Jahon mamlakatlari

5528 marta o'qildi
Meksika

Meksika haqida gap ochilganda, ko‘pincha, bu mamlakatda tekis yer yo‘q, yurgan odam yo yuqoriga ko‘tariladi, yo pastga qarab tushib boradi, deyishadi. Haqiqa­­tan ham mamlakatda tog‘ ko‘p. Meksika hudu­dining yarmidan ko‘prog‘i dengiz sathidan 1000 metr balandda. Orisaba va Popokatepetl vulkan tog‘larining tepasi ko‘zni qamashtiruvchi oppoq qor bilan qoplangan.

Meksika

(Meksika Qo‘shma Shtatlari)

Maydoni – 1958200 kvadrat kilometr.

Aholisi – 100300000 kishi.

 Meksika haqida gap ochilganda, ko‘pincha, bu mamlakatda tekis yer yo‘q, yurgan odam yo yuqoriga ko‘tariladi, yo pastga qarab tushib boradi, deyishadi. Haqiqa­­tan ham mamlakatda tog‘ ko‘p. Meksika hudu­dining yarmidan ko‘prog‘i dengiz sathidan 1000 metr balandda. Orisaba va Popokatepetl vulkan tog‘larining tepasi ko‘zni qamashtiruvchi oppoq qor bilan qoplangan.

Meksika – Lotin Amerikasidagi yirik mamlakatlardan biri. Uning tabiati xushmanzara va xilma-xil. Bu yerda qoyali tog‘ tizmalari, quyosh issig‘idan qovjiragan cho‘llarni ko‘rish mumkin: cho‘llarda beor va chidamli kaktus hamda agavalardan tashqari hech narsa o‘smaydi. Meksikada kaktusning 500 ga yaqin turini uchratish mumkin; baland bo‘yli tanasi tikanlar bilan qoplangan turidan to kirpisimon yumaloq turigacha bor. Tog‘ yon bag‘irlari va sohildagi pasttekisliklar doim yashil tropik o‘rmonlar va savannalar bilan qoplangan. O‘rmonlarda qimmatbaho daraxt turlari – qizil daraxt, temir daraxt, meksika sarv daraxti o‘sadi, o‘rmonlar bilan yonma-yon joylashgan vodiylarda esa ananas va bananlar yetishtiriladi.

Meksikaning chala cho‘l va cho‘llarida kemiruvchilar – yerqazir, koyot, Meksika tog‘ o‘rmonlarida qora ayiq, yonut, qizil silovsin, puma, savannalarda bug‘u, chumolixo‘r, jayra, janubdagi tropik o‘rmonlarda maymunning ikki turi, tapir, yaguar uchraydi. Hayvonlarni qo‘riqlash maqsadida milliy bog‘lar tashkil etilgan.

Meksikada ispan bosqinchilari tomonidan vaxshiylarcha vayron qilib tashlangan qadimgi indeyeslar madaniyatining ayrim ko‘ri­nishlari hozirgacha saqlanib qolgan. Meksikaliklar bayram kunlari qadimgi an’anaga ko‘ra, indeyeslar kiyimida raqsga tushib karnavallar tashkil qilishadi. Xalq orasida hozirgacha indeyeslarning afsona va ertaklari saqlanib kelmoqda. Tilida ham kelib chiqishi indeyes­cha bo‘lgan so‘zlar ko‘p bo‘lib, bulardan ba’zilari, masalan, «shokolad», «tomat» baynalmilal so‘zlarga aylanib ketgan.

Indeyes qabilalari mamlakatning ko‘pgi­na joylarida boshqalarga qo‘shilmay alohida yashaydilar va o‘z tillarida so‘zla­shadilar.

Meksikada foydali qazilmalar ko‘p. Oltin, kumush, rangli va nodir metallar rudalari, temir qazib chiqariladi. Uzoq vaqtdan beri neft qazib olinmoqda.

Meksika sanoati tez rivojlanmoqda. U Lotin Amerikasida sanoati eng taraqqiy etgan mamlakatlardan biri.

Aholining yarmiga yaqini qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Juda katta maydonlarga makkajo‘xori ekiladi. Meksika makkajo‘xorining vatani hisoblanadi. Bug‘doy, sholi, shakarqamish, kofe ham yetishtiriladi.

Poytaxti – Mexiko shahrida zamonaviy binolarni ham, o‘tgan asrlar me’morligi namunalarini ham ko‘rish mumkin. Bir necha kilometrga cho‘zilgan zamonaviy keng shohko‘chalar bilan tor ko‘chalar, osmono‘par binolar bilan eski pastqam uylar yonma-yon joylashgan.

Mamlakatdagi eng sevimli tomoshalardan biri – an’anaviy korrida – buqalar
jangi. Har yakshanba kuni kunduzi roppa-rosa soat 4 da meksikaliklar minbarlarni to‘ldirib o‘tiradilar. Korrida–tomoshabinni o‘ziga maftun qiluvchi, ta’sirchan bayram.

Meksikada futbol o‘yini juda ommalashgan. Olimpiada stadioni va boshqa o‘nlab stadionlarda har yakshanba kuni soat 12 da futbol musobaqalari o‘tkaziladi.

Meksikada musiqa va qo‘shiqni juda sevadilar. Xalq musiqachilari - maryachilar barcha tantanali uchrashuvlarda albatta qatnashadilar. Meksika bilan O‘zbekiston Res­publikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yilda o‘rnatilgan.

Bolalar ensiklopediyasidan olindi. 


Orqaga qaytish