Jahon mamlakatlari

5390 marta o'qildi
Malayziya

 Malayziya – Janubi-sharqiy Osiyodagi davlat. Uni Janubiy Xitoy dengizi ikkiga, ya’ni G‘arbiy Malayziya (Malayya) va Sharqiy Malayziyaga ajratib turadi. Poytaxti – Kuala-Lumpur shahri.

Malayziya

(Malayziya Federatsiyasi)

Maydoni – 332800 kvadrat kilometr.

Aholisi -– 21200000 kishi.

 Malayziya – Janubi-sharqiy Osiyodagi davlat. Uni Janubiy Xitoy dengizi ikkiga, ya’ni G‘arbiy Malayziya (Malayya) va Sharqiy Malayziyaga ajratib turadi. Poytaxti – Kuala-Lumpur shahri.

Bu mamlakatda o‘rta asrlardan buyon sultonlar hukmronlik qilib kelgan. Uning davlat tuzumi boshqa hech qayerda uchramaydi. Davlat boshlig‘i Oliy hokim deb yuritiladi va sultonliklar hokimlarining kengashida har 5 yilda saylanadi.

Malayziya ekvator mintaqasida joylashgani uchun iqlimi asosan ekvatorial, shimolrog‘ida esa subekvatorial, mussonli iqlim. Yer yuzasi­ning to‘rtdan uch qismi doim yashil nam tropik o‘rmonlardan iborat.Palma, bambuk, tog‘larida eman, dafna va boshqa daraxtlar o‘sadi. Daryolari qisqa, ammo sersuv.

Aholisining 55 foizi malayyaliklar, 35 foizi xitoylar va 10 foizi hindlar. Jami aholining yarmiga yaqini shaharlarda yashaydi. Bu mamlakatning go‘zal tabiati, antiqa iqlimi va eng muhimi – behisob tabiiy boyliklari chet ellik bosqinchilarni hamisha qiziqtirib kelgan. 16-asrning boshlarida potrugallar Malakka sultonligini bosib oldi. 17-asr o‘rtalarida uni gollandlar egallashdi. 18-asr oxiriga kelib, ingliz mustamlakachilari Malayya davlatiga ta’sir o‘tkaza boshladi va 1786 – 1888-yillar davomida mamlakat hududining katta qismini bosib oldi. Ikkinchi jahon urushi davrida bu yerga yapon bosqinchilari kirib keldi. Urushdan keyin yana inglizlar o‘z hukmronligini o‘rnatmoqchi bo‘ldi. Ammo xalq ommasi siyo­siy tashkilotlarga birlashib, barcha bosqinchilarni quvib chiqardi. 1963-yilda Malayya Federatsiyasi, Singapur, Sabox va Saravak o‘rtasida Malayziya Federatsiyasi tashkil topdi (keyinchalik Singapur federatsiyadan chiqib ketdi).

Malayziya sanoatida konchilik yetakchi tarmoq hisoblanadi. Qalay konsentrati ishlab chiqarish sohasida dunyoda oldingi o‘rinlardan birida turadi. Bundan tashqari temir, boksit, oltin, neft, ilmenit konlari ham bor. Avtomobil, mototsikl va qishloq xo‘jalik mashinalari, elektrotexnika buyumlari ishlab chiqariladi, metallurgiya, to‘qimachilik, hunarmandchilik rivojlangan.

Mamlakat yerlarining 2 million gektari kauchuk daraxtlari bilan band. Kokos palmasi, ananas, choy, murch, sholi, sabzavot, turli mevalar yetishtirilib, chet ellarga sotiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Malayziya o‘rtasida 1992-yilda diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgach, iqtisodiy va madaniy aloqalar, savdo-sotiq rivojlana boshladi.

Bolalar ensiklopediyasidan olindi. 


Orqaga qaytish