Jahon mamlakatlari

5342 marta o'qildi
Liviya

Liviya – Shimoliy Afrikadagi davlat. Shimoldan uni O‘rta dengizi o‘rab turishi tufayli bu joylarda subtropik iqlim hukmron. Ammo janubiy qismida Tibasti tog‘ligining tarmoqlari va sharqiy qismida Liviya cho‘li iqlimi butunlay boshqacha. Mamlakat shimolida yiliga250 mmdan625 mmgacha yomg‘ir yog‘sa, janub va sharqda100 mm, Liviya cho‘lida esa25 mmgacha yomg‘ir yog‘adi.

Liviya

(Liviya Arab Sotsialistik Xalq Jamahiriyasi)

Maydoni – 1759500 kvadrat kilometr.

Aholisi – 5500000 kishi.

 Liviya – Shimoliy Afrikadagi davlat. Shimoldan uni O‘rta dengizi o‘rab turishi tufayli bu joylarda subtropik iqlim hukmron. Ammo janubiy qismida Tibasti tog‘ligining tarmoqlari va sharqiy qismida Liviya cho‘li iqlimi butunlay boshqacha. Mamlakat shimolida yiliga250 mmdan625 mmgacha yomg‘ir yog‘sa, janub va sharqda100 mm, Liviya cho‘lida esa25 mmgacha yomg‘ir yog‘adi. Doimiy oqib turadigan daryolari yo‘q. Dengiz sohilidagi yerlarda akatsiya, tamariks, makvis, kedr, sarv, janubroqda dag‘al o‘t va buta o‘sadi, cho‘llarda esa o‘simlik juda siyrak. Hayvonot dunyosiga kelganda, shimolda sirtlon, qashqir, tulki, quyon, turli qushlar yashasa, cho‘lda ilon, kaltakesak va chayondan boshqa narsa uchramaydi.

Asosiy aholisi–arablarning butun tarixi chet ellik bosqinchilarga qarshi kurash tarixidan iborat. Miloddan avvalgi 1-mingyillikning birinchi yarmida finikiyaliklarga, 7-asrda yunonlarga, 5-asr o‘rtalarida Karfagenga, 6-asr oxiri va 5-asr boshlarida Axamoniylarga, keyinroq makedo­niya­lik Aleksandr qo‘shinlariga, miloddan avvalgi 2-asrda rimliklarga, milodiy 6-asrda vizantiyalik bosqinchilarga qarshi kurashdilar. 7-asrda Arab xalifaligiga qo‘shib olindi.

Liviya 16-asrdan 1912-yilgacha Turkiya tarkibida bo‘ldi. 1911–12-yillardagi Italiya-Turkiya urushidan so‘ng Liviyaning dengiz sohilidagi yerlarini Italiya egalladi. Ikkinchi jahon urushi oxirlariga kelib Buyuk Britaniya va Fransiya harbiy ma’muriyati qo‘l ostiga o‘tdi. Nihoyat, 1951-yilda Liviya Qo‘shma qirolligi tuzildi. 1969-yilda yosh armiya ofitserlari monarxiyani ag‘darib, Liviya Arab Respublikasi (LAR) tuzilganini e’lon qildilar.

50-yillarning o‘rtalarida mamlakatda katta neft konlari topildi. Neft zaxiralari jihatidan Afrikada birinchi, gaz zaxiralari jihatidan uchinchi o‘rinda turadi. Neftdan kelgan daromad evaziga hunarmandchilik, yengil sanoat va uy-joy qurilishi rivojlana boshladi. Qishloqlardagi dehqonlar arpa va bug‘doy, sabzavot, yeryong‘oq, zaytun, mevalar (apelsin, mandarin, xurmo, uzum) yetishtiradilar. Sahroi Kabirdagi ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi: qo‘y, echki, qoramol, ot, eshak boqadi.

Mamlakat poytaxti –Tripoli(Tarablus al-G‘arb) O‘rta dengizdagi port shahri bo‘lib, unda to‘qimachilik, ko‘nchilik, oziq-ovqat korxonalari, universitet, machitlar, muzeylar bor.

Bolalar ensiklopediyasidan olindi. 


Orqaga qaytish