Mashxur shaxslar

5045 marta o'qildi
JALOLIDDIN MANGUBERDI

13-asr boshida Xorazm O‘rta Osiyoning ulkan davlati edi. Uning sarhadlari Movarounnahrdan tashqari sharqda Yettisuv, g‘arbda Eron, Turkiya, Iroq, Kavkaz ortigacha cho‘zilgan. Mana shunday katta davlat 1219–21-yillarda Chingizxon qo‘shinlari hujumiga duchor bo‘lgan.

JALOLIDDIN MANGUBERDI

(1198 – 1231)

13-asr boshida Xorazm O‘rta Osiyoning ulkan davlati edi. Uning sarhadlari Movarounnahrdan tashqari sharqda Yettisuv, g‘arbda Eron, Turkiya, Iroq, Kavkaz ortigacha cho‘zilgan. Mana shunday katta davlat 1219–21-yillarda Chingizxon qo‘shinlari hujumiga duchor bo‘lgan.

Bu paytda Xorazmda Xorazmshohlarning Anushteginiylar sulolasi (1097–1231) hukm surardi. Xorazm shohi Alouddin Muhammad edi. U mo‘g‘ullar hujumidan sarosimaga tu­shib, poytaxtni tashlab qochish taraddudiga tushganida o‘g‘li Jaloliddin dushmanga qarshi kurashishni bir necha bor talab qildi. Biroq otasi ko‘nmadi. U bu niyatini otasi vafotidan so‘ng (1220) taxtga o‘tirgach, amalga oshi­rishga muvaffaq bo‘ldi.

Jaloliddinning mo‘g‘ullarga qarshi birinchi janggi Nasa shahri yaqinida cho‘lda, pistirmadagi 700 kishilik qo‘shinga qarshi bo‘ldi. Kutilmaganda boshlangan bu jangga Jaloliddin 300 jangchisi bilan kirib, g‘alaba qozongan. Ancha ot-ulov, qurol-aslahani o‘lja oldi. Chingizxonga qarshi mardonavor kurashi bilan o‘zini ona Vatanning fidoyi farzandi, mohir sarkarda ekanligini namoyish etdi. Chingizxon katta qo‘shin to‘plab Jaloliddin izidan tushdi. Gardiz qal’asi yaqinida Chingizxonning ilg‘or qismlarini tor-mor keltiradi va yo‘lida davom etadi. Chingizxon Sind (Hind) daryosi bo‘yida Jaloliddin qo‘shinini qurshab oladi. Uch kecha-yu uch kunduz jang bo‘ldi. Dushman qo‘li baland kelayotganidan asirga tushishdan o‘limni afzal bildi. Oila a’zolariga xazinani va o‘zlarini daryoga otishni buyurdi-da, oti bilan o‘zini suvga tashladi. Sohildan suvgacha o‘n ikki gazlik tik jar edi. Oti bilan narigi qirg‘oqqa kechib o‘tdi. Uning bu
ha­ra­katini kuzatib turgan Chingizxon, o‘g‘illariga qarata: «Haqiqiy ota o‘g‘il shunday bo‘lishi kerak», dedi.

Jaloliddin Hindistondan tortib, Ozarbayjon, Gruziyagacha bo‘lgan katta hududda o‘n yil ot surib, mo‘g‘ullarga qarshi kurashdi, musul­­mon xalqlarini dushmanga qarshi birlashtirishga yo‘lidagi xatti-harakatlari behuda ketdi. Yo u, yoki bu hokim Jaloliddinga qarshi chiqa boshladi.

Ko‘niya sultoni Alovuddin Kayqubod muxo­liflar kuchini Jaloliddinga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 1230-yil 10-avgustda Arzi­n­­jon yaqinidagi jangda Jaloliddin kuchlari tor-mor keltirildi. Jaloliddin tushkunlikka tushdi. 1231-yilning 17–20-avgustlarida fojiali ra­vishda halok bo‘ldi.

Yurt ozodligi yo‘lida jonidan kechadigan bunday insonlarni fidoyi, jasur, mard deymiz. Buyuk bobokalonimiz Jaloliddin Manguberdi ana shunday inson sifatida kishilik tarixiga kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mazkur qarorga muvofiq, yurtimizda yubileyga katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmuyi barpo etildi. Shovot kanalining ikki qirg‘og‘ini tutashti­rib, butun bir me’moriy majmua qad rostladi. Uning markazida qo‘lini qilich dastasiga qo‘ygan Jaloliddinning purviqor haykali turibdi.

1999-yil 5-noyabda Xorazm zaminida o‘zbek xalqining dovyurak o‘g‘loni Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan katta tantanalar bo‘lib o‘tdi.

Ayni paytda yubiley munosabati bilan Jaloliddin Manguberdi nomidagi jamg‘arma tashkil etilib, uning hayoti haqida hikoya qiluv­chi kitoblar chop etildi, ko‘plab ilmiy anjumanlar o‘tkazildi, tanga zarb etildi. Shuningdek, «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ta’sis etildi.

 

 Bolalar ensiklopediyasidan.


Orqaga qaytish