Kichik Osiyoning janubi-g‘arbi (hozirgi Turkiya)dagi qadimgi Kariya viloyati­ning Galikarnas shahrida tug‘ilgan. Yoshligidan siyosiy hayotga aralashib, istibdodga qarshi kurashgan. Mamlakatda mustabid hokimiyat qaror topib, zulm kuchaygach, tug‘ilib-o‘sgan yurtini tark etishga majbur bo‘lgan (455). Ma’lum vaqtSamosorolida yashagan. So‘ng Gerodot hayotining sayohatlarga to‘la davri boshlangan. U Kichik Osiyodagi mamlakatlarga, Bobil, Finikiya, Frakiya, Makedoniya, Misr, Kirenaga, Qora dengiz atrofidagi mamlakatlarga borgan. So‘ng milod­dan avvalgi 443-yilda Janubiy Italiyaning Furiya shahriga borib, umrining so‘nggi yillarini shu shaharda o‘tkazgan. Markaz — Afinada ham bo‘lgan.

 Hayotining ko‘p qismi turli mamlakatlarda o‘tgan Gerodot sayohatdan olgan taassurotlarini yozib, to‘qqiz kitobga jamlagan. Keyinchalik bu kitobga «Tarix» deb shartli nom beril­gan. To‘maris to‘g‘risidagi afsona ana shu kitob orqali bizgacha yetib kelgan.

 Gerodot o‘z kitobida ahomaniy forslar davlatining gullab-yashnashi, Bobil, Ossuriya, Misr, Midiya, Lidiya, Skifiya kabi mamlakatlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy hayot tasviriga, o‘ziga xos davlat tuzilishiga maxsus to‘xtalgan. Ushbu mamlakatlarning geografik-iqtisodiy ahvoli, u yerlarda istiqomat qiluvchi xalqlarning urf-odatlari, din-u diyonatlari, madaniyati, osori atiqalari, og‘zaki ijodi haqida qiziqarli hikoya qilgan.

 Kitobda, shuningdek, forslarning yunonlar ustiga qilgan harbiy yurishlari ham bayon etilgan.

 Buncha ma’lumotni muallif o‘z kuzatuvlari natijasida, ko‘rgan-bilganlarning hikoyalaridan, ilgari yozilgan kitoblardan, xalq afsona va rivoyatlaridan, kohinlarning hikoyalaridan, rasmiy bitiklardan olgan. Uning hikoyalarini o‘qigan kitobxon muallif g‘oyat bilimdon, qiziquvchan, tug‘ma iste’dod egasi, ko‘p o‘qigan, ko‘p ko‘rgan va eshitgan kishi bo‘lganligini darhol fahmlab oladi.

 «Tarix» kitobida Gerodot uch asrdan ziyod­roq davrni qamrab oluvchi turli-tuman materiallarni umumiy diniy-axloqiy qarash nuq­tayi nazaridan birlashtirishga intilgan. Natijada o‘z davri uchun g‘oyat xolislik bilan yozilgan qimmatli asar yuzaga kelgan. Shu bois qadimgi Rim notig‘i Sitseron Gerodotga «Tarix otasi» degan faxriy nom bergan.

 Gerodotning qayerda vafot etgani va qa­yerga dafn qilingani to‘g‘risida ma’lumot saqlanib qolmagan.

 

Bolalar ensiklopediyasidan. 


Orqaga qaytish