Hikoyalar

5533 marta o'qildi
USTA PULI (voqeiy hikoya)

Mahallamizda hovliga shiyponcha qurish udumga aylandi. Ayniqsa, yozning jazirama kunlarida shiyponcha jonning rohati. Qizlarim ikki gapning birida shiyponcha quraylik, deb hol-u jonimizga qo`ymaydi

USTA PULI
(voqeiy hikoya)

Mahallamizda hovliga shiyponcha qurish udumga aylandi. Ayniqsa, yozning jazirama kunlarida shiyponcha jonning rohati. Qizlarim ikki gapning birida shiyponcha quraylik, deb hol-u jonimizga qo`ymaydi. Zarur materiallarni g`amlay boshladik. Bir mo`ljalga yetgach, ishdan qaytayotganda ko`chamiz boshidagi usta Jabbor amakinikiga kirdim. Hammasini kelishib oldik. Kechki ovqat mahali ertadan usta tushishini aytdim. Bolalarim qarsak chalib yuborishdi.
Ertasi kuni usta saharlab shogirdi bilan keldi.
Usta xiyla injiq ekan. Peshingacha uch bor bozorga borib kelishimga to`g`ri keldi. Maktabdan ta'tilga chiqqan o`g`lim Xurshid kechgacha ustalar yonida. Choy damlab keladi. Yog`och arralashayotgan paytda bir chetidan ushlab turadi. Oltinchi sinfni endigina bitirganiga qaramay ancha pishiq, ziyrak. Buni ustayam payqaganidan xursand bo`ldim.
Yengilroq ishlarni ishonib topshirayotganini ko`rib, rosti g`ururlandim. Kechgacha ancha ishimiz bitdi. Ustalar bilan dasturxon atrofiga o`tirdik. Ovqatlanish asnosida ertangi ishlar rejasini ham tuzib oldik.
—Endi Xurshidboyni yana bizga ikki kun shogirdlikka berib turasiz domla, —dedi usta shogirdi Abduvaliga bir qarab olib. Abduvaliyam ma'qullab qo`lini ko`ksiga qo`ydi.
—Yaxshi dastyor ekan.
Xurshidning yoshligidan qiziq odati bor. Oyoq kiyimini juda ozoda tutadi. Gard yuqtirmaydi. Doim yarqirab turadi. Meni, onasi, opalarining ham oyoq kiyimlarini hamisha tozalab, moylab qo`yadi.
Ustalar ketmoqchi bo`lib o`rinlaridan turishganda g`alati ish bo`ldi. Ularning ostonada turgan poyabzallari yaraqlatib moylab qo`yilgandi. Ular avvaliga o`z tuflilarini tanimay qolishdi.
Ertasi kuni ishni davom ettirdik. Yoz bo`lishiga qaramay, usta tuflisini loyga belab kelibdi. Biror ariq-pariqqa bexos tushib ketgandir-da, deb e'tibor bermadim.
Kechki payt usta yarqiragan tuflisini kiyib ketdi. Ammo keyingi kuni ham ustaning tuflisi loyga belanib kelganini ko`rib hafsalasizligidan biroz ranjidim. Peshinga qolmay shiyponcha ham bitdi. So`ngra ustalar bilan dasturxon atrofida biroz gurunglashib o`tirdik. urish oldidan rasm-rusumini qilib, usta haqini berdim. Jabbor aka duo qilib, miyig`ida kulganicha o`rnidan turdi. Ostonada ustaning tuflisi xuddi yangiday yarqirab turardi. Usta-shogird bir-birlariga ma'noli qarab qo`yishdi. Usta ishkom salqinida biroz taraddudlanib turdi-da, qo`lidagi tugunchani yechib, pulni qo`liga oldi.
— Yerdan topsang ham sanab ol, degan gap bor. Sanab olsam mengayam, sizgayam baraka bo`ladi.
Usta pulni sanadi. Hammasi to`g`ri chiqdi. Chunki o`zim ham, ayolim ham ikki martalab sanagan edik. Odam adashishi mumkin. Usta puldan bir mo`ljalini olib menga uzatdi.
— Biz mingdan-ming rozimiz. Bunisi Xurshidboyning haqi. Biz bilan teng ishladi. Baraka topsin. Birinchi kun tuflilarimizni moylab bizni xijolatga qo`ygan edi.
Keyingi kunlar ataylabdan loyga belab keldim. Hech og`rinmay chiroyli qilib qo`yibdi. Vaqti kelsa odam yosh boladan ham ibrat olsa bo`larkan-da. Bolalarim, nevaralarimga o`g`lingizning tarbiyasi haqida havas bilan gapirib berdim. Shoyadki, ular ham shunday chiroyli odatlarga o`rganishsa.
Har qancha e'tiroz bildirganimga qaramay usta majburlab pulni qo`limga tutqazib ketdi...

Yusuf ABDULLAYEV


Orqaga qaytish