Hikoyalar

4706 marta o'qildi
Uzumzorda (hikoya) Abulqosim Mamarasulov

Armiya xizmatidan yangi qaytgan Lapasga soldat formasi juda yarashar, ko’chada ko’krak kerib yurganda qizlarning o’zga havas bilan ko’z qirini tashlayotganini sezib qolsa, ko’ngli bir dunyo ko’tarilardi.

Uzumzorda (hikoya) 

Armiya xizmatidan yangi qaytgan Lapasga soldat formasi juda yarashar, ko’chada ko’krak kerib yurganda qizlarning o’zga havas bilan ko’z qirini tashlayotganini sezib qolsa, ko’ngli bir dunyo ko’tarilardi.

Lapas qishloqqa uzum pishig’ida qaytgandi. Shuning uchun uyda yotgisi kelmay, brigadaga yashiklarga solingan uzumni mashinaga ortuvchi ishchi bo’lib o’tdi Birinchi ish kuni edi. Bir joyda uzumlar to’ldirilgan yashiklar hammanikidan ko’p edi.

- O’h-ho’, kim bo’lsa ham zo’r terarkan, - deb Lapas yashiklarni sanayotgandi, qator oralig’idan chiroyli bir qiz ikki savatni uzumga to’ldirib chiqib qoldi. To’g’risi, Lapas uni ko’rib, bir lahza qotib turdi. Qiz go’yo unga tanishdek. Ismi nima edi? Sira eslolmadi.O’ziga maftunkorona tikilayotgan soldat nazarini his qilgan qiz uyalib, soldatga yer tagidan bir qur nazar soldiyu, kulimsiragancha , uyalib, tag’inam hech narsa sezmaganday, savatlaridagi uzumlarini bo’sh yashiklarga solishga unnadi. Qizning uyalinqirashi, qizarishi Lapasning aqlini shoshirdi. Xizmatdan qaytganidan beri Barlosning ko’chalarida ne-ne qizlarni uchratgan bo’lsa-da, hech biri uning fikrini o’g’irlamagan edi. Ne-ne qizlar ko’z suzsa-da, u bepisand o’tib ketib yurgan edi. Ne-ne qizlarning fikrni o’zi o’g’irlagan, buni bilar, o’zidan mag’rurlanib yurar edi. Endi esa...

O’zi, .. ikki yildan beri qishloqda chiroyli qizlar ko‘payib ketipti. Armiyaga ketayotganda sochini turmaklay olmay yig‘lab yuradigan qizaloqlar endi tamanno bilan o‘zini to‘ydami, boshqa yerdami, ko‘z-ko‘z qiladigan bo‘pti. Ammo bu qizcha... Kim bo‘ldi ekan? Ismi... O’zi kichkinagina,ammo chayir ekan! Biram noziki, savat ko‘targan bilaklari uzilib tushadiganday tuyuladi qaragan kishiga. Ammo shu nozik bilaklari bilan hammadan ko‘p uzum tergan. Buning ma’sum qarashlari... Bir marta, bir lahzagina qaradi. Shu qarashning o‘zidayoq Lapasning yuragidan nimanidir yulib ketdi. Qaniydi yana bir qarasa... – Lapas yashiklarni mashinaga orta boshladi hamki, ko‘zlari qizda. Xayolan, qaramaslik kerak, bu odobdan emas, deb o‘ziga buyruq bermoqchi bo‘lar, ammo ko‘zlari nuqul qizni izlar, bo‘yni nuqul qiz tomonga burilaverar edi. Shu fursatgacha ham sheriklariga gap berib, ham yashik ortayotgan Lapas birdaniga jim bo‘lib qolganiga sheriklar e’tibor berishmadi. Go‘yo e’tibor berishmaganday edi...

- Yasha Novvot! – dedi mashinaning ustida yashiklarni qabul qilib olayotgan Zokir aka. – Uzum terishda sendan o‘tadigani yo‘q..

«Ha-a, Novvot! Novvot-a, Novvot!!»

Maqtovni eshitib, Novvot boshini ko‘tardi-yu, yana Lapasnng o‘qday nigohiga duch kelib, uyalgandan tezlik bilan savatlarini olib, qator orasiga jo‘nadi. Qiz qator oralab yurib bormasdi. Go‘yo muallaq havoda suzib ketardi. Qo‘llari sal silkisa go‘yo hozir osmonu-falakka ko‘tarilib, uchib ketadiganday. Lapas yugurib, qizning ortidan yetmoqchi, uchib ketishiga yo‘l qo‘ymay, nozik bilaklaridan tutib qolmoqchi bo‘ldi. O’shanda... endi osmonga ko‘tarilayotgan qiz o‘girilib pastga, bilagdan tutib qolgan Lapasga nazar tashlasa. Bir lahzagina! Keldingizmi, deganday... Kelishingizni bilardim, deganday... Keyin... Zokir aka yashiklarni olib ulgurolmay qoldi. Bir yashik uzum mashinaning chekkasiga sal ilingan ekan, yerga ag‘darilib, uzumlari sochilib ketdi.

- Iy-e, Zokir aka, sizga nima bo‘ldi, - deyishdi pastdaglar.

- Lapas soldat bo‘lsa, unga bas kelib bo‘larmidi, - deya Zokir aka pastdagilarga ma’nodor ko‘z qisdi.

Lapas o‘ziga keldi. Go‘yo uning holatini hamma kuzatganu, endi ustidan kulishayotganday. Go‘yo uni og‘ir jinoyat ustida qo‘lga tushirishganday. Go‘yo hamma «Lapas Novvotni yaxshi ko‘rib qolipti» , deb kalaka qilishayotganday. Mashinani to‘ldirib jo‘natishgandan so‘ng Lapas hech narsa bilmagan kishiday, qator oralab Novvot bilan dugonasining yoniga «hormanglar!», deb bordi. «Bor bo‘ling, keling!», deyishdi qizlar. Lapasning tili yana tutildi. Ketarini ham, turarini ham bilmay, bir bosh uzum uzib, Novvotning savatiga soldi.

- Bizga yordamga keldingizmi, Lapas aka? – gapga soldi Novvotning dugonasi quvlik bilan ko‘zlarini suzib..

Lapas axmoqona ishshaygancha tasdiq ishorasida bosh silkib, uzum uzaverdi.

- Lapas aka, -dedi Novvot anchadan keyin gap so‘rayotganidan o‘zi uyalib, ammo gap so‘ramasa, o‘ng‘aysizlik tufayli Lapas hozir bir narsani bahona qilib, ketib qolishini anglagani tufayli, uni chalg‘itishga urinib. – Armiya yaxshimi, qishloq?

Lapas hayajonlandi. Novvot undan gap so‘rayotgandi, mushkulini osonlashtirgandi. Demak... demak... Yashshavor Novvot! Yashshavor Lapas!!

Armiya yaxshimi, qishloq? Albatta, tug‘ilib o‘sgan joyingni hech yerga tenglab bo‘lmaydi. Ona qishlog‘ing qadrini uzoqlarda yurib, bir ko‘rishga zor bo‘lganingda bilasan...

- O’ylanib qoldingiz, Lapas aka! Armiyadagi o‘ris qizlarni esladingizmi? – Novvotning dugonasi sira o‘zini bosib ololmasdi.

- E, ularning mingtasi bittalaringni bir tutam kokillaringdan aylanaversin, - dedi Lapas ilhomlanib. – Bir haftadan beri qishloqdaman. Xuddi tush ko‘rayotgandayman. Soldatlikka shu qadar ko‘nikkan ekanman, go‘y bundan bu yog‘i umring shu taxlit o‘taveradiganday. – Lapas gaplarini Novvot jon-qulog‘i bilan tinglayotganini his qilib, zavqlandi. – Lekin bari bir o‘zimizning Barlosga hech yer teng emas... Men armiyaga ketayotganimda kichkina edinglar. Ko‘chada qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirardinglar.

- Endi-chi?

- Endimi? Mana, brigada ilg‘ori ekansizlar.

- O’h-ho‘, maqtovni ham bilaman, deng.

- Maqtovmi, boshqami, ishqilib, ko‘nglimdagini aytyapman-da. Sizlarga havasim keladi.

Novvotning dugonasi hamon Lapasni suhbatga tortar, ammo Lapas Novvot bilan suhbatlashishni istardi. Novvot esa duv qizargancha, har zamonda Lapasga o‘g‘rincha nazar tashlar, zo‘r berib uzum terardi. Lapas uning yonida, dugonasi esa qatorning narigi tarafida. Bir payt Novvot uzgan uzumini savatga solayotsa, Lapas ham solayotgan ekan, qo‘llari qo‘llariga turtinib ketdi. Novvot yana birinchi safargiday, yalt etib bir qaradiyu, ko‘zlarini savatga tikdi. Lapasning yuragi hapriqdi. Shunday uyalchan, shunday tortinchoq. Shunday latofatli bu qiz.

- Bizlarga nega havasingiz keladi, Lapas aka? – so‘radi Novvotning dugonasi.

- Sizlar qishloqqa zor bo‘lmaysizlar. Doim shu yerdasizlar.

- Bizning esa sizga o‘xshab qishloqdan chiqqimiz, dunyo ko‘rgimiz keladi. Eh., qizlarni armiyaga olishmaydi-da. Birinchi bo‘lib o‘zim ketardim. – Dugona orzuga berildi.

Lapas Novvotga o‘girildi:

- Siz-chi? Siz ham askar bo‘lmoqchimisiz?

Novvot chuqur mehr bilan qadalayotgan Lapasning nigohini yana tuyib, qimtindi. Nima deb javob berishni bilmasdi.

- Bilmasam...

Bu orada savatlar to‘ldi. To‘la savatlarni ko‘tarib, karta oralig‘iga jo‘nashdi. Novvotning savatlarini Lapas ko‘tardi. O’zining kuchini ko‘rsatish uchun qator orasidagi kesaklarga parvo qilmay, shaxdam qadamlar tashlashga harakat qildi. Bari bir to oraliq yo‘lga chiqqancha bilaklari toliqib ketdi, ammo oriyat yo‘l qo‘ymadi, chunki qatorning narigi tarafida Novvotning dugonasi xuddi shunday to‘ldirilgan ikki savatni hech bildirmay ko‘tarib chiqayotgandi. Shunchalar nozik qizlar... Yana gap berib kelyapti. Armiyada pishib keldim, degani yolg‘on. Xomlab kelgan. Manovi qizlar uzum ichida pishgan, chayir tortgan...

- Men boray bo‘lmasa, - deya Lapas ketib qolayotgani uchun uzr so‘radi.

Novvot «mayli» deganday jilmayib, bosh silkidi. Lapasga shu qarashning o‘zi yetarli edi. Ko‘ngli tog‘day o‘sib, bir chetda dam olayotgan Zokir akaning oldiga bordi.

- Nima dedi? – so‘radi Zokir aka.

- Kim? Nima deyishi kerak? – Lapas talmovsiradi.

- Novvot yaxshi qiz! Uni olgan yigit baraka topadi. Niyating bo‘lsa, harakatingni qil. Eshitishimcha, qo‘shni qishloqdan sovchilar kelayotganmish. Otasi bermayotganmish.

- Siz shunday deb o‘ylaysizmi, Zokir aka.

- Men aytdim-qo‘ydim. Bu yog‘ini o‘zing bilasan. Tur, ana, mashina keldi, yashik ortamiz.

Abulqosim Mamarasulov 


Orqaga qaytish