Jahon adabiyoti

362 marta o'qildi
JYUL VERN

Jyul Vern mashhur geograf-olim ham, buyuk sayohatchi ham bo‘lgan emas. U shunchaki xayol surishni, orzu qilishni sevar, fanga sidqidildan berilgan edi. Jyul Vern romanlari ajoyib-g‘aroyib va mo‘jizali voqealarga boy. U fantast yozuvchi bo‘lib yetishdi.


JYUL VERN

(1828 – 1905)

O‘tgan asrning 70-yillarida har yoz, ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Fransiyaning shimoliy sohillarida uncha katta bo‘lmagan yelkanli kema paydo bo‘lar edi. Unga ro‘para bo‘lgan katta kemalar ham bi­rinchi bo‘lib bu kemaga salyut berishar va ula­rning kapitanlari kema palubasida turgan matroscha kiyimli odamga birinchi bo‘lib salom berar edilar. Bu odam butun dunyoga ma’lum bo‘lgan 65 ajoyib kitobning muallifi, mashhur yozuvchi, afsonaviy «kapitan Vern» edi.

 Jyul Vernning mard va olijanob qahramonlari qayerlarda bo‘lishmaydi deysiz! Ular­ning g‘aroyib sarguzashtlari haqida Jyul Vern kitoblarining nomlaridanoq yaxshi bilib olsa bo‘ladi: «Havo sharida besh hafta», «Yer atrofi bo‘ylab 80 kun», «Sirli orol», «Suv ostida 20000 lyo» (lyo fransuz o‘lchov birligi bo‘lib, 1 lyo 5555,55 metrga teng), «Yerdan oygacha», «Yer markaziga sayo­hat».

 Bu romanlarning muallifi haqida juda qiziq va ba’zan bir-biriga zid afsonalar to‘qilganligi ham ajablanarli emas.

– Jyul Vern – tolmas sayohatchi, – deydi bir xil odamlar. – Romanlarida u o‘z boshidan kechirgan sarguzashtlarni tasvirlagan.

 – Bo‘lmagan gap, – deydi boshqalari. – Hech qanaqa Jyul Vern bo‘lgan emas, bu shunchaki bir taxallus, buning ostida butun bir geografik jamiyat yashirinib yotibdi.

 Aslida Jyul Vern mashhur geograf-olim ham, buyuk sayohatchi ham bo‘lgan emas. U shunchaki xayol surishni, orzu qilishni sevar, fanga sidqidildan berilgan edi.

 U tug‘ilib o‘sgan port shahri Nantga turli mamlakatlardan kemalar kelib turardi. Bu kemalarga qarab bola sirli orollar va g‘aroyib sarguzashtlar haqida xayol surardi. Biroq xayol boshqa, hayot boshqa. Jyulning otasi uni yurist qilishga qat’iy ahd etdi va shu maqsadda universitetda o‘qish uchun Parijga yubordi. Lekin o‘sib, ulg‘aygach, Jyul baribir o‘zining bolalik orzulariga sodiq qoldi. U fantast yozuvchi bo‘lib yetishdi.

 Jyul Vern romanlari ajoyib-g‘aroyib va mo‘jizali voqealarga boy. Axir qadimgi ertaklarning qahramonlari samolyotlar va hatto, havo sharlari ixtiro qilingunga qadar ham uchi­sh­ni bilganlar-ku! Biroq Jyul Vernning fantastik syujetlari juda muhim bir xususiyati bilan ertak syujetlaridan ajralib turadi. Barcha ertaklarda, odatda, qahramonlar mo‘jizalarga ma’lum darajada osonlik bilan, ya’ni sehrgarlar, jin va hokazolarning mavjudligiga astoydil ishongan holda, ularning yordamida erishishgan. Jyul Vern qahramonlari esa o‘z aql-idroki, o‘z qo‘li bilan mo‘jiza yarata­dilar.

 O‘z fantastik romanlarida Jyul Vern ko‘plab buyuk kashfiyot va ixtirolarni ular­ning o‘zi hayotda paydo bo‘lishidan ancha avval bashorat qilgan. Uning kitoblarida suvosti kemasi, samolyot, vertolyot, boshqari­la­digan aerostat, radio, televideniye, kino, elektrodvigatel va hokazolar tasvirlangan. Yozuvchi kosmik uchi­shlarni ham, okean sirlarini ochishni ham, odam organizmi­dagi a’zolarni almashtirishni ham oldindan aytib berdi.

 20-asrdagi fan-texnikaning shiddatli rivoji Jyul Vernning eng dadil fantaziyalarini orqada qoldirib ketdi. Bugungi kunda «Nautilus»ga o‘rnatilgan dvigatelga nisbatan necha marta qudratliroq dvigatellar mavjud, kemasozlikka oid va dengiz qa’rini tadqiq etadigan asboblar ham ancha nafis va nozik. Bizga – atom suvosti kemalari zamondoshlariga kapitan Nemoning ajoyib kemasi texnikadagi katta mo‘jiza bo‘lib tuyulmaydi. Kosmik uchishlar haqida ham biz bugun Jyul Vernning «Yerdan oygacha» romani qahramonlaridan ko‘ra ko‘proq narsa bilamiz. Biroq shunday bo‘lsa-da, Jyul Vern kitoblari bugun ham bizning eng sevimli kitoblarimiz qato­rida turadi.

 Shu yerda yana beixtiyor ertakka murojaat etishga to‘g‘ri keladi. Sehrli ertaklarni hozirgacha sevib o‘qiymiz. O‘qish bilan birga, ularga ishonamiz ham. O‘z badiiy olamini – realmi yoki fantastik tarzdami yaratgan chinakam yozuvchiga ishongandek aniq ishonamiz.

 Albatta, Jyul Vern o‘zining fan qudratiga bo‘lgan ishonchi hamda fantaziyasi o‘z davrida aksariyat ilmiy tadqiqotlardan ancha ilgarilab ketganligi va hatto, unga ma’lum yo‘nalish berganligi bilan ham qimmatlidir. (K. E. Siolkovskiy­ning e’tirof etishicha, kosmik uchishlar haqidagi fikrlar unda Jyul Vern kitoblarini o‘qigach tug‘ilgan). Biroq Jyul Vern kitoblarining asosiy jozibasi, baribir, eng avvalo, ularda jasur, ziyrak, aql-idrokli, olijanob qalb egalari bo‘lgan qahramonlar mavjudligidadir. Ular yaxshilikning g‘alabasiga astoydil ishonadilar, yovuzlikni butun vujudlari bilan yomon ko‘radilar. Shuning uchun ham bugungi kitobxonlar, xuddi o‘z ota va bobolari singari, Jyul Vern qahramonlari – qo‘rqmas Gatteras, xushchaqchaq Mishel Ardan, parishonxotir Paganel, olijanob kapitan Nemolar bilan birga har qanday uzoq sayohatga jo‘nashga doim tayyor turadilar.

 Jyul Vern o‘zining «Suzib yuruvchi orol», «Barsak ekspeditsiyasining ajoyib sarguzasht­lari» asarlarida esa fan yutuqlarini shaxsiy manfaatga bo‘ysundirishni, xudbinlik va jaholatni qoralaydi.

 Jyul Vernning «O‘n besh yoshlik kapitan», «Kapitan Grant bolalari», «Ostin-ustun» romanlari va boshqalar o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

 

 Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish