Hikoyalar

5530 marta o'qildi
GERDANING KO`Z YOSHLARI

— Pisht-e, yashshamagur, yana oshxonaga kirdingmi?...
Onamning oshxonada kuyunchaklik bilan javrayotganlarini eshitib, gap nimadaligini darhol fahmladim. Mushugim Gerda (laqabi shunday) yana oshxonaga kiribdi-da. Onamni tinchlantirish uchun zudlik bilan yonlariga oshiqdim.

GERDANING KO`Z YOSHLARI


(hikoya)




— Pisht-e, yashshamagur, yana oshxonaga kirdingmi?...
Onamning oshxonada kuyunchaklik bilan javrayotganlarini eshitib, gap nimadaligini darhol fahmladim. Mushugim Gerda (laqabi shunday) yana oshxonaga kiribdi-da. Onamni tinchlantirish uchun zudlik bilan yonlariga oshiqdim. Agarda bu mashmasha dadamning qulog`iga yetsa, mushugimni yana adashtirib keladilar. Yana deganimga hayron bo`lyapsizmi? Keling, yaxshisi sizga bir boshidan so`zlab bera qolay.
Bundan ikki yil avval maktabdan qaytayotib uch-to`rt bolakayning hali ko`zi ochilmagan mushuk bolasini o`ynab yurishganini ko`rib qoldim. Qornini mahkam siqib ko`tarib olishganidan joni og`rirmidi, mushukcha ayanchli miyovlab, ularning qo`lidan chiqib ketishga urinardi. Kimniki ekanligini so`rasam, topib oldik, deyishdi. Bechora mushukchaga achinib, uyga olib keldim. Likopchaga sut quyib bersam, bir zumda ichib qo`ydi. Yana quyib berdim. Buvimning eski ro`moliga o`rab, o`rnimga yotqizgandim, xurullab uxlab qoldi...
— Voy, bu yana nimasi bo`ldi? — dedilar kutilmaganda xonamga kirib kelgan onam. Mushukchani ko`chadan topib olganimni eshitib, battar jahllari chiqdi. Shunda jonimga buvijonim oro kirdilar. Ularning ruxsati bilan mushukcha biznikida qoldi. Ulg`aygani sari mushukchaning sho`xliklari orta bordi. Oshxonaga kiritmaslikka harchand harakat qilmaylik, ko`zimizni shamg`alat qilib, u-bu narsalarni olib qochardi. Bu holdan ranjigan dadam qarshiligimga qaramay, xizmat safariga ketayotib qopga solingan mushugimni uzoqlarga tashlab kelgandilar. Ishonasizmi, bir hafta o`tar-o`tmas u 300 chaqirim naridagi biyday daladan kir-chir, abgor bir ahvolda qaytib kelibdi. Meni shunaqangi sog`inibdiki, asti qo`yaverasiz. Uyga kirsam, kiradi, chiqsam, chiqadi. Yanayam kim biladi deysiz, bu sog`inchdanmikin, yo yana adashtirib kelishadi, deya qo`rqqanidanmi... Xullas, bir necha kun yonimdan ketolmay yurdi. Keyin esa yana eski hunarini boshladi. Kun bo`yi qayerlardadir sang`ib yuradi-da, qorni ochganda miyovlab, oyog`imga suykaladi. Avvallari ovqatini bir zumda yeb bo`lardi-da, xuddi menga rahmat degandek, astagina miyovlab qo`yardi. Keyingi paytlarda og`zida yemish bilan chordoqqa oshiqadigan odat chiqardi. Chordoqdan esa elas-elas «miyov», «miyov», degan ovozlar eshitilib qolardi.
— Bu Gerdang tushmagur chordoqqa bolalagan ko`rinadi, — dedilar buvim mushukchalarning ovoziga quloq tutib...
Bir kuni erta tongda oyim meni uyg`otib:
— Hovliga chiqqin, bir narsa ko`rsataman, — dedilar. Ularning tushkun kayfiyatlarini ko`rib, xavotirlandim: tinchlikmikan ishqilib?! ashqariga chiqib, ne ko`z bilan ko`rayki, Gerdam qonga belanib yotibdi. Buvimning taxminicha, tunda uni yovvoyi mushuklar talagan ko`rinadi. Atrofida parvona bo`lib, nima qilarimni bilmay turgandim, u ohista o`rnidan turib, sudralgancha chordoqqa chiqib ketdi. Birozdan so`ng og`zida bolasini tishlagancha qaytib tushdi-da, uni yonimizga qo`yib, yana yotib oldi.
— Gerdaoy, xavotir olma, bolangga o`zimiz qaraymiz, — dedilar buvim xuddi odam bilan vidolashayotgandek mushugimning boshini silab.
— Buvi, juda ajoyibsiz-da, mushuk odammidiki, gapingizni tushunsa, — deya so`z qotdi bu holni kuzatib turgan akam.
Buvim esa akamning gaplariga parvo qilmay, yana haligi gaplarini takrorladilar. Shu tobda xirillab, bazo`r nafas olayotgan mushugim ohista ko`zlarini yumdi. Ko`zidan sizib chiqqan yoshi burni aralash yuzidan oqib tushdi...


Feruza JALILOVA


Orqaga qaytish