Rivoyatlar

4499 marta o'qildi
NOVVOTGA AYLANGAN "JAVOHIR"

Kunlardan bir kun ilmi tolib ustozi piri komildan so`radi:
— Hazrat, so`zlab bersangiz, insondagi tuban qusurlardan biri — lafzsizlik nimalarda namoyon bo`ladi?
Donishmand javob qildi:
— Quloq sol, bo`tam! Lafz — so`zida qat'iylik, bergan va'dasining ustidan chiqish kabi xislatlar yigitning bebaho fazilatlaridir.

NOVVOTGA AYLANGAN
"JAVOHIR"

Rivoyat
Kunlardan bir kun ilmi tolib ustozi piri komildan so`radi:
— Hazrat, so`zlab bersangiz, insondagi tuban qusurlardan biri — lafzsizlik nimalarda namoyon bo`ladi?
Donishmand javob qildi:
— Quloq sol, bo`tam! Lafz — so`zida qat'iylik, bergan va'dasining ustidan chiqish kabi xislatlar yigitning bebaho fazilatlaridir. Va'daning esa, katta-kichigi bo`lmaydi! Ota-bobolarimiz bejiz: “Insonning yagona pok joyi — lafzi” deb aytmaganlar. O`sha poklikni yo`qotgan odam nimaga aylanib qolishini bir tasavvur qilib ko`ring! Insonni lafzsiz, beburd qilib qo`yadigan sabablar esa, avvalo, imonining sustligi, nafsining g`olibligi, qolaversa, oriyatining yo`qligidir! Inson behisob moddiy boylikka ega bo`lsa-yu, so`zida qat'iy turmasa, yuqori pog`onalarni egallasa-yu, bergan va'dasini unutsa, kattadir, kichikdir amaldor bo`lsa-yu, qat'iylik yetishmasa, ular o`zlariga har qancha baho berishmasin, el bunday kimsalarga nisbatan bepisand bo`ladilar.
Yaxshisi, senga lafzida mustahkamlik va beburdlik haqida bir hikoyatni so`zlab beray...
Andijonda temuriyzoda Umarshayx Mirzo hukmdorlik qilgan davrda tillo buyumlar ustasi, o`z hunari ila butun Sharqqa nomi ketgan Muhammad Abdulmuso ismli bir so`zli, halol-pok va o`ta diyonatli ustazoda bo`lgan ekan. Podshoh saroyining jami ahli ayollari suyib taqadigan, eng noyob tillo taqinchoqlar shu zargar tomonidan tayyorlanar ekan.
Kunlardan bir kun tig`iz shom payti uning huzuriga bir musofir odam kelib, o`zini qobullik savdogar Sayyid ibn Abbos, deb tanishtiribdi. Shom namoziga shoshilib turgan bo`lsa ham musofirni mustar qilgisi kelmay, uni tinglabdi. Suhbat chog`ida, savdogar tijorat ishlari yurishmay, mollari kasod bo`lib qolganligini, shu sabab, otalaridan yagona meros, ilinji, o`n misqolli javohirni sotishga jazm qilganligini alam bilan aytib beribdi. Gapining orasida “Odamlar bunday qimmatbaho toshni faqat shu kishi baholay oladi”, deb sizni aytishdi, debdi.
Zargar sukut bilan savdogarning hamma so`zlarini tinglab, so`ngra:
— Qani o`sha javohir? Yoningizda bo`lsa ko`rsating-chi?! — debdi.
Savdogar shoshib, qo`ynidan barqut xaltacha chiqarib, undan avaylab javohirni olib beribdi.
Ustoz yaraqlab turgan javohirni qo`liga olib, aylantirib ko`rarkan:
— Aziz mehmon! oshingizning misqoli to`g`ri bo`lsa, bu “mol”ni o`n ming tilloga olsa ham bo`ladi, sotsa ham bo`ladi, deyishi bilanoq, savdogar shoshib: “Sotdim, sizga”, deb yuboribdi. Usta ham bir so`z bilan “Oldim”, deb qo`yibdi. Shundan so`ng, Muhammad Abdulmuso xizmatkoriga ichkaridan kelishilgan miqdordagi tillolarni olib chiqib savdogarga berishni buyuribdi. Xizmatkor lagandagi oltinlarni unga sanab o`tkazayotganda, zargarga taqsimchadagi javohir shu'lasi, bilinar-bilinmas o`zgarganday tuyulibdi. Uni yana qo`liga olib, sochiq bilan yaxshilab artib, og`ziga solibdi. Xizmatkor tillolarni savdogarga sanab, o`tkazib bo`libdi hamki, javohir zargarning og`zida eriy boshlabdi!.. Yo, tavba! Bu qandayin hiylagarlikki, javohir degani o`ta ustomonlik bilan ishlov berilgan bir bo`lak novvot ekan, xolos! Usta og`zidagi javohirni sira ham sezdirmasdan sochiqqa o`rab olib, taqsimchaga qo`yibdi-da, ko`zlari javdirab, vahimaga tushib qolgan “savdogar”ga ochiq chehra bilan qo`l uzatarkan:
— Qoyil! Umrimda birinchi marta ko`rishim, bundayin ustalik bilan yasalgan “duru javohir”ni. Xuddi o`zi!!! — deb miyig`ida kulib qo`yibdi.
Ketish uchun izn so`rab, rangi bo`zday oqarib ketgan “savdogar”ga qarab: — Molingiz uchun rahmat, birodar! Mabodo shahrimizda yaqin tanishlaringiz bo`lmasa, hujralar serob, birida bemalol tunab qolib, ertalab yorug`da yo`lga chiqishingizni maslahat bergan bo`lardim, deb xayrlashibdi.
“Savdogar” bu takliflarga ko`nmay, jo`nab ketish uchun shoshib ko`chaga chiqib qarasa, qorong`i tushib qolgan ekan. Shuncha boylik bilan tunda yurishni xavfli bilib, taklifni qabul qilishga majbur bo`libdi. Xizmatkor mehmonga iltifotlar ko`rsatib, lazzatli taom va shirin mevalar bilan siylab, eng shinam hujralarning biriga joy hozirlab beribdi. “Xotirjam, yaxshi dam oling”, deb tilak bildirib, lozim topsa, eshikning zanjirini ichkaridan ilib qo`yishni ham eslatib qo`yibdi. Xizmatkor tunda hujrada chiroq o`chmaganidan hijolat bo`lib, pinhona ikki marotaba xabar ham olibdi. Xullas, tong otib xizmatkor mehmondan xabar olgani kirsa, toqati toq bo`lib o`tirgan “savdogar”:
— aqsir, endi bor sirimni sizga yetkazib qo`ymasam, “tars” yorilib, o`lib qolaman. Eshiting: avvalo men qobullik savdogar Sayyid ibn Abbos emasman. Meni taniganlar Kano deb chaqirishadi. Gulday hunarimni tashlab, ko`p yillardan beri ming hadik va sarosimada firibgarlik bilan shug`ullanib kelaman. Shu yillar ichida juda ko`p odamlarni “chuv” tushirdim. Hammalari orqamdan “dod-faryod” solishib, meni o`ldirish payiga tushardilar...
Biroq sizning xo`jayiningizga o`xshagan bir so`zli, mard, lafzi halol kishiga birinchi marta ro`baro` kelishim. uni bilan mijja qoqmay tong orttirdim va shunday qarorga keldim: bugundan boshlab firibgarlikni tashlayman, halollik va rostgo`ylikda, xotirjamlikda yana o`z hunarim bilan tirikchilik o`tkazishga qasam ichdim, degancha qo`lidagi oltinlar solingan xaltachani xizmatkorga tutqazib, xonadonni tark etibdi. Uning gaplariga yaxshi tushunmagan xizmatkor, omonatni o`shandayicha xo`jayiniga topshirarkan, musofir “savdogar”ning hamma gaplarini birma-bir so`zlab beribdi. Usta bir nuqtaga tikilgancha buni eshitarkan, miyig`ida kulib, halollik naqadar ulug` lazzat ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilibdi.

Durbek QO`LDOSHEV


Orqaga qaytish