O`zbek mumtoz adabiyoti

5663 marta o'qildi
GULBADAN (asardan parchalar)


aniqli ingliz adibasi Margaret Rumer Godenning nomi (1907-1998) shoira, jurnalist va tarixiy asarlar muallifi sifatida Buyuk Britaniya va Hindiston adabiy jamoatchiligi orasida yaxshi ma'lum. Uning turli mavzudagi oltmishdan ortiq kitoblari nashr etilgan.
«Gulbadan» asari 1980-yili yaratilgan bo`lib, buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning oqila qizi, temuriy malika, muarrix Gulbadan begimning hayoti va faoliyati haqidagi ma'lumotlarni muallif qiziqarli ilmiy-publitsistik yo`sinda hikoya qiladi.

GULBADAN



(asardan parchalar)




aniqli ingliz adibasi Margaret Rumer Godenning nomi (1907-1998) shoira, jurnalist va tarixiy asarlar muallifi sifatida Buyuk Britaniya va Hindiston adabiy jamoatchiligi orasida yaxshi ma'lum. Uning turli mavzudagi oltmishdan ortiq kitoblari nashr etilgan.
«Gulbadan» asari 1980-yili yaratilgan bo`lib, buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning oqila qizi, temuriy malika, muarrix Gulbadan begimning hayoti va faoliyati haqidagi ma'lumotlarni muallif qiziqarli ilmiy-publitsistik yo`sinda hikoya qiladi.
Muallif Hindistonda uch yarim asrdan ziyod vaqt hukm surgan boburiylar saltanatining yorqin namoyandalaridan biri bo`lgan, noyob iste'dod va aql-zakovat sohibasi Gulbadan begim shaxsiyatini o`sha davrning murakkab va dolg`ali tarixiy voqealari, toj-u taxt kurashlari, inson ruhining poyonsiz g`alayonlari bilan uzviy bog`liq holda, o`ziga xos talqin va mahorat bilan aks ettiradi.

* * *

Gulbadan begim o`z shaxsiyati haqida so`z yuritganda oqilalik bilan o`zini «bu haqir», ya'ni «bu ojiz banda» deb atardi. Aslida esa u nafaqat oddiy banda, balki Hindistondagi buyuk boburiylar sulolasining asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh G`oziyning kenja qizi edi. U ertaklarda uchraydigan afsonaviy qahramonlarga xos nafis ism — Gulbadan degan go`zal bir nom bilan atalardi. Umrining to`fonli va shiddatli damlarida ham u o`zining «Gulbadan»ligini saqlab qola olgan mo`tabar bir inson edi.

U 1522- yoki 1523-yilda Qobulda tavallud topgan. U zamonlarda Sharqda qiz bolalarning (hatto u aslzodalardan bo`lsa ham) tug`ilgan sanasini qayd etish joiz emas edi. Bordi-yu falakning gardishi bir aylanib, u Londonda tavallud topganida, uning qiroli Genrix VIII bo`lgan bo`lur edi. Ma'lumki, Genrix VIII Gulbadanning otasi Boburshoh singari «e'tiqod himoyachisi» unvoniga sazovor bo`lgan iymon-e'tiqodli hukmdor edi.

Gulbadan iymoni butun, taqvodor muslima edi.

* * *

Gulbadan uch buyuk hukmdor — otasi Boburshoh, akasi Humoyunshoh va jiyani Akbarshoh davrini qamrab olgan o`ta murakkab zamonda umrguzaronlik qildi va Akbarshoh vafotidan ikki yil avval bu foniy dunyoni tark etdi. Bu hukmdorlar orasida eng mashhuri Akbarshoh bo`lsa-da, Gulbadan otasi va akasini nihoyatda ulug`lar edi. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, agar Akbarshoh bo`lmaganda, Gulbadanning mavqe-martabasi bunchalar yuqori ulug`lanmagan, uning nomi o`sha davrda yashagan yuzlab malikalar singari parda ortida, omma nazariga tushmasdan qolib ketgan bo`lardi. Va tabiiyki, uning umr va ijod yo`li haqidagi haqiqatni ochib berish ham hech kimning xayoliga kelmasdi. O`sha davr muarrixlari tomonidan zikr etilgan ma'lumotlarda Gulbadanning ismi boshqa tarixiy shaxslarning nomlari soyasida qolib ketayotgan bir paytda (1587-1590 yillarda) Akbarshoh bobosi Boburshoh va otasi Humoyunshohning hukmdorlik faoliyati haqida tarixiy bir asar yaratish haqida farmoni oliy qabul qildi.

* * *

Gulbadan begimning ushbu asarida asosan tarixiy shaxslarning xususiyatlarini tasvirlashga ko`proq o`rin berilgan. Biroq asarda keltirilgan ba'zi bir sana va voqealar bayonida juz'iy chalkashliklar ham uchraydi. Masalan, muallif Boburshohning 18 nafar o`g`il-qizi bo`lgani haqida so`z yuritadi, biroq ularni nomma-nom sanaganda 16 ta farzand nomi tilga olinadi.

Shuni aytish kerakki, bu asar faqat uch nusxada ko`chirilgan. U paytlarda bosmaxonalar bo`lmagan va Boyazid devonxonasida to`qqizta xattot bo`lib, ular tomonidan ko`chirilgan uch nusxaning bir nusxasigina saqlangan, qolganlari esa, afsuski, bundan uch yuz yil muqaddam yo`qolib ketgan.

* * *

Gulbadanning nurli qalami bilan tasvirlangan xotiranoma uzoq o`tmishda bo`lib o`tgan voqealarni shunchalik aniq va haqqoniy tarzda bayon qiladiki, o`quvchi go`yoki teleskopga tikilib, ko`hna tarix sahnalarini yaqqol tasavvur etadi. Olis o`tmish qa'rida podshoh otasining Qobuldagi saroyining ulkan devorlari ustidan pastga tikilib turgan kichik malikani ko`rgandek bo`lasiz. Muallif shahar qal'asi devori ustidan turib navbatdagi raqibiga qarshi jangga shaylanayotgan yoki erishgan g`alabasini nishonlayotgan sarbozlarni kuzatib turgan ayollarning ichki dunyosini mahorat bilan tasvirlab beradi. Shahar atrofidagi bog`larda osudalik hukm surayotgani, vohaning qorli tog`lari uzra osmonga ko`tarilayotgan chang bulutiga ko`z tikib turgan kichik malika qiyofasi ko`z oldimizda namoyon bo`ladi. Osmon uzra ko`tarilayotgan chang esa u orziqib kutayotgan podshoh otasidan xabar yetkazuvchi choparning yaqinlashib kelayotganidan dalolat beradi.

Muallif, taxminan 2-3 yoshida ekan, otasi Bobur podshohni a'yonlari, amir va beklari, yalovbardorlari va navkarlari bilan navbatdagi harbiy yurishga otlanayotgan holda ko`rganini eslaydi...

* * *

Bobur bunyod etgan davlat, garchi bobolariniki singari bepoyon mintaqalarga yoyilmagan bo`lsa-da, u o`z saltanatining sultoni, buyuk imperatori darajasiga ko`tarildi. O`z mulkida boshqaruv tizimini mahkam tutib, uni mohirlik bilan idora qildi. Bu o`lkani 332 yil davomida mahorat bilan boshqargan buyuk sulolaga asos soldi.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Chingizxon ham, Amir emur ham davlat tepasiga Bobur kabi 12 yoshlik paytida kelmagan, u ko`rgan azob-uqubat, yo`qchilik, bemorlik va mushkulotlarni boshdan kechirmagan.

* * *

Afg`onistondagi qadimiy shaharlardan bo`lmish Qobul hukmdori temuriy shahzodalarning so`nggi sulolasiga mansub bo`lib, Boburning amakilaridan biri edi. Yaqindagina vafot etgan bu hukmdordan keyin shahar taxt uchun kurashayotgan vorislar o`rtasida talonda qolgan edi. Bu hol Bobur uchun qulay imkoniyat tug`dirardi-yu, biroq u hali olisdagi umid yulduzi edi, xolos. Yaqin kishilari va chog`roq qo`shini bilan Bobur o`z baxtini sinab ko`rish uchun Hindikushning kimsasiz yaydoq cho`llari-yu o`tkir tik qoyalari va tog` tizmalari osha kecha-yu kunduz tin olmay yo`l bosdi. Va nihoyat, bir kuni tunda dovonlardan birining tepasida turib, ilgari hech ko`rmagan manzaraga duch keldi: «Suxayl yulduzi g`ayritabiiy bir tarzda charaqlab yog`du sochib turarli. «...dedimkim, Suxayl bo`lmag`an. Dedimkim, Suxayldur. Shunda navkarlardin biri shunday xitob qildi: «O, Suxayl, sening yog`dularing sochilgan kishiga omad keltirursen».

"Gulhan" jurnalidan olindi


Orqaga qaytish