Ertaklar

5459 marta o'qildi
BOTIR QAYSAR VA SEHRGAR MUSHUK

 Bir bor ekan, bir yo`q ekan. Ulkan bir shaharda dangasa bola bo`lgan ekan. Uning ismi Botir bo`lib, u haqiqatdan ham hech kimdan qo`rqmas ekan. Ammo Botir bolalar bilan urishib, kattalarning aytganini qilmas, hayvonlarga ham azob berishni xush ko`rar ekan. 

BOTIR QAYSAR VA
SEHRGAR MUSHUK


Bir bor ekan, bir yo`q ekan. Ulkan bir shaharda dangasa bola bo`lgan ekan. Uning ismi Botir bo`lib, u haqiqatdan ham hech kimdan qo`rqmas ekan. Ammo Botir bolalar bilan urishib, kattalarning aytganini qilmas, hayvonlarga ham azob berishni xush ko`rar ekan. U hatto ota-onasi, aka-ukalarining gapiga ham kirmas ekan. Bir kuni u bolalar bilan har kungidek urishib, ularni xafa qilib, xo`rozlarga tosh otib uyiga qaytayotgan ekan, bir payt orqasidan qora mushuk uni kuzatib kelayotganini payqab qolibdi. Orqasiga qarab, unga ham tosh otmoqchi bo`lib, tosh izlay boshlabdi. Bu mushuk sehrgar bo`lib, Botir qaysarni anchadan beri kuzatar va uni qanday qilib adabini berish va to`g`ri yo`lga solishni o`ylab yurardi. Mushuk esa Botirdan qo`rqish o`rniga unga qarab to`g`ri kela boshlabdi. Botir bu holdan hayron bo`libdi, chunki barcha bolalar-u, hayvonlar uni ko`rishi bilan juftakni rostlab qolisharkan-da. Shu payt to`satdan mushuk gapira boshlabdi. Bu voqeadan hayron qolgan Botirning esa qo`lidan toshi tushib ketibdi. Esankiragan Botir mushukka o`zi bilmagan holda:
— Qoch yo`limdan, yo`qol! — deb baqirib yuboribdi.
Mushuk esa:
— Men qochmayman, chunki seni taziringni berishim kerak! Men sen azob bergan hayvonlardan emasman, men sehrgar mushukman. Xohlasam, seni bir zumda oddiy xo`rozga aylantirib qo`yishim mumkin, tushundingmi? — debdi.
Mushukni gapiga ishonib-ishonmay Botir baribir o`z so`zida turib olibdi va:
— Qoch yo`limdan, mendan hamma qo`rqadi, qochmasang mana bu tosh bilan bir urib majaqlayman, — debdi.
Jahli chiqqan mushuk Botir qaysarni bir zumda xo`rozga aylantirib qo`yibdi. Botir ko`zini ochib, oyog`iga qarasa, xo`rozning oyog`i emish. Botir bo`lgan voqeaga ishonmasdan yonidagi ko`lmak suvga borib, o`z aksini ko`rib ko`zlariga ishonmabdi. Chunki ko`lmakda o`zining emas, balki kattakon dakang xo`rozning aksini ko`ribdi-da. Botir kechgacha nima qilishini bilmasdan aylanib yurib-yurib, oxiri uyiga kirishga qaror qilib, eshigini asta taqillatibdi. Ichkariga endigina kirmoqchi bo`lgan ekan, bizni uyimizda xo`rozga balo bormi, deb dadasi uni uydan haydab chiqaribdi. Botir nima qilishni bilmay, uyi yonidagi katta daraxtning ustida o`tirib, ertalabgacha mijja qoqmay yig`lab chiqibdi. Birinchi kuni qorni rosa ochibdi va yegulik topish uchun pastga tushibdi. Qorni ochganidan nima qilishini bilmay, yerdagi don-dunlarni, qurt-qumursqalarni ham terib yeyishga majbur bo`libdi. Xo`rozga aylanib qolgan Botir kunduzlari bir amallab qornini to`yg`azar, kechalari esa qaysar va yomon bola bo`lganidan afsus chekar, yana o`z holimga qaytsam, hech kimga ozor bermayman, ota-onamning aytganini qilaman, o`rtoqlarimdan kechirim so`rayman, faqat besh baholarga o`qiyman, deb o`ziga-o`zi so`z berar ekan.
Kunlardan bir kuni qornini don-dunlarga va qurt-qumursqalarga arang to`yg`azgan Botir suv ichgani yonidagi ko`lmak suvga borib, endi suv ichmoqchi bo`lsa, kutilmaganda shunday ovoz eshitilibdi:
— Yordam beringlar, bu ko`lmakda o`lib qolaman!
Yaxshilab qarasa, suvda kichkina oltin baliqcha zo`rg`a nafas olib turgan emish. Botirni baliqchaga rahmi kelganidan suv ichish ham esidan chiqib ketib, qanday qilib baliqchaga yordam berishni o`ylay boshlabdi. Xo`rozga aylanib qolgan Botir yirik barglardan bir amallab suv o`tmaydigan savatcha yasab, ozgina suv va oltin baliqchani savatchaga solib yaqin oradagi oqar suvga olib boribdi va oltin baliqchani oqar suvga tashlabdi. Shunda suv yuziga kattakon oltin baliq suzib chiqib, o`z bolasini o`limdan qutqargani uchun Botirga minnatdorchilik bildiribdi. So`ng, tila tilagingni, deb unga murojaat qilibdi. Botir o`z boshiga tushgan musibatni oltin baliqqa aytib ho`ng-ho`ng yig`lab yuboribdi. Shunda oltin baliq hech qayg`urma, bugun kun botganda o`z holingga qaytasan, debdi-yu, suvga sho`ng`ib ketibdi.
O`zida yo`q xursand bo`lgan Botir kech bo`lishini intizorlik bilan kuta boshlabdi.
Shirin xayollar va orzular qilib, qorni ochganini ham bilmay qolibdi. O`z uyi oldida aylanib yuraverib kunni kech qilibdi. Qorong`u tushishi bilan Botir yana o`z holiga qaytib, xursandligidan yorilib ketay, debdi. Uyiga qaytib kelgan Botirni ko`rgan ota-onasi, aka-ukalari ham uni bag`rilariga bosib xursand bo`lishibdi. Shu kundan boshlab dangasa, qaysar, hammaga ozor beradigan Botir butunlay o`zgaribdi.
Voqeaning yaxshilik bilan tugashini oldindan bilgan sehrgar mushuk ham Botirning batamom o`zgarganligidan, uni to`g`ri yo`lga solganligidan mamnun bo`lib, mo`ylovlarini silab qo`yibdi.

Abdulaziz RAJABOV,
oshkent shahridagi
272-maktabning 5-“A” sinf o`quvchis


Orqaga qaytish