She`rlar va ruboiylar

5312 marta o'qildi
VATAN

Mayli, bog`laringda ter to`kay tinmay,
Mayli, yashay bir zum rohat ne bilmay.
Boshimdan zar to`kib, tillo sochsa-da,
O`zgaga bir siqim tufrog`ing bermay.

Minhojiddin MIRZO

VATAN


Bulbulga tikondin yetsa-da ozor,
Unga aziz erur shu joy, shu gulzor.
Yurtim, bulbullaring nafasin tuydim,
Kim Vatanga yordir, Vatan anga yor.

Muhabbat iymonli har dil ziyosi,
Ko`nglimga o`t solsa bir gul hayosi,
Yordin diyorimni ortiq sevmasam,
Kuysin menday oshiq ikki dunyosi.

Mayli, bog`laringda ter to`kay tinmay,
Mayli, yashay bir zum rohat ne bilmay.
Boshimdan zar to`kib, tillo sochsa-da,
O`zgaga bir siqim tufrog`ing bermay.

Mehring yuragimning nuri-quyoshi,
egsa malham deyman shu zamin toshi.
Mayli go`ja bo`lsin, mayli u yovg`on,
Men uchun eng totli shu yurtning oshi.

Marding shod qarshilar har sinov onni,
Bir kun mendan so`rsang shu aziz jonni,
animni kalxatlar nimtalasinlar,
Magar baxt demasam men bu imkonni.

Erking, muhabbating dilga oqmasa,
Sening qayg`ularing ko`nglim yoqmasa,
Rozimasman agar ko`zim tug`ingni
Qur'onday muqaddas bilib boqmasa.

Senga ko`tarilsa u qo`llar sinsin,
Undayin yurakning dukuri tinsin,
Bahoringni hech vaqt urmasin ayoz,
Senga tushar qirov ko`zimga insin.

Yov kelsa, kamoning yoyi bo`lay man,
Belingga bog`langan shoyi bo`lay man,
Peshonamga bitmish yorlaqab tangrim,
Faqat peshonamda seni ko`ray man!

YURTIM YO`LLARI

Yurt yo`llari, muqaddas yo`llar,
Undan yurgan do`st ham, g`anim ham.
Madad so`rab cho`zilgan qo`llar
Erib oqqan bamisoli sham.

Bu yo`llarda g`anim qahridan
Giyohlar ham sarg`ayib-so`lgan.
Bu yo`llarda qancha pok dillar
Orzularin tuproqqa ko`mgan.

Bu yo`llarni supurmagan yel,
O`ksib o`tgan bu yo`ldan bahor.
G`animga suv tutgani uchun
Ich-etin yeb ingragan anhor.

Bu yo`llarga bobom to`kkan yosh,
Mardlar qonga belanib o`tgan.
Bu yo`llarga sig`magan quyosh,
Baxtlar g`amga ulanib ketgan.

Shukr deyman, endi bu yo`llar
Yuragimga tutashib ketmish.
Bu kunlarni ko`rmoq o`zi baxt,
Zanjirlarning ovozi — o`tmish!

Sano aytib kelgan giyohlar,
Ey, toptalib cho`kkan tog`larim.
Endi qadni tiklangiz deyman,
Gullash payti keldi, bog`larim!

Endi mening qalbimda ham oy
Hislarimga tutadi gullar.
Endi siz ham ozodsiz, uching,
Yuraklarga qamalgan nurlar...

"Gulhan" jurnalidan olindi


Orqaga qaytish